«Har kuni, har kim to‘laydi»: O‘zbekistonda soliqlar qanday ishlaydi?
QQS nega «ko‘rinmas soliq» deyiladi? Nima uchun ayrimlar kamroq, boshqalar ko‘proq soliq to‘laydi? Vaqt.uz O‘zbekistondagi soliq tizimini sodda tilda tushuntiradi.

Yaqinda O‘zbekistonda san’atkorlar soliq to‘lashi kerakligi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda aksariyat foydalanuvchilar san’atkorlarni soliq to‘lamay kelganlikda aybladi.
Aslida esa O‘zbekistonda deyarli har bir inson har kuni soliq to‘laydi — hatto do‘kondan suv olganda ham. Vaqt.uz O‘zbekistonda soliq tizimi qanday ishlashi va soliq turlari haqida tushuntiradi.
Soliqlar asosan ikki xil turga bo‘linadi — bevosita va bilvosita soliqlar. Bevosita soliqlar tarkibiga foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i kabi to‘g‘ridan to‘g‘ri davlat budjetiga tushadigan mablag‘lar kiradi.
Bilvosita soliqlar esa qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS), aksiz solig‘i va bojxona bojlaridan iborat bo‘lib, ular odatda mahsulot va xizmatlar narxi orqali iste’molchiga yuklanadi.
QQS — ko‘rinmas soliq
Qo‘shilgan qiymat solig‘i ko‘pchilik umuman sezmaydigan soliq turi hisoblanadi. O‘zbekistonliklar har bir rasmiy xaridlardan 12 foiz ko‘rinishida QQS to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Bundan avval 2023-yil 1-yanvarga qadar QQS foiz stavkasi 15 foiz edi. 2019-yilda ham QQS 20 foizdan 15 foizga pasaytirilgandi.
Oddiy iste’molchi ko‘p holatlarda QQSni sezmaydi. Biroq, do‘kondan 100 ming so‘mlik mahsulot xarid qilinsa, uning 12 foizi QQS hisoblanadi.
Xaridor bu soliqni alohida to‘lamaydi — u mahsulot narxining ichiga qo‘shib yuboriladi. Shu sabab QQS ko‘pincha «ko‘rinmas soliq» deb ataladi.
Biroq, QQS faqat rasmiy sotuvchilar va do‘konlar tomonidan to‘lanadi. Bu esa bozorda sotuvchilar o‘rtasida nosog‘lom raqobatni yuzaga keltiradi.
Yaqqol misol sifatida «Malika» bozori va QQS to‘lovchi sotuvchilar o‘rtasida elektrotexnika narxi farqini keltirish mumkin. So‘nggi rusumdagi iPhone narxi «Malika» bozorida boshqa QQS to‘lovchi do‘konlarga nisbatan kamida bir necha million so‘mga arzonroq bo‘ladi.

Iste’molchilar esa arzonroq narx sabab ko‘p hollarda norasmiy bozorni tanlaydi. Aynan shu sabab davlat uchun yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish adolatli soliq tizimini yaratish yo‘lida muhim hisoblanadi.
Foyda solig‘i — budjet tayanchi
Bu soliq turi mamlakatdagi kompaniyalardan olinadigan foyda hisobidan to‘lanadi. Hozirda foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15 foizni tashkil qiladi.
Deylik, ma’lum kompaniya bir yilda 1 mlrd so‘mlik mahsulot sotadi. Bu tushumning 700 mln so‘mi xarajatlarga ketadigan bo‘lsa, qolgan 300 mln so‘mi foyda bo‘ladi.
Bunday ssenariyda kompaniya to‘laydigan foyda solig‘i 15 foiz stavkada 45 mln so‘m bo‘ladi. Qolgan 255 mln so‘m esa sof foyda sifatida tavsiflanadi.
Bu soliqni har xil sohadagi kompaniyalar turli xil foiz stavkada to‘lashlari mumkin. Masalan, IT Park rezidentlariga bu bo‘yicha imtiyoz berilgan.
Foyda solig‘i O‘zbekiston uchun juda muhim. 2026-yil I chorakda budjetga 63,6 trln so‘mlik tushumlar amalga oshirilgan bo‘lsa, shuning qariyb uchdan biri foyda solig‘i hisobiga shakllangan.

