Haftalik narxlar: pomidor va bodring arzonladi, go‘sht esa yana oshdi

VAQT.UZ Markaziy bank ma’lumotlari asosida eng muhim 15 ta oziq-ovqat mahsulotining haftalik narxlaridagi o‘zgarishlarni muntazam tahlil qilib boradi.

Haftalik narxlar: pomidor va bodring arzonladi, go‘sht esa yana oshdi

Markaziy bankning «narxtahlil.uz» platformasidagi yangi ma’lumotlar oziq-ovqat bozorida narxlar turlicha o‘zgarayotganini ko‘rsatdi. O‘tgan haftada go‘sht mahsulotlari keskin qimmatlashgan bo‘lsa, bu hafta o‘sish biroz sekinlashdi. Shu bilan birga, sabzavotlar arzonlashishda davom etdi. Ayniqsa, bodring va pomidor narxi yanada tushdi. Quyida respublika bo‘yicha 29-aprel holatidagi narxlar va 22-aprelga nisbatan o‘zgarishlar keltiriladi.


Asosiy mahsulotlar

Yog‘ mahsulotlarida barqaror holat saqlanmoqda. O‘tgan haftada paxta yog‘i va kungaboqar yog‘ida 0,2–0,3 foizlik o‘sish kuzatilgan bo‘lsa, bu hafta har ikki mahsulotda o‘sish 0,1 foizgacha sekinlashdi. Paxta yog‘i 20 281 so‘m, kungaboqar yog‘i esa 21 493 so‘mni tashkil etdi.

Un mahsulotlarida inflyatsion bosim saqlanib qolmoqda. Birinchi nav un narxi o‘tgan haftada ham 0,6 foizga oshgan edi, bu hafta esa o‘sish 0,7 foizga yetdi va mahsulot 6 257 so‘mdan shakllandi.

Go‘sht mahsulotlarida narxlar yuqori darajada qolmoqda, ammo o‘sish sur’ati biroz sekinlashgan. O‘tgan hafta mol go‘shti 2,5 foizga, qo‘y go‘shti 2,6 foizga qimmatlashgan bo‘lsa, bu hafta mol go‘shtida o‘sish 0,4 foiz, qo‘y go‘shtida 0,6 foizni tashkil qildi. Shunga qaramay, mol go‘shti 119 433 so‘mga, qo‘y go‘shti esa 130 609 so‘mga yetdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda mol go‘shti importi ikki oydan beri qisqarmoqda. Taqqoslash uchun, mart oyida xorijdan 61 million dollarga 12,7 ming tonna, fevral oyida esa 67,4 million dollarga 14,4 ming tonna mol go‘shti olib kirilgan. Shunday qilib, import hajmi martda 1,7 ming tonnaga, aprelda esa yana 1,5 ming tonnaga qisqargan.

Qo‘y va tovuq go‘shti importida ham pasayish kuzatildi. Aprel oyida mamlakatga 8,6 million dollarlik 2,85 ming tonna qo‘y go‘shti olib kirilgan. Mart oyida bu ko‘rsatkich 3,1 ming tonnani tashkil etgan va umumiy qiymati 9,66 million dollar bo‘lgan.

Tuxum bozorida ham yo‘nalish o‘zgardi. O‘tgan hafta tuxum 1,4 foizga arzonlagan bo‘lsa, bu hafta 0,2 foizlik o‘sish qayd etildi va tuxum 11 508 so‘mni tashkil qildi.

Guruch va shakarda esa pasayish saqlanib qolmoqda. Guruch 14 355 so‘mga tushib, 0,2 foizga arzonladi. Shakar ham 13 157 so‘mgacha pasayib, 0,2 foizlik tushish qayd etdi.

