«BP» O‘zbekistondagi oltita neft-gaz konida ulush sotib oldi

Bugun 13:251 daqiqa

Buyuk Britaniyaning «British Petroleum» neft-gaz kompaniyasi O‘zbekistonning Ustyurt hududida joylashgan oltita neft va gaz qidiruv blokidagi 40 foiz ulushni sotib oldi.

«BP» O‘zbekistondagi oltita neft-gaz konida ulush sotib oldi © news.sky.com

«Reuters» ma’lumotiga ko‘ra, mazkur bitim mahsulot taqsimoti to‘g‘risidagi kelishuv (PSA) doirasida amalga oshirilgan. «BP» 40 foiz ulushni mavjud hamkorlar — Ozarbayjonning «SOCAR» kompaniyasi hamda «O‘zbekneftgaz»dan xarid qildi. Endi har ikki kompaniyaning ulushi 30 foizdan qoldi.

Kelishuv qaysi bloklarga tegishli?

Loyiha operatori sifatida «SOCAR» faoliyatini davom ettiradi. Kelishuv Ustyurt mintaqasidagi «Boyterak», «Terengquduq», «Birqori», «Xaroy», «Qoraqalpoq» va «Qulboy» kabi bloklarni qamrab oladi.

«BP»ning Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya bo‘yicha mintaqaviy prezidenti Gio Cristofoli O‘zbekistonda katta resurs salohiyati mavjudligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya mamlakat neft-gaz zaxiralarini qidirish va ishlab chiqish jarayonlarini qo‘llab-quvvatlashni muhim imkoniyat deb baholamoqda.

Kompaniya O‘zbekistondagi birinchi qidiruv ishlarini 2018-yilda boshlagan

Kompaniya 2021 yilda yashil energetika strategiyasi doirasida ushbu mintaqadagi qidiruv ishlaridan chiqqan edi. O‘sha paytda sobiq rahbar Bernard Looney neft va gaz ishlab chiqarish hajmini 2030 yilgacha 40 foizga qisqartirish rejasini e’lon qilgan. Biroq hozir «BP» qaytadan neft va gaz sohasiga investitsiyalarni kuchaytirmoqda.

«BP» ilk bor 2018 yilda «SOCAR» va «O‘zbekneftgaz» bilan O‘zbekistonda qidiruv ishlarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuv imzolagan edi.

Teglar

Mavzuga oid