
Niderlandiyada rasmiy ish haftasi 32 soatgacha qisqartirildi
Niderlandiyada ish haftasi qisqarishining asosiy omillari sifatida mehnat bozoridagi ayollarning oilaviy hayotga ko‘proq vaqt ajratishiga bo‘lgan ehtiyoj ko‘rsatiladi.
Niderlandiyada to‘rt kunlik ish haftasi tobora odatiy holatga aylanib, mamlakat mehnat bozoridagi muhim tamoyilga aylanmoqda. Bu haqda Financial Times nashri xabar berdi.
Niderlandiya Yevropada eng qisqa ish vaqtiga ega mamlakat sifatida ajralib turibdi. Eurostat ma’lumotlariga ko‘ra, 20–64 yoshdagilarning ish haftasi o‘rtacha 32,1 soatni tashkil etadi. Bu holat asosan xotin-qizlarning 1980–2000 yillarda mehnat bozoriga yarim stavkali ishlarda kirib kelishidan boshlangan. Keyinchalik erkaklar ham, ayniqsa farzandli bo‘lganlaridan so‘ng, qisqa ish haftasiga o‘tishni ma’qul ko‘ra boshladi.
ING banki iqtisodchisi Bert Koliynning ta’kidlashicha, Niderlandiyada to‘liq vaqt ishlovchi xodimlar soni kamayib, ko‘pchilik to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tgan. Bu holat mamlakat iqtisodiyotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmagan. Chunki yuqori ish unumdorligi va mehnat bozorida faol ishtirok tufayli Niderlandiyada yalpi ichki mahsulot aholi jon boshiga ko‘ra Yevropa Ittifoqidagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga erishilgan.
Bundan tashqari, mamlakatda ish bilan bandlik darajasi ham yuqori — 2024 yil oxirida ishga layoqatli aholining 82 foizi mehnat bozorida qatnashgan. Solishtirish uchun, bu ko‘rsatkich Britaniyada 75, AQSHda 72, Fransiyada esa 69 foizni tashkil etgan.
Shu bilan birga, qisqa ish haftasi gender tengligi muammosini to‘liq hal etmagan. Ayollar orasida yarim stavkali ishlash ko‘pchilikni tashkil etmoqda va rahbarlik lavozimlarida ularning ulushi pastligicha qolmoqda. 2019 yildagi OECD hisobotiga ko‘ra, menejerlarning faqat 27 foizi ayollar bo‘lgan.
Ba’zi sohalarda, jumladan ta’lim tizimida kadrlar yetishmovchiligi kuzatilmoqda. Bu esa ota-onalarning ish vaqtida uzoqroq qolishiga to‘sqinlik qiladi. Biroq muammo to‘liq vaqt ishlashning ham oson emasligini ko‘rsatmoqda: bu holatda ko‘proq bolalar bog‘chasi va qariyalar parvarishi xizmatlariga ehtiyoj ortishi tayin.
Iqtisodchi Koliynning fikricha, Niderlandiya nazariy jihatdan ko‘proq ishlab chiqarish imkoniyatini qo‘ldan bermoqda. Biroq u jamiyatning farovonligi uchun ish haftasini sun’iy uzaytirishga qarshi ekanini ham ta’kidlaydi.
Niderlandiya tajribasi to‘rt kunlik ish haftasi na mukammal yechim, na iqtisodiy halokat ekanini ko‘rsatmoqda. Asosiy xulosa — ish vaqti va mehnat taqsimotini turli usullarda tashkil etish mumkin, muhim jihat esa qaysi ustuvorliklar tanlanishiga bog‘liq.





