O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi JCH yo‘llanmasini muddatidan oldin qo‘lga kiritdi
O‘zbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo Kubogida Hindistonni yirik hisobda mag‘lub etib, 2026 yilgi Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
© UFAO‘zbekiston U-17 terma jamoasi Osiyo Kubogidagi navbatdagi g‘alabasi orqali 2026 yilgi Jahon chempionati ishtirokchisiga aylandi.
Jamoa 2-tur doirasida Hindiston U-17 termasini 3:0 hisobida taslim qildi. Uchrashuvda hisob 32-daqiqada Laziz Abduraimov tomonidan penaltidan ochildi. Ikkinchi bo‘limda hindistonlik futbolchi o‘z darvozasiga gol kiritdi. 77-daqiqada esa Ahrorbek Ravshanbekov uchinchi golni kiritib, bahsga nuqta qo‘ydi.
Qur’a natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston bir guruhdan Avstraliya, Hindiston va KXDR bilan joy olgan edi. Ammo KXDR U-17 terma jamoasi musobaqada ishtirok etmagani sababli “oq bo‘rilar” birinchi turni o‘tkazib yubordi. Shu tariqa, Hindiston ustidan qozonilgan g‘alaba jamoaga muddatidan oldin Jahon chempionati yo‘llanmasini taqdim etdi.
O‘zbekistonning keyingi uchrashuvi 13-may kuni Avstraliyaga qarshi bo‘lib o‘tadi. Avstraliya ham birinchi turda Hindistonni mag‘lub etgani uchun Jahon chempionati ishtirokchisiga aylandi.
Musobaqa nizomiga ko‘ra, guruh bosqichida birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar pley-off bosqichiga hamda 2026 yil Qatarda o‘tadigan U-17 Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston U-17 terma jamoasi musobaqaning amaldagi chempioni hisoblanadi. Jamoa 2025 yil Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida barcha olti uchrashuvda g‘alaba qozonib, bosh sovrinni qo‘lga kiritgan edi.
