
Oltin va bitkoin: dunyo an’anaviy pullardan voz kechmoqdami?
20.10.2025 | 14:15192214
Jahon markaziy banklari va investorlari tobora ko‘proq oltinga sarmoya kiritmoqda. Raqamli moliyaviy aktivlarning ommabopligi oshib bormoqda. Odatiy qog‘oz banknotlarga bo‘lgan ishonch esa pasaymoqda. An’anaviy pullar biz bilan qancha vaqt qoladi?

Marjonlardan banknotlargacha
Insoniyat o‘z tarixi davomida turli xil pullardan foydalanib kelgan. Ular marjonlar, chorva mollari, qimmatbaho toshlar va metallar, tangalar bilan hisob-kitob qilishgan. Vaqt o‘tishi bilan qog‘oz banknotlarga o‘tildi. Ular bilan savdo-sotiq qilish va mablag‘larni saqlash osonlashdi. Bunda ularning qiymati jismoniy oltin bilan ta’minlanar edi. Masalan, Amerika dollarini belgilangan kurs bo‘yicha oltin quymaga almashtirish mumkin edi. Keyinchalik AQSH bu bog‘liqlikdan ham voz kechdi. 1971 yilda Qo‘shma Shtatlar oltin standartidan voz kechdi. Bir yil o‘tgach, Buyuk Britaniya ham funt sterlingni «erkin suzuvchi kurs» tizimiga o‘tkazdi, ya’ni uning qiymati davlat tomonidan emas, balki bozordagi talab va taklif asosida belgilana boshladi. Bu — funtning narxi endi oltin yoki dollarga bog‘liq bo‘lmasdan, valyuta bozorida erkin o‘zgarib turadi, degani edi.
O‘shandan beri pulning qiymati qimmatbaho metall zaxiralari bilan belgilanmaydi. Ularning mavqei u yoki bu mamlakat hukumati va iqtisodiyotiga bo‘lgan ishonchga bog‘liq bo‘lib qoldi. Davlat pul chiqaradi, uning muomalasini nazorat qiladi. Bundan tashqari, odamlar har kuni foydalanadigan qonuniy to‘lov vositasini e’lon qiladi.
Fiat pullar nega hukmron?
Fiat pullar (yoki fiat valyutalar) — bu hozirgi kunda dunyodagi deyarli barcha davlatlar foydalanayotgan qog‘oz yoki raqamli pullar bo‘lib, ularning qiymati oltin yoki boshqa moddiy qimmatlik bilan ta’minlanmagan, balki faqat davlat ishonchi va qonun bilan belgilangan. Fiat pullarning jahon iqtisodiyotida barqaror hukmronlik qilishi bejiz emas. Ularning afzalliklari ko‘p. Birinchidan, bu tartibga solish va huquqiy himoya. Davlat moliyaviy qoidalar va qonunlarga rioya etilishini kafolatlaydi. Bu esa biznes uchun to‘lovlarni amalga oshirishni osonlashtiradi. Regulyatorlar hamda hamkorlarda to‘lovlarga nisbatan ishonchsizlik yuzaga kelmaydi.
Ikkinchidan, fiat pullar deyarli hamma joyda qabul qilinadi. Gap, avvalo, dollar va yevro kabi asosiy valyutalar haqida ketmoqda. Shu tufayli xalqaro hisob-kitoblarni amalga oshirish, tovarlarni sotib olish osonroq bo‘ladi.
Uchinchi afzalligi — narxlarning nisbiy barqarorligi. Fiat pullar kurs qiymatining keskin o‘zgarishiga kamroq moyil. Yuqori o‘zgaruvchanlikka ega aktivlar buni ta’minlay olmaydi. Natijada kompaniyalar byudjetni rejalashtirish va moliyaviy ko‘rsatkichlarni bashorat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Albatta, kamchiliklar ham mavjud.
«Inflyatsiya xavflari, siyosiy qarorlarga qaramlik, sanksiyalar bosimi ehtimoli va yetakchi iqtisodiyotlarning o‘sib borayotgan davlat qarzi tizimli noaniqlikni yuzaga keltirmoqda», - deydi xususiy investor, « Shkolы Prakticheskogo Investirovani» asoschisi Fyodor Sidorov TRT’ga.
Oltinga qaytish
Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, noaniqlik sharoitida investorlar qimmatbaho metallarga ko‘proq e’tibor qaratishadi. Ayniqsa, oltin va kumushga. So‘nggi yillarda bu himoya aktivlariga sarmoya kiritish uchun sabablar ko‘payib bormoqda. Har kuni dunyoning turli burchaklarida mojarolar kuchayib, mamlakatlar o‘rtasida savdo urushlari avj olib, sanksiyalar joriy etilmoqda.
Bunday vaziyatda nodir metallarga qiziqishning ortib borayotgani tabiiy hol. Masalan, butun dunyo bo‘ylab markaziy banklar ketma-ket to‘rtinchi yil davomida oltinni faol ravishda xarid qilmoqda. Goldman Sachs baholashiga ko‘ra, regulyatorlar har oyda taxminan 8,5 milliard dollar qiymatida oltin sotib olmoqda.
