5 yillik stajga ega xotin-qizlarga OTMga kirish uchun tavsiyanoma berish boshlandi
Tavsiyanoma 3 yil amal qiladi, bu yil o‘qishga kira olmagan xotin-qizlar keyingi yil qabul mavsumida ham undan foydalanishi mumkin.
© Oila va xotin-qizlar qo'mitasiXotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanoma olish bo‘yicha arizalar qabuli boshlandi. Bu haqda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali ma’lum qildi.
Mazkur imtiyoz mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yil mehnat stajiga ega bo‘lgan, ammo bakalavr diplomini olmagan xotin-qizlar uchun mo‘ljallangan. Ular davlat OTMlarining bakalavriat yo‘nalishlariga alohida qabul parametrlari asosida tanlovda ishtirok etadi.
Tavsiyanoma olish uchun asosiy talablar:
O‘rta maxsus yoki kasb-hunar ta’limi diplomiga;
Mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yillik mehnat stajiga ega;
Oliy ta’lim olmagan (bakalavr diplomi yo‘q) bo‘lish.
Tavsiyanomalar «Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi» tomonidan taqdim etiladi. Imtiyozli toifa uchun davlat OTMlariga alohida 500 ta kvota ajratilgan. Nomzodlar umumiy tartibda imtihon topshiradi va eng yuqori ball to‘plagan 500 nafar xotin-qiz talabalikka qabul qilinadi.
Berilgan tavsiyanoma 3 yil davomida amal qiladi va undan faqat bir marta foydalanish mumkin. Agar nomzod bu yil o‘qishga kira olmasa, kelasi qabul mavsumida ham ushbu hujjat bilan ishtirok etishi mumkin.
Arizalar 1-iyunga qadar Yagona portal orqali bepul qabul qilinadi. Imtiyoz xorijiy, nodavlat va harbiy ta’lim muassasalariga tatbiq etilmaydi.





