
O‘sh fojialari: Islom Karimov va Chingiz Aytmatovning urushni oldini olgan muloqoti tafsilotlari aytildi
1990 yil: Markaziy Osiyo «ikkinchi Qorabog‘» bo‘lish ostonasida turgan, qirg‘iz-o‘zbek chegarasida o‘n minglab qurolli odamlar to‘plangan o‘ta qaltis palla. Roza Aytmatova o‘shanda akasi Chingiz Aytmatovning nega Toshkentga — Islom Karimov huzuriga shoshilgani va Karimovdan olgan va’dasi haqida gaprib berdi.

Mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatov 1990 yili qirg‘izlar va o‘zbeklar orasida bo‘lib o‘tgan va O‘sh voqeasi sifatida tarixda qolgan milliy nizo paytida Islom Karimov bilan uchrashib, katta urushning oldini olgan. Bu haqda yozuvchining singlisi Roza Aytmatova «Kabar» agentligiga bergan intervyusida so‘zlab berdi.

Chingiz Aytmatovning singlisi Roza Aytmatova
Roza Aytmatova O‘sh voqealari paytida Moskvada bo‘lib turgan Chingiz Aytmatov to‘satdan Bishkekka emas, balki birinchi bo‘lib Toshkentga, Islom Karimov huzuriga borgani sabab ayrimlar uni «xiyonat»da ayblashayotganini aytib, voqea tafsilotini batafsil gapirib berdi.
«Nima uchun bizga kelmay, O‘sh fojiasida birinchi bo‘lib O‘zbekistonga uchib bording?» deb men o‘zidan so‘raganman. U menga: «Vaqt tig‘iz edi. O‘sha paytda Moskvada edim. Ikki xalq o‘rtasida qurolli to‘qnashuv chiqib ketmasin degan o‘y bilan Islom Karimov bilan uchrashish uchun yordamchisi orqali gaplashdim. U «Mayli, Islom Abdug‘aniyevich sizni qabul qiladi» dedi. Kechikish mumkin emasdi. To‘g‘ri Toshkentga uchib borishga to‘g‘ri keldi. Shuning uchun Qirg‘izistonga darrov kelolmadim», degandi», - dedi Aytmatova.
Yozuvchining singlisiga ko‘ra, Aytmatov o‘shanda ikki o‘zbekistonlik yozuvchi bilan birga Islom Karimov bilan ko‘rishgan.
«Karimovga nima deding keyin?» deb so‘radim. «Islom Abdug‘aniyevich meni kutib turgan ekan. Men ikki nafar o‘zbek yozuvchisini ham yonimga oldim. Biz uzoq gaplashdik. Xulosa qilib O‘zbekiston Prezidentiga shunday dedim: «Islom Abdug‘aniyevich, biz qardosh xalqmiz. Qirg‘iz, o‘zbek, qozoq — ildizimiz bir. Agar o‘rtamizda katta nizo chiqsa, bu O‘rta Osiyo uchun ofat bo‘ladi», degan. O‘shanda Karimov: «Chingiz To‘raqulovich, sizni tushundim. Mening birorta askarim qirg‘iz chegarasidan o‘tmaydi», deb va’da bergan. Aytganidek qildi ham. Shunday qilib, akam O‘rta Osiyoni katta urushdan saqlab qolgan. Agar ikki davlat o‘rtasida urush chiqqanida, bugungacha uning azobini tortgan bo‘lardik», - deya yodga oldi Roza Aytmatova.
1990 yilgi O‘sh fojialari
1990 yilning iyun oyida Qirg‘izistonning O‘sh viloyatida sodir bo‘lgan millatlararo to‘qnashuvlar Markaziy Osiyoning zamonaviy tarixidagi eng og‘ir va fojiali sahifalardan biridir. Ushbu voqealar nafaqat mahalliy nizo, balki ikki qo‘shni respublika o‘rtasidagi keng ko‘lamli urush xavfini yuzaga keltirgan.
Leonid Levitinning «O‘zbekiston tarixiy burilish pallasida» kitobida keltirilishicha, o‘sha paytda vaziyat o‘ta murakkab bo‘lgan: to‘qnashuvlar oqibatida qisqa vaqt ichida yuzlab o‘zbek va qirg‘izlar halok bo‘lgan. Qirg‘iziston janubida yashovchi 600 mingdan ziyod o‘zbeklarning hayoti xavf ostida qolgach, O‘zbekiston tomondan o‘n minglab qurollangan va qurolsiz insonlar o‘z yaqinlarini himoya qilish uchun chegaraga to‘plangan. Moskvadan yuborilgan armiya bo‘linmalariolomonni arang to‘xtatib turgan. Mintaqa «ikkinchi Qorabog‘»ga aylanishiga oz qolgan.





