«O‘yin qoidalari o‘zgarishi». Tadbirkorlar quyosh energiyasini davlatga sotish narxi keskin pasaytirilishidan xavotir bildirdi

Bugun 10:555 daqiqa

Quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlatga sotish tarifini 800 so‘mdan 250 so‘mga tushirish rejalashtirilmoqda. Otabek Bakirov davlatning 10 yillik kafolatiga ishongan ko‘plab tadbirkorlar bankrot bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

«O‘yin qoidalari o‘zgarishi». Tadbirkorlar quyosh energiyasini davlatga sotish narxi keskin pasaytirilishidan xavotir bildirdi © vaqt.uz

O‘zbekistonda quyosh panellari o‘rnatgan tadbirkorlar ortiqcha elektr energiyasini davlatga sotish tarifi 1 kWh uchun belgilangan 800 so‘mlik narx 250 so‘mga tushirilishi mumkin. Bu masala O‘zbekiston Liberal-demokratik partiya tashkil etgan mediamuloqot davomida tadbirkorlar tomonidan ko‘tarildi.

Tadbirkorlardan biri zavod hududiga 350 kW quvvatli quyosh panellari o‘rnatilganini, hozir yana shuncha quvvat qo‘shish rejalashtirayotganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, amaldagi tartib bo‘yicha ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyasi davlatga 800 so‘mdan sotilmoqda.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan hujjat loyihasiga ko‘ra, bu tarif 250 so‘mga tushirilishi mumkin. Tadbirkor bu qarorni iqtisodiy jihatdan adolatsiz deb baholadi. Uning aytishicha, tadbirkorlar elektr energiyasini davlatdan 1000 so‘m atrofida sotib olayotgan bir paytda, uni 250 so‘mdan sotish majburiyati investitsiyalarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

«Nimaga davlatdan sotib olsak, 1000 so‘mdan sotib olamiz, agar sotsak 250 so‘mdan sotamiz – qani bu yerda adolat? Shu to‘g‘rimi? Endi 250 so‘mdan sotish iqtisodiy tomondan bizga qanchalik to‘g‘ri kelish-kelmasligini o‘ylab qoldik», — deya murojaat qildi tadbirkor mediamuloqotda.

Masala yuzasidan Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov tegishli qo‘mita bu muammoni o‘rganishni boshlaganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab «800 so‘mdan sotish» shartiga ishonib, quyosh energetikasiga yirik sarmoya kiritgan tadbirkorlar soni kam emas.

Deputat, shuningdek, 250 so‘mlik tarif qanday hisob-kitoblar asosida shakllantirilgani ham o‘rganilishini aytdi. Xususan, davlat boshqa elektr energiyasi ishlab chiqaruvchilardan elektrni qanday narxda sotib olayotgani va tadbirkorlar uchun belgilanadigan tarif mutanosibligi tahlil qilinadi.

Bekmurodov davlat tadbirkorlardan elektr energiyasini 800 so‘mdan xarid qilish bo‘yicha uzoq muddatli kafolat olmaganini ham qo‘shimcha qildi.

«O‘zLiDeP» raisi Aktam Hayitov esa tadbirkorlar nafaqat «o‘yin qoidalari» o‘zgarishi, balki davlatning mavjud shartlar bo‘yicha to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirmasligi muammosiga ham duch kelayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, masala bo‘yicha parlament nazorati eshituvi tashkil qilinishi va shartnomalarning huquqiy jihatlari chuqur tahlil qilinishi mumkin.

«Bu bilan tizimli shug‘ullanish uchun qo‘mitamizning kuchi yetarli. Fraksiyamiz bilan birgalikda bu borada parlament nazorati eshituvini tashkil qilsak-da, keyin kattaroq darajaga ham olib chiqamiz. Ungacha buni yuridik nuqtayi nazardan chuqurroq o‘rganamiz: shartnomalar qanday tuzilgan, tomonlarning mas’uliyati qanday bo‘lgan?» – dedi «O‘zLiDeP» raisi.



800 so‘mlik tarif nimaga asoslangan?

2021 yil 10-dekabrda «Gidroenergetikani yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qaroriga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan o‘z ehtiyoji uchun o‘rnatilgan quvvati 1 MVtgacha bo‘lgan quyosh, shamol va biogaz elektr stansiyalarida ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasi davlat tomonidan sotib olinadi.

Hujjatga muvofiq, elektr energiyasi II tarif guruhi iste’molchilari uchun amal qiluvchi elektr tarifining 80 foizi miqdorida xarid qilinishi qayd etilgan.

E’tiborli jihati, qarorda davlat tomonidan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda xarid qilish vakolati berilgan organ tomonidan kamida 10 yil muddat davomida xarid qilinishi belgilangan.

