O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida o‘rtacha daromad gektariga 5 ming dollarga ko‘paydi – Mirziyoyev

Bir yil ichida bir dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratishga sarflangan energiya xarajatlari 15 foizga kamaydi, iqtisodiy o‘sishning yarmidan ko‘pi xizmatlar hisobidan ta’minlangan.

O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida o‘rtacha daromad gektariga 5 ming dollarga ko‘paydi – Mirziyoyev

O‘tgan yili O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti hajmi 7,7 foizga o‘sib, 147 milliard dollardan oshdi. Bu haqda bugun, 13-fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Iqtisodiyotga ilg‘or, energiya tejamkor texnologiya olib kirilayotgani, yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan loyihalar ko‘paytirilayotgani natijasida bir yil ichida bir dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratishga sarflangan energiya xarajatlari 15 foizga kamaydi, iqtisodiy o‘sishning yarmidan ko‘pi xizmatlar hisobidan ta’minlangan. Qishloq xo‘jaligida hektaridan o‘rtacha daromad 4,5 mingdan 5 ming dollarga ko‘paydi. Mehnat unumdorligi 4,7 foizga oshgan.

«Bularning barchasi iqtisodiyotimiz yangi sifat bosqichiga o‘tayotganidan dalolat. Biz 2026 yilda 6,6 foizli iqtisodiy o‘sish qilib, yalpi ichki mahsulot hajmini 167 milliard dollarga yetkazishni prognoz qilgan edik. Bu geosiyosiy vaziyat va iqtisodiy tebranishlar hisobga olib qilingan ehtiyotkor prognoz», – dedi Prezident.

Rahbarlarga topshiriq

Davlat rahbari har bir vazir, hokim, tarmoq rahbari sohasi, tizimi, korxonalariga yangicha boshqaruv olib kirib, bor resurslardan samarali foydalansa, an’anaviy eksport bozorlari va mahsulotlariga bog‘lanib qolmasdan, yangi yo‘nalishlarni topib, tadbirkorlarga yo‘l ochib bersa, sun’iy intellekt, raqamlashtirish bo‘yicha mutaxassislarni jamlab, innovatsiyalar qilsa, salohiyatli yoshlarni topib, «startap klub»lar tashkil etsa, ularning ishlanmalarini korxonalarda qo‘llasa, yanada yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga barcha imkoniyatlar borligini ta’kidladi.

Lekin ko‘p rahbarlar jon kuydirib, katta marra olish o‘rniga hech qanday o‘zgarish qilmasa ham o‘z-o‘zidan ta’minlanadigan rejalar olgani ko‘rsatib o‘tildi.

So‘nggi uch yilda sanoatda qo‘shilgan qiymat ulushi 40,7 foizdan 43 foizga ko‘paydi. Lekin ushbu ko‘rsatkich avtomobil ishlab chiqarishda atigi 20,7 foiz, elektr uskunalarida 29,3 foiz, oziq-ovqat sanoatida 30,1 foiz, charm sanoatda 33,4 foiz, kimyo sanoatda 40,4 foizni tashkil qilib, qo‘shilgan qiymat pastligicha qolmoqda. Vaholanki, 2023-2025 yillarda mana shu 5 ta tarmoqqa jami 12 milliard dollar investitsiya kiritildi, 200 dan ziyod yangi quvvatlar ishga tushdi. Masalan, agrotexnologiya o‘zgargani uchun dehqonlar dalada suyuq o‘g‘it ishlatishni afzal ko‘ryapti. Lekin haligacha kimyo zavodlari bunga moslasha olgani yo‘q. Faqat an’anaviy mineral o‘g‘it ishlab chiqarmoqda.

Teglar

Mavzuga oid