Ekopolitsiya Muborak gazni qayta ishlash zavodiga jarima belgiladi
Aniqlanishicha, shlab chiqarish jarayonida gaz ochishdan hosil bo‘lgan, tarkibida neft mahsulotlari bo‘lgan oqova suvlar ochiq maydonlarga tashlangan.

Muborak gazni qayta ishlash zavodiga atrof-muhitga yetkazilgan zarar uchun 10 milliard 834 million so‘m miqdorida qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovi belgilandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilidi.
Qayd etilishicha, korxona faoliyatida atmosfera havosini ifloslantirish, chiqindilarni noqonuniy joylashtirish va oqova suvlarni ochiq maydonga chiqarish bilan bog‘liq qator qonunbuzarliklar aniqlangan. Zavod hududida qurilish va boshqa turdagi chiqindilar noqonuniy joylashtirilgan.
Qolaversa, ushbu chiqindilardan hosil bo‘layotgan chang zarralari va zararli gazlar yoqilishi oqibatida atmosfera havosiga oltingugurt, uglerod hamda azot oksidlari me’yoridan ortiq darajada chiqarib kelingan. Shuningdek, ishlab chiqarish jarayonida gaz ochishdan hosil bo‘lgan, tarkibida neft mahsulotlari bo‘lgan oqova suvlar ochiq maydonlarga tashlangan.
Holat yuzasidan korxonaga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llanilishi bilan birga, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha 7 banddan iborat bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi. To‘plangan hujjatlar chora ko‘rish uchun sudga yuborildi.