O‘sib borayotgan talab o‘z navbatida oltin narxlarini oshiryapti. Fyucherslar tarixiy yuqori ko‘rsatkichlarni tez sur’atda yangilamoqda. Jumladan, 16 oktyabr kuni oltinning bir troya unsiyasi narxi 4255 dollargacha ko‘tarildi. Kumush ham bundan mustasno emas. Uning birjadagi narxi 53 dollarga yaqinlashdi.
«Zamonaviy jahon moliya tizimi pul massasining doimiy ravishda kengayishini talab qiladi. Sodda qilib aytganda, pul bosib chiqarishni», - deydi WhiteBird birja savdosi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Yan Pinchuk.
Masalan, rivojlangan mamlakatlarda so‘nggi 25 yil davomida M2 pul massasining o‘rtacha o‘sish sur’ati yiliga 6-8 foizni tashkil etadi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich yanada yuqori. Buning ustiga, bir necha barobar yuqori. Juda ko‘p miqdordagi fiat pullarni muomalaga chiqarish muqarrar ravishda ularning qadrsizlanishiga olib keladi. Natijada tarozining bir pallasida bosma dastgoh bilan ko‘paytirish mumkin bo‘lmagan qimmatbaho metallar turadi. Boshqa pallasida esa - cheksiz miqdorda chiqarish mumkin bo‘lgan fiat valyutalar joylashgan.
«Agar oltinning fiat narxini, masalan, dollarda taqqoslasak, 2000 yillarda bir unsiya taxminan 300 dollar turgan bo‘lsa, hozir bu narx 4000 dollardan oshib ketdi. Shu bilan birga, AQSHda M2 pul massasi 2000 yildagi 4,5 trillion dollardan 22 trillion dollargacha ko‘paydi», - deya so‘zida davom etadi Yan Pinchuk.
An’anaviy pullar o‘rniga
Oltindan tashqari, raqamli moliyaviy aktivlarning obro‘si oshib bormoqda. Ayniqsa, bitkoinniki. Deutsche Bank tahlilchilarining baholashicha, u yangi «moliyaviy xavfsizlikning poydevori»ga aylanishi mumkin. Bundan tashqari, jahon markaziy banklari 2030 yilgacha bitkoin va oltinni asosiy zaxira sifatida ishlatishi kutilmoqda.
Makroiqtisodiyot va geosiyosatdagi noaniqliklar davom etayotgani sababli investorlar inflyatsiyaning tezlashishidan himoyalanishga majbur bo‘lmoqda. Ular odatiy fiat pullari tobora kamroq ahamiyatga ega bo‘ladigan kelajakka shunday tayyorgarlik ko‘rishmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, dollarsizlashtirish ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Deutsche Bank ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 25 yil ichida AQSH valyutasining jahon zaxiralaridagi ulushi 60 foizdan 41 foizgacha pasaygan. Natijada oltin va bitkoin uchun spot birja fondlariga rekord darajadagi mablag‘lar kirib keldi. 2025 yil iyun oyida ushbu aktivlarga sof kapital oqimining umumiy hajmi mos ravishda 5 milliard dollar va 4,7 milliard dollarni tashkil etdi.
Oltindan tashqari, raqamli aktivlar tobora ommalashib bormoqda. Biroq dollardan butunlay voz kechish haqida gapirishga hali erta. Boshqa fiat valyutalar kabi. Kriptovalyutalarni to‘plash masalasida turli mamlakatlar hukumatlarining fikrlari turlicha. Masalan, Shveysariya, Avstraliya va Yaponiya hukumatlari ularga sarmoya kiritishga tayyor emas. Lyuksemburg esa, aksincha, bitkoinga mablag‘ yo‘naltirdi. Umuman olganda, hukumatlar bilan bog‘liq mashhur kriptohamyonlarning balanslarida 62,8 milliard dollarlik 515 ming bitkoin mavjud.
«Eng ehtimoliy ssenariy — bu pulning turli shakllari yonma-yon mavjud bo‘lishi», — deb hisoblaydi Fyodor Sidorov.Mutaxassisning ta’kidlashicha, 130 dan ortiq mamlakatlar markaziy banklarining raqamli valyutalari ustida ishlamoqda. Masalan, Rossiyada raqamli rublni kelasi yilning sentyabr oyida joriy etish rejalashtirilgan. «Ammo yaqin kelajakda fiat valyutalarni butunlay siqib chiqaradigan narsa bo‘lmasa kerak», — deya qo‘shimcha qiladi tahlilchi. Ehtimol, ular oltinning xalqaro zaxiralardagi sug‘urta aktivi sifatidagi roli asta-sekin kuchayishi fonida raqamli shaklga aylanadi. Jahon moliya tizimi ko‘p qutbli bo‘lib bormoqda. Mutaxassislar bu o‘zgaruvchan vaziyatga bir lahzalik munosabat emas, balki uzoq muddatli tendensiya ekaniga ishonmoqda.





