add

O‘qituvchilarga va’da qilingan imtiyozlar: qaror nega hali ham yo‘q?

Bugun 10:154 daqiqa

2026 yil 1-yanvardan kuchga kirishi kerak bo‘lgan o‘qituvchilar uchun imtiyozlar hanuz amalda emas. Vaqt.uz’ga ma’lum qilinishicha, qaror tayyorlanayotgani aytilmoqda, ammo aniq muddat ochiqlanmagan.

O‘qituvchilarga va’da qilingan imtiyozlar: qaror nega hali ham yo‘q?

2026 yil 1-yanvardan o‘qituvchilar uchun bir qator imtiyozlar kuchga kirishi kerak edi. Bu haqda Davlat rahbari 2025 yil 15-sentabr kuni O‘qituvchilar kuni arafasida ma’lum qilgan.

Shuningdek, Prezidentning rasmiy tabrigida ham pedagoglar uchun mo‘ljallangan imtiyozlar ro‘yxati alohida qayd etilgan edi. Biroq oradan to‘rt oydan ziyod vaqt o‘tganiga qaramay, hozirgacha ushbu imtiyozlarni belgilab beruvchi normativ-huquqiy hujjat rasman e’lon qilinmadi.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Vaqt.uz Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining matbuot kotibi bilan bog‘landi. Uning ma’lum qilishicha, qarorni tayyorlash jarayonlari hali davom etmoqda. Hujjat qachon tayyor bo‘lishi bo‘yicha aniq muddat hozircha belgilanmagan, ammo qaror tayyor bo‘lishi bilan rasman e’lon qilinishi aytildi.

Qanday imtiyozlar berilishi va’da qilingan edi?

O‘qituvchilar uchun quyidagi imtiyozlar e’lon qilingan edi:

        kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan oliy toifali pedagoglarga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi qoplab berilishi;

       davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining kontrakt summasiga 30 foiz chegirma berilishi;

       o‘qituvchilarning yangi ta’lim texnologiyalarini keng qo‘llashi uchun komputer xaridiga 10 million so‘mgacha imtiyozli kredit ajratilishi;

       pedagoglar uchun davlat xizmatlari to‘lovi ikki karra kamaytirilishi;

       fan o‘qituvchilari kabi boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilari uchun ham milliy sertifikat berish tizimi joriy etilishi va sertifikat olganlarga har oyda 15 foiz ustama to‘lanishi;

       bakalavr bosqichini imtiyozli diplom bilan tamomlab, maktabga ishga kirganlarga avtomatik ravishda 2-malaka toifasi, magistrlarga esa 1-malaka toifasi berilishi;

       dunyodagi TOP-300 talik oliygohlarga o‘qishga kirgan pedagoglarga 20 ming dollargacha imtiyozli ta’lim krediti ajratilishi;

       reytingda 100 talikka kirgan maktab va bog‘chalar, 20 talikdagi texnikumlar hamda TOP-10 ta oliygoh pedagoglariga yiliga bir marta O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun samolyot va poyezd chiptalari narxiga 15–20 foiz chegirma berilishi.

«Avval iqtisod…» dasturida iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu holatni tanqid qilib, agar bunday imtiyozlar boshqa sohalar uchun e’lon qilinganida, tegishli qarorlar allaqachon qabul qilingan bo‘lar edi, deya ta’kidladi.

Xususan, tibbiyot muassasalari xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish, ularning moddiy manfaatdorligini oshirish maqsadida bir martalik mukofotlar, farzandlar uchun yillik kontrakt summasining bir qismini qoplab berish, ipoteka uchun badallar kabi qator imtiyozlar e’lon qilingan va ertasi kuniyoq bu haqda Lex.uz saytida qaror joylangan edi.

Bakirovning ta’kidlashicha, o‘qituvchilar uchun va’da qilingan imtiyozlarning kuchga kirishi davlat budjeti uchun ham sezilarli qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi. Bu esa amaldagi budjetga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini anglatadi. Ayni paytda esa 2024 yil budjeti allaqachon qabul qilingan va yangi yil boshlanganiga ham bir oydan oshgan. Shu bois tabiiy savol tug‘iladi: agar ushbu imtiyozlar joriy etiladigan bo‘lsa, ular aniq qachondan kuchga kiradi?

Iqtisodchi davlat xizmatlari narxi O‘zbekistonda juda qimmat ekanini misol bilan tushuntirib, o‘qituvchi arzon avtomobil sotib olgan taqdirda ham uni rasmiylashtirish uchun 4 million 800 ming so‘mgacha to‘lov qilishga majbur bo‘layotganini qayd etdi. Agar e’lon qilingan imtiyozlar amal qilganida, bu xarajat qariyb ikki barobarga kamaygan bo‘lar edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilar bu imtiyozlarni talab qilishga to‘la haqli. Chunki gap marhamat yoki ehson haqida emas, balki yillar davomida qilingan mehnat uchun qaytarilishi kerak bo‘lgan haq haqida bormoqda.

«O‘qituvchilarga va’da qilingan imtiyozlar marhamat emas — bu yillar davomida qilingan mehnat uchun qaytarilishi kerak bo‘lgan haqdir. Agar bunday imtiyozlar boshqa soha vakillari uchun e’lon qilinganida, tegishli qarorlar allaqachon qabul qilingan bo‘lar edi», — dedi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Ideal holatda esa, agar o‘qituvchining mehnati, obro‘si va qadri to‘g‘ri baholanganida, umuman imtiyoz masalasi kun tartibiga chiqmas edi. Ilgariroq aytilganidek, agar o‘qituvchiga oyiga ming dollar maosh to‘lansa, u imtiyozga muhtoj bo‘lmas edi va o‘z ehtiyojlarini mustaqil hal qila olar edi. Ammo mamlakat hali bu darajaga yetmagan ekan, demak, o‘qituvchilarga imtiyoz berish majburiy ehtiyoj bo‘lib qolmoqda.

Bakirov ta’kidlaganidek, hozirda o‘qituvchilarga yetarli darajada moddiy rag‘bat berib bo‘lmayapti. Shuning uchun bu kamchilik imtiyozlar orqali bo‘lsa-da qoplanishi kerak. Davlat o‘qituvchiga hech narsa sovg‘a qilayotgani yo‘q, balki yillar davomida qilingan mehnat uchun qaytarilishi lozim bo‘lgan haqning hozircha faqat bir qismini qoplayapti.

Teglar

Mavzuga oid