Logo

O‘zbekistonda kafolat asosidagi biznes kreditlari ulushi 12 foizga yetkaziladi

Bugun 12:052 daqiqa

2030-yilga qadar mikro, kichik va o‘rta korxonalarning yirikroq biznes toifasiga o‘tish sur’atlarini ikki barobar oshirish, ushbu sektorning aholi bandligidagi ulushini 80 foizga, o‘rta sinf ulushini 90 foizga yetkazish, norasmiy bandlikni yanada qisqartirish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda kafolat asosidagi biznes kreditlari ulushi 12 foizga yetkaziladi © president.uz

O‘zbekistonda tadbirkorlik kreditlarida kafolat va kafillik asosida berilgan mablag‘lar ulushi 1 foizdan 12 foizga oshiriladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev tanishgan tadbirkorlikni rivojlantirish va aholi bandligini ta’minlash sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha takliflar taqdimotida ma’lum qilindi.

Taklif etilayotgan choralar natijasida 2030-yilga qadar mikro, kichik va o‘rta korxonalarning yirikroq biznes toifasiga o‘tish sur’atlarini ikki barobar oshirish, ushbu sektorning aholi bandligidagi ulushini 80 foizga, o‘rta sinf ulushini 90 foizga yetkazish, norasmiy bandlikni yanada qisqartirish maqsad qilingan.

Shuningdek, xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va bozordan jalb qilinadigan qarzlar ulushini 17 foizdan 35 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Hududlarda umumiy qiymati 81 trln so‘mlik 1 000 ta loyihani amalga oshirib, 320 mingta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, mahallalarning ixtisoslashuvi asosida kooperatsiyani rivojlantirish, tomorqa va ijara yerlarida yuqori daromadli mahsulotlar yetishtirish ham maqsad qilingan.

Yangi qo‘llab-quvvatlash tizimi va mehnat sohasidagi o‘zgarishlar

Taqdimotda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning respublikadan mahallagacha bo‘lgan vertikal tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Hududlarda biznes inkubatorlari va loyiha ofislari, tumanlarda mikro, kichik va o‘rta biznesga ko‘maklashish markazlari ochish hamda tadbirkorlarga «bir darcha» tamoyili asosida xizmat ko‘rsatish taklif etildi.

Hokim yordamchilari faoliyatini baholashda miqdor ko‘rsatkichlaridan sifat ko‘rsatkichlariga o‘tiladi. Bunda tashkil etilgan korxonalarning barqaror ishlashi, yaratilgan ish o‘rinlarining doimiyligi va tadbirkorlar tovar aylanmasining o‘sishi asosiy mezon bo‘ladi.

Shu bilan birga, bandlik xizmatlarini to‘liq raqamlashtirish, kasbiy malakani baholash va xalqaro sertifikatlash tizimini rivojlantirish hamda rasmiy ish o‘rinlarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilarga mehnat qonunchiligini takomillashtirish, mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishni soddalashtirish va davlat mehnat nazoratini yaxshilash bo‘yicha takliflar kiritish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi banklarning kredit portfeli bir yilda 13 foizga o‘sib, 659 trln so‘mga yetgani haqida ma’lumot berilgandi. Kreditlarning eng katta qismi jismoniy shaxslarga ajratilgan.

Teglar

Mavzuga oid