add

Muzqaymoq importi oshmoqda: muammo importdamas, energetikadami?

O‘zbekistonda 30 foizlik bojlarga qaramasdan muzqaymoq importi oshdi. Iqtisodchi bunga sabab sifatida energetikadagi qimmat va nobarqaror sharoitlarni ko‘rsatmoqda.

Muzqaymoq importi oshmoqda: muammo importdamas, energetikadami?

Savdo-sanoat palatasi tomonidan o‘tkazilayotgan «Elchilar va importyor tadbirkorlar o‘rtasida ochiq muloqot» doirasidagi uchrashuvda import masalalari muhokama qilindi. Xususan, muzqaymoq importi misolida bojxona to‘siqlariga qaramasdan import hajmi oshib borayotgani qayd etildi.

Ta’kidlanishicha, muzqaymoqqa 30 foizlik bojxona boji joriy etilgan bo‘lib, har bir kilogramm uchun boj miqdori kamida 0,5 AQSH dollarini tashkil etadi. Shunga qaramasdan, import hajmlarining o‘sishi davom etmoqda.

Bojxona qo‘mitasi rahbari ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda O‘zbekistonga 15 mln AQSH dollari qiymatida muzqaymoq import qilingan. Asosiy yetkazib beruvchilar Rossiya, Qozog‘iston va Xitoy bo‘lgan. Shu bilan birga, 1,5 mln AQSH dollari qiymatida muzqaymoq eksport qilingan bo‘lib, uning asosiy qismi Qozog‘istonga yo‘naltirilgan.

«Minglab kilometrdan keltirilgan xorij muzqaymog‘i O‘zbekistonda raqobat qilayaptimi, demak muammo o‘zimizda, avvalo energetikada. Qimmat va nobarqaror energetika butun boshli sektorlarimizning raqobatbardoshligini o‘ldirdi yoki keskin pasaytirdi», — deb yozadi iqtisodchi Otabek Bakirov o‘z blogiga.

Shu bilan birga, iqtisodchi Mirkomil Xolboyev so‘nggi yillarda muzqaymoq importi sezilarli oshganini, biroq ichki ishlab chiqarish ham yuqori sur’atlarda o‘sib borayotganini qayd etadi.

xolboyev

Uning tahliliga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekiston 2,5 ming tonna muzqaymoq import qilgan. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 41 foizga, 2021 yilga nisbatan esa 2,7 barobarga oshgan.

Shu bilan birga, Statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda mamlakatda 25,1 ming tonna muzqaymoq ishlab chiqarilgan. Ishlab chiqarish 2023 yilga nisbatan 54,9 foizga, 2021 yilga nisbatan esa 2,3 barobarga o‘sgan.

Natijada, import hajmlarining oshishi ichki ishlab chiqarish qisqarishiga olib kelmagan. Aksincha, 2024 yilda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning bozordagi ulushi 0,6 foiz punktga oshib, 91,6 foizga yetgan.

Mirkomil Xolboyevning qayd etishicha, ishlab chiqaruvchilar bozor ulushini importga keskin boy berayotgan sharoitda importdan norozilikni tushunish mumkin bo‘lar edi. Biroq import ulushi past bo‘lib qolayotgan, ishlab chiqarish esa faol o‘sib borayotgan hamda yuqori bojxona to‘siqlari saqlanib turgan vaziyatda importga nisbatan keskin norozilikning yuzaga kelishini izohlash qiyin.

Teglar

Mavzuga oid