Moskvada yangi taqiq joriy etildi
Cheklov OAV va oddiy fuqarolarga ham tegishli bo‘lib, qoidabuzarlik uchun yirik jarimalar belgilangan.

Moskva hukumati teraktlar va uchuvchisiz uchish apparatlari (BPLA) hujumlari oqibatlari aks etgan matn, foto va videomateriallarni e’lon qilishni chekladi. Bu haqda shahar meriyasining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Mazkur qaror shahar Antiterror komissiyasi tomonidan «feyk» ma’lumotlar tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida qabul qilingan. Ushbu cheklovlar alohida qaror qabul qilingunga qadar amal qiladi hamda davlat organlari, ommaviy axborot vositalari, tezkor xizmatlar va fuqarolarga taalluqlidir.
«Cheklovlar dronlar va boshqa qurollar qo‘llanilgan hujumlar oqibatlariga, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga zarar yetkazish yoki mulkka, jumladan, muhim infratuzilmaga shikast yetkazishga qaratilgan harakatlarga taalluqlidir», — deyiladi xabarda.
Yangi tartibga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi, Moskva meriyasi yoki mer Sergey Sobyaninning rasmiy resurslarida ma’lumot e’lon qilinmaguncha, sodir bo‘lgan voqealar haqida axborot tarqatish taqiqlanadi. Cheklovlar dronlar va boshqa qurollar qo‘llanilgan hujumlar oqibatlarini, shuningdek, muhim infratuzilma va fuqarolar sog‘lig‘iga zarar yetkazishga qaratilgan har qanday harakatlarni qamrab oladi.
So‘nggi tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, Moskva tomon uchib kelayotgan uchuvchisiz uchish apparatlari soni to‘rttaga yetgan va ular havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan.
Belgilangan taqiqni buzganlik uchun fuqarolarga 3000 dan 5000 rublgacha, mansabdor shaxslarga 30 ming dan 50 ming rublgacha jarima solinadi. Yuridik shaxslar uchun esa jarima miqdori 50 ming dan 200 ming rublgacha (taxminan 2700 dollar) etib belgilangan.

