Yuk vagonlarini import qilish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi. Temiryo‘l liniyasidan foydalanish to‘loviga 20 foizgacha chegirma beriladi. Xalqaro yuk tashish uchun mahalliy vagonlarni taqdim etishda qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi qo‘llaniladi.
Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temiryo‘li ishga tushishi bilan yuk tashish hajmi 10 karra oshib, yiliga 15–16 million tonnaga yetishi kutilmoqda. Bu haqda prezident Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining ilmiy-amaliyot markazida transport-logistika sohasidagi investor va tadbirkorlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi.
Davlat rahbari milliy temiryo‘l infratuzilmasini shunga mos ravishda rivojlantirish zarurligini ta’kidladi. Prezident matbuot kotibining yozishicha, bugungi kunda temiryo‘llarning 25 foizi to‘liq quvvatda, 15 foizi esa ortiqcha yuklama bilan ishlamoqda. 2030-yilgacha 545 kilometr yangi temiryo‘l liniyalarini qurish, elektrlashtirilgan yo‘llar ulushini 65 foizga, elektropoyezdlar parkini 31 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Kelgusi yilda Angren – Pop temiryo‘l liniyasi modernizatsiya qilinadi, ushbu yo‘nalishda ikkinchi liniya qurish masalasi ham ko‘rib chiqiladi. Aprel oyidan To‘qimachi – Angren yo‘nalishida ikkinchi temiryo‘l qurilishi boshlanadi.
Shuningdek, Toshg‘uzor – Qumqo‘rg‘on uchastkalarining modernizatsiyasi yakunlanadi, Andijon – Xonobod va Qumqo‘rg‘on – Quduqli yo‘nalishlari to‘liq elektrlashtiriladi, Toshkent – Samarqand yo‘nalishida alohida yuqori tezlikdagi liniya qurishga kirishiladi. Prezident xalqaro moliya tashkilotlari va investorlarni umumiy qiymati 8 milliard dollarlik mazkur loyihalarda hamkorlik qilishga chaqirdi.
Yuk vagonlariga bo‘lgan talab yildan yilga oshib borayotgani, shu bois, vagonlar parkini har yili 5–6 mingtaga ko‘paytirish zarurligi aytildi. Buning uchun tadbirkorlarga qator yengilliklar yaratiladi.
Xususan, yuk vagonlarini import qilish qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladi. Temiryo‘l liniyasidan foydalanish to‘loviga 20 foizgacha chegirma beriladi. Xalqaro yuk tashish uchun mahalliy vagonlarni taqdim etishda qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasi qo‘llaniladi.
Prezident Jahon banki bilan birgalikda temiryo‘l sohasida yangi tarif siyosati ishlab chiqilganini ma’lum qildi. Mutasaddilarga 2027-yildan ushbu siyosatni bosqichma-bosqich tatbiq etishni boshlash topshirildi. Kelgusi yildan har bir yo‘nalish bo‘yicha temiryo‘l liniyasidan foydalanish, lokomotiv va vagon uchun to‘lovlar alohida ko‘rsatiladigan tizimni joriy etish vazifasi qo‘yildi.
«Bizga bugun arzon qurilib, ertaga yana budjetdan pul talab qiladigan yo‘l emas, uzoq yil xizmat qiladigan sifatli yo‘l kerak», — dedi davlat rahbari.
Polimer bitumdan to‘g‘ri texnologiya asosida foydalanish yo‘lning xizmat muddatini 3–4 yilga uzaytirish, yuqori haroratga chidamliligini oshirish va takroriy ta’mirlash xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.
Kelgusi yilning mart oyidan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodida 50 ming tonna polimer bitum ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Yil yakuniga qadar ishlab chiqarish quvvatini kamida 100 ming tonnaga yetkazish topshirildi
Urganch – Xiva pulli yo‘lining asfalt-beton qoplamasida ilk bor geotekstil materiali qo‘llanildi. Aytilishicha, ushbu texnologiya yuklamani teng taqsimlash, qoplamani deformatsiyadan saqlash va yo‘lning xizmat muddatini 4–5 yilga uzaytirishga xizmat qiladi. Mutasaddilarga polimer bitum va geotekstil texnologiyalaridan foydalanishni yo‘l qurilishi standartlariga kiritish vazifasi qo‘yildi.
Kelgusi yildan xalqaro ahamiyatdagi yo‘llarni qurish va rekonstruksiya qilishda mazkur talab majburiy bo‘ladi, keyinchalik davlat va mahalliy ahamiyatdagi yo‘llarga ham tatbiq etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xitoydan Qirg‘iziston orqali O‘zbekistonga yuk tashish hajmi besh yilda 53 barobar oshgandi. Xitoy va Markaziy Osiyo o‘rtasida avtomobil transporti orqali yuk tashish temiryo‘l transportiga nisbatan tezroq o‘smoqda.