Jismoniy shaxslarning daromad solig‘i
Jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i — fuqarolarning ish haqi va boshqa daromadlaridan ushlab qolinadigan soliq turi hisoblanadi. O‘zbekistonda ushbu soliq stavkasi hozirda 12 foizni tashkil etadi.
Bu soliq asosan rasmiy ish beruvchi tomonidan to‘lanadi. Masalan, xodim 10 mln so‘m oylik maosh olsa, ish beruvchi tomonidan unga 11 mln 364 ming so‘m ish haqi yoziladi va 1 mln 364 ming so‘m daromad solig‘i sifatida davlatga to‘lanadi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar esa daromad solig‘idan ozod qilingan. Buning o‘rniga ular aylanmadan olinadigan soliq to‘laydi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab, yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar (YTT) va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilangan.
Aylanmadan olinadigan soliq o‘zi nima?
Bu soliq turi asosan kichik biznes va tadbirkorlar uchun mo‘ljallangan. Bazaviy stavka 4 foiz miqdorida belgilangan. Shunga qaramay, yuqorida qayd etilganidek yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan YTTlar 1 foiz miqdorida aylanmadan soliq to‘laydi.
MCHJlar esa yillik tushum 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan taqdirda 4 foiz aylanmadan soliq, 1 mlrd so‘mdan yuqori yoki ixtiyoriy ravishda 12 foiz QQS va 15 foiz foyda solig‘i to‘laydi.
Bunday tizim kichik biznesni rivojlantirish va tadbirkorlikka endi qadam qo‘yayotganlarni rag‘batlantirish maqsadida yo‘lga qo‘yilgan.
Aksiz solig‘i
Aksiz solig‘i boshqa soliq stavkalaridan farq qiladi. Bu soliq turi aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirish uchun yo‘lga qo‘yilgan deyish mumkin.
Ya’ni, odatda bunday soliqlar alkogol va tamaki mahsulotlari, shakar, gazli ichimliklar, benzin, gaz hamda boshqa tovarlarga nisbatan qo‘llanadi.

Bu soliqning asosiy maqsadi nafaqat budjetga qo‘shimcha daromad keltirish, balki ayrim mahsulotlar iste’molini tartibga solishdan iborat.
Ma’lum bir mahsulotlarga yuqori aksiz solig‘i qo‘yish orqali ularning iste’molini kamaytirishga harakat qilinadi.
Oddiy xaridor esa aksiz solig‘ini alohida to‘lamaydi. U mahsulot narxining ichiga qo‘shib yuborilgan bo‘ladi. Benzin, sigaret yoki ayrim ichimliklar narxining ma’lum qismi aslida aksiz solig‘idan iborat bo‘ladi.
Aksiz solig‘i O‘zbekistonda mahsulotlar uchun turlicha belgilangan bo‘lib, yagona aksiz solig‘iga o‘tish yo‘lida ishlar olib borilmoqda.
Shu tariqa, O‘zbekistonda asosiy soliq turlariga quyidagilar kiradi:
qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS);
foyda solig‘i;
aylanmadan olinadigan soliq;
aksiz solig‘i;
jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i;
yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i;
yer solig‘i;
suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq;
yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq;
bojxona bojlari va boshqa majburiy to‘lovlar.
Ushbu soliqlar davlat budjetining asosiy daromad manbasi hisoblanadi.
Aslida, deyarli har bir o‘zbekistonlik har kuni u yoki bu shaklda soliq to‘laydi. Kimdir ish haqidan, kimdir biznesidan, yana kimdir oddiy xaridlar orqali davlat budjetiga mablag‘ o‘tkazadi.
Soliq tizimi ko‘pchilikka murakkab tuyulishi mumkin. Biroq, uning vazifasi oddiy — davlat budjetini shakllantirish va iqtisodiyot ishlashini ta’minlash.
Aynan shu mablag‘lar hisobidan yo‘llar quriladi, maktab, bog‘cha va shifoxonalar faoliyati uchun pul ajratiladi.
Shu sabab soliqlar nafaqat davlat, balki jamiyat va iqtisodiyotning eng muhim tizimlaridan biri hisoblanadi.





