«Trump Mobile» telefoniga depozit to‘laganlar haligacha qurilmasini olmagan
«Trump Mobile» smartfoni uchun 590 mingga yaqin odam 59 million dollar depozit to‘lagan, ammo kompaniyaning yangilangan foydalanish shartlarida to‘langan depozit telefon qachondir ishlab chiqarilishi va yetkazib berilishiga kafolat bermasligi ma’lum qilingan.
© Trump MobileAQSH prezidenti Donald Tramp oilasiga tegishli «Trump Mobile» xizmati tomonidan taqdim etilgan T1 smartfoni atrofidagi mojaro yana kuchaydi. Qurilma uchun oldindan buyurtma bergan yuz minglab mijozlar 11 oydan buyon telefonni kutishda davom etmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, taxminan 590 ming kishi smartfon uchun 100 dollardan depozit to‘lagan. Bu esa kompaniya hisobida qariyb 59 million dollar mablag‘ to‘planganini anglatadi. Biroq hozirgacha birorta ham telefon xaridorlarga yetkazilmagan.
T1 smartfoni taqdimoti
T1 smartfoni 2025 yil iyun oyida kichik Donald Tramp va Erik Tramp tomonidan taqdim etilgan edi. Qurilma 499 dollar narxda sotilishi va «Trump Mobile»ning oyiga 47,45 dollarlik tarif rejasi bilan ishlashi ma’lum qilingan.
Dastlab kompaniya smartfon «Made in the USA» — AQSHda ishlab chiqarilishini ta’kidlagan. Keyinchalik esa rasmiy saytdagi ta’rif «American-proud design» iborasiga o‘zgartirildi. Kompaniya rahbarlari keyinroq telefonning asosiy qismi xorijda ishlab chiqarilishi, yakuniy yig‘ilishi esa AQSHda amalga oshirilishini aytgan.
Muddatlar bir necha marta kechiktirilgan
Avvaliga telefon 2025 yil avgust oyida yetkazilishi aytilgan bo‘lsa, keyin dekabr, so‘ng 2026 yil mart va aprel oylariga ko‘chirilgan. Hozir esa saytda hech qanday aniq chiqish sanasi ko‘rsatilmagan.
Kompaniya shartlariga kiritilgan yangi o‘zgarishlarga ko‘ra, depozit to‘lovi xarid hisoblanmaydi va u qurilmaning ishlab chiqarilishi yoki yetkazib berilishini kafolatlamaydi. Shuningdek, «Trump Mobile» telefon umuman sotuvga chiqmasligi mumkinligini ham qayd etgan. Mijozlar esa xohlasa depozit mablag‘ini qaytarib olishi mumkin.