Hozir amaldagi tariflardan kelib chiqib, quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan ortiqcha elektr energiyasini xarid qilish narxi 800 so‘mni tashkil qilmoqda. Endi esa muhokama qilinayotgan yangi loyiha ushbu tarifni 250 so‘mgacha tushirishni nazarda tutmoqda.

Qizig‘i, 2025 yilning oktabr-noyabr oylarida Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu tarifni pasaytirish taklifini ilgari surgandi. O‘shanda xarid narxini 700 so‘mgacha (80 foizdan 70 foizga) tushirish rejalashtirilgan, biroq loyiha tasdiqlanmagandi. Navbatdagi urinishda esa tarifni uch barobardan ko‘proqqa kamaytirib, 250 so‘mgacha tushirish taklif qilinmoqda.


«10 yillik kafolatli bitimni bekor qilishga hech kimning haqqi yo‘q»

Iqtisodchi Otabek Bakirov quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini xarid qilish tarifini pasaytirish ehtimoli yuzasidan munosabat bildirdi.

Iqtisodchining fikricha, amaldagi prezident va hukumat qarorlarida yuridik iste’molchilardan quyosh panellari orqali ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kamida 10 yil davomida xarid qilish belgilangan. Shu sabab 10 yil muddatga tuzilgan kafolatli bitimlarni bir tomonlama o‘zgartirish yoki bekor qilish mumkin emas.

Bakirov yana bir muammoga e’tibor qaratgan. Uning ta’kidlashicha, hozirgacha ham quyosh panellari orqali davlat tarmog‘iga elektr uzatayotgan tadbirkorlarga to‘lovlar bir necha oy davomida kechiktirib berilmoqda. Iqtisodchi bu holatni energetika tizimidagi nomutanosib yondashuv sifatida baholagan. Uning fikricha, tadbirkorlar va aholidan qarzdorlik bo‘yicha qat’iy talab qilinayotgan bir paytda, energetika tizimining o‘zi sotib olingan va allaqachon foyda ko‘rilgan elektr energiyasi uchun oylar davomida haq to‘lamayotgani oddiy holga aylangan.

Shuningdek, Bakirov ko‘plab tadbirkorlar quyosh panellarini faqat o‘z mablag‘i hisobidan emas, balki kredit va qarzlar evaziga o‘rnatganini qayd etgan. Ayrim tadbirkorlar buning uchun mol-mulki va aktivlarini garovga qo‘ygan.

«Tadbirkorlar “panelbozlik” kampaniyasi payti nafaqat o‘z hisobidan, qarz va kredit olib ham quyosh panellarini o‘rnatishgan, mulki va aktivlarini garovga qo‘yishgan. To‘lovlarning keskin pasaytirilishi yuzlab milliard, balki trillionlab so‘m kreditlarning to‘lanmay, muammoliga aylanishi va tadbirkorlarning aktivlaridan ajralib, bankrot bo‘lishi ham degani», — deya yozdi iqtisodchi.

U shuningdek, agar tadbirkorlardan sotib olinadigan elektr energiyasi narxini pasaytirish haqida qaror qabul qilinsa ham, bu faqat yangi bitimlarga nisbatan qo‘llanishi kerakligini qayd etdi. Bakirovning fikricha, ayni paytda tadbirkorlardan xarid qilinayotgan elektr energiyasi narxi pasaytirilsa, aholi uchun elektr tariflari ham mutanosib ravishda qayta ko‘rib chiqilishi lozim.

Umuman olganda, quyosh panellari bo‘yicha davlatning «o‘yin qoidalari»ni o‘zgartirishga urinishi minglab tadbirkorlarning investitsion hisob-kitoblarini izdan chiqarishi mumkin. Chunki ko‘plab bizneslar aynan davlat bergan 10 yillik kafolat va amaldagi tariflarga ishonib, milliardlab so‘m sarmoya kiritgan, kredit olgan va aktivlarini garovga qo‘ygan.

Endi esa tarifni uch barobar pasaytirish tashabbusi investorlar uchun xavfli signal sifatida baholanishi turgan gap. Agar amaldagi bitimlar shartlari bir tomonlama o‘zgartirilsa, bu nafaqat quyosh energetikasi, balki umuman O‘zbekistondagi investitsion muhit va davlat kafolatlariga bo‘lgan ishonchga ham jiddiy zarba berishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Vaqt.uz avvalroq quyosh panellarini o‘rnatish tartibi va buning afzalliklari haqida batafsil yo‘riqnoma tayyorlagan edi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 123

Barchasi

Mavzuga oid