«SOCAR» O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochadi: Ustyurt loyihasiga «British Petroleum» ham qo‘shildi
Prezident qabulida bo‘lgan «SOCAR» va «British Petroleum» rahbariyati bilan neft-gaz sohasidagi ulkan loyihalar muhokama qilingan bo‘lsa, Ozarboyjon tomoni bilan 2027 yilda o‘tadigan U-20 Jahon chempionatiga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.
© Foto: president.uzO‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 13-may kuni «O‘zbekiston energetika haftaligi – 2026» forumida ishtirok etish uchun mamlakatga kelgan Ozarboyjonning «SOCAR» kompaniyasi bosh direktori Ravshan Najaf hamda «British Petroleum» kompaniyasi rahbariyati Ariel Flores va Jovanni Kristofolini qabul qildi.
Uchrashuvda energetika va neft-gaz sohasida yetakchilardan hisoblangan ushbu yirik kompaniyalar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Energetika sohasidagi kooperatsiya muvaffaqiyatli kechayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. «SOCAR» kompaniyasi Ustyurt platosidagi uglevodorod konlarini o‘zlashtirish loyihasini amalga oshirishda O‘zbekistonning sherigi hisoblanadi. «SOCAR»ning O‘zbekistondagi vakolatxonasini ochish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Ushbu keng ko‘lamli loyihaga «British Petroleum» kompaniyasi qo‘shilganiga yuksak baho berildi.
Neft-gaz sohasida uglevodorod xomashyosini qidirish, qazib olish va chuqur qayta ishlash, neft va neft mahsulotlarini uzoq muddatli yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish hamda tarmoq uchun mutaxassis kadrlar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, Ozarbayjon futbol federatsiyalari assotsiatsiyasi raisi sifatida ham faoliyat yuritayotgan Ravshan Najaf davlatimiz rahbariga 2027 yilda O‘zbekiston va Ozarbayjonda yoshlar o‘rtasidagi U-20 jahon chempionatini o‘tkazishga birgalikda tayyorgarlik ko‘rishdagi ko‘magi uchun minnatdorlik bildirdi.
Loyiha haqida
O‘zbekiston Energetika vazirligi xabariga ko‘ra, kelishuv Boyterak, Terengquduq, Birqori, Haroy, Qoraqalpoq va Qulboy bloklarini qamrab oladi. Bu «BP»ning O‘zbekistondagi ilk loyihasi bo‘lib, u «O‘zbekneftgaz» va SOCAR bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.
Bitimga ko‘ra, ulushlar «BP»ga 40 foiz, SOCAR va «O‘zbekneftgaz»”ga 30 foizdan taqsimlangan. Hozirda loyiha birinchi bosqichda bo‘lib, SOCAR operator sifatida seysmik qidiruv ishlarini olib bormoqda.





