O‘zbekiston eng ko‘p qaysi mahsulotlarni import qilgani ma’lum bo‘ldi
2026 yilning yanvar-mart oylarida O‘zbekistonning importi hajmi 12,2 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan.
© majorcustoms2026 yil birinchi choragida O‘zbekistonning umumiy import tarkibidagi asosiy ulushni mashinalar, transport uskunalari va sanoat tovarlari tashkil qilgan.
Import mahsulotlarining asosiy tarkibi
Import tarkibida eng katta ulush mashinalar va transport asbob-uskunalari hissasiga to‘g‘ri keldi. Ushbu yo‘nalishdagi import 4,1 mlrd dollarga yetgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,9 foizga oshgan.
Sanoat tovarlari importi 1,7 mlrd dollarga yetdi va 14,2 foizlik o‘sish qayd etildi. Kimyoviy vositalar hamda shunga o‘xshash mahsulotlar importi esa 1,5 mlrd dollar bo‘lib, 21,5 foizga ko‘paygan.
Importda eng yuqori o‘sish
Oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar importi 1,4 mlrd dollarga yetdi. Bu yo‘nalishda eng yuqori o‘sish sur’atlaridan biri kuzatilib, import hajmi 45,9 foizga oshgan.
Xizmatlar importi 1,2 mlrd dollar, mineral yoqilg‘i va moylash materiallari importi ham 1,2 mlrd dollardan oshdi. Ayniqsa, yoqilg‘i mahsulotlari importida 64,4 foizlik keskin o‘sish qayd etildi.
Shuningdek, turli xil tayyor buyumlar importi 441,8 mln dollar, nooziq-ovqat xomashyosi importi 288,9 mln dollar, hayvon va o‘simlik moylari importi 158,1 mln dollarga yetdi. Ichimliklar va tamaki mahsulotlari importi 71,3 mln dollar bo‘ldi.
Importi kamaygan mol go‘shti
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonga import qilinayotgan mol go‘shti hajmi ketma-ket ikki oy davomida kamaygan. 2026 yil aprel oyida O‘zbekistonga umumiy qiymati 57 million dollarlik 11,2 ming tonna mol go‘shti import qilingan. Bu mart oyiga nisbatan sezilarli pasayishni ko‘rsatadi.
Taqqoslash uchun, mart oyida xorijdan 61 million dollarga 12,7 ming tonna, fevral oyida esa 67,4 million dollarga 14,4 ming tonna mol go‘shti olib kirilgan. Shunday qilib, import hajmi martda 1,7 ming tonnaga, aprelda esa yana 1,5 ming tonnaga qisqargan.
Shu bilan birga, ichki bozorda go‘sht narxlari o‘sishda davom etmoqda. Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, aprel oyida suyakli mol go‘shti narxi bir oy ichida 3,2 foizga oshgan. Yillik hisobda esa o‘sish 16,6 foizni tashkil etgan.
Suyaksiz mol go‘shti ham oylik hisobda 3,2 foizga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa 17,3 foizga qimmatlashgan. Qo‘y go‘shti narxi aprel oyida 3,7 foizga, yillik hisobda esa 20,3 foizga oshgan.





