Toshkent metropolitenining «Mingo‘rik» bekati «Abu Saxiy» bozori bilan bog‘lanishi mumkin
Birinchi bosqichda «Mingo‘rik – Janubiy vokzal» yo‘nalishi, ikkinchi bosqichda esa «Janubiy vokzal – Chilonzor buyum bozori» yo‘nalishini qurish imkoniyatlari o‘rganiladi.
© Foto: Kun.uzToshkent metropolitenining «Mingo‘rik» bekatidan «Chilonzor buyum bozori»gacha bo‘lgan yangi yo‘nalishini qurish rejalashtirilmoqda. Hozirda mazkur liniya bo‘yicha loyiha baholash hujjatlarini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan bo‘lib, qurilish ishlari ikki bosqichda amalga oshirilishi o‘rganilmoqda. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevga poytaxt metropolitenida xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va infratuzilmadan foydalanish samaradorligini kuchaytirish yuzasidan taqdim etilgan takliflar doirasida ma’lum qilindi.
Loyihaning birinchi bosqichida «Mingo‘rik – Janubiy vokzal» yo‘nalishini barpo etish, ikkinchi bosqichda esa tarmoqni «Janubiy vokzal»dan «Chilonzor buyum bozori»gacha uzaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqiladi.
Ushbu yangi liniya shaharning janubiy hududlarini metro tarmog‘i bilan qamrab olish va yirik savdo majmualari yo‘nalishidagi transport yuklamasini kamaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.