Mahsulot

29.04.2026 (so‘m)

22.04.2026 (so‘m)

O‘zgarish

Paxta yog‘i (1 litr)

20 281

20 267

+0,1%

Kungaboqar yog‘i 

(1 litr)

21 493

21 482

+0,1 %

Un (1-nav)

6 257

6 212

+0,7 %

Mol go‘shti (1 kg)

119 433

118 921

+0,4 %

Qo‘y go‘shti (1 kg)

130 609

129 888

+0,6 %

Tuxum 

11 508

11 487

+0,2 %

Guruch (1 kg)

14 355

14 388

-0,2 %

Shakar (1 kg)

13 157

13 180

+0,7 %

Jadval narxtahlil.uz platformasidagi ma’lumotlar asosida tayyorlandi

Sabzavotlar

Sabzavotlar bozorida arzonlashish davom etdi. O‘tgan hafta bodring narxi 21 foizga tushgan bo‘lsa, bu hafta pasayish yanada kuchayib, 23,3 foizni tashkil qildi. Natijada bodring 9 370 so‘mgacha arzonladi.

Pomidor narxi ham tez sur’atda pasaymoqda. Avvalgi haftada unda kichik tushish kuzatilgan bo‘lsa, bu safar mahsulot 7,9 foizga arzonlab, 23 353 so‘m bo‘ldi.

Kartoshka va piyozda ham pasayish saqlanib qoldi. Kartoshka narxi 6 642 so‘mni tashkil etib, 0,4 foizga tushgan. Piyoz esa 2,4 foizga arzonlab, 2 359 so‘mga yetgan.

Sabzida esa aksincha o‘sish kuzatildi. Mahsulot narxi 0,5 foizga oshib, 3 543 so‘mni tashkil qildi.
Umuman, bugungi dinamika bahorgi hosil bozorga ko‘proq chiqqani va ayniqsa tez buziladigan sabzavotlar taklifi oshganini ko‘rsatmoqda.

Mahsulot

29.04.2026 (so‘m)

22.04.2026

(so‘m)

O‘zgarish

Kartoshka (1 kg)

6 642

6 669

-0,4%

Piyoz (1 kg)

2 359

2 416

-2,4 %

Sabzi (1 kg)

3 543

3 526

+0,5 %

Pomidor (1 kg)

23 353

25 353

-0,6 %

Bodring (1 kg)

9 370

12 214

-23,3 %

Jadval narxtahlil.uz platformasidagi ma’lumotlar asosida tayyorlandi

Mevalar

Mevalar segmentida o‘tgan haftagi o‘sish tendensiyasi saqlandi. Limon narxi avval 3,6 foizga oshgan bo‘lsa, bu hafta ham 1,7 foizlik o‘sish qayd etilib, mahsulot 46 402 so‘mga yetdi.

Olma narxi ham o‘sishda davom etib, 1,1 foizga qimmatlashgan va 15 897 so‘mni tashkil etgan.
Nokda esa o‘tgan hafta deyarli o‘zgarish kuzatilmagan bo‘lsa, bu safar 0,2 foizlik pasayish qayd etildi. Uzum narxi esa barqaror qolib, 26 597 so‘m darajasida shakllangan.

Mahsulot

29.04.2026 (so‘m)

22.04.2026 (so‘m)

O‘zgarish

Olma (1 kg)

15 897

15 717

+1,1 %

Nok (1 kg)

21 864

21 906

-0,2 %

Limon (1 kg)

46 402

45 646

+1,7 %

Uzum (1 kg)

26 597

25 585

0 %

Jadval narxtahlil.uz platformasidagi ma’lumotlar asosida tayyorlandi


Umuman, bozorda hozir ikki xil holat kuzatilmoqda. Go‘sht, un va ayrim mevalar narxi sekin bo‘lsa ham oshib bormoqda. Ayniqsa, go‘sht importi kamayishi ichki bozorda narxlar yuqori saqlanishiga ta’sir qilayotgan bo‘lishi mumkin.

Shu bilan birga, bahorgi hosil ko‘paygani sabzavotlar narxiga ta’sir qildi. Bodring va pomidor ancha arzonladi. Bu esa bozorda mahsulot ko‘payganini va yaqin haftalarda ayrim sabzavotlar narxi yana barqarorlashishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 122

Barchasi

Mavzuga oid

Haftalik narxlar: pomidor va bodring arzonladi, go‘sht esa yana oshdi | Vaqt.uz