add

O‘zbekiston turizmi: 7 yilda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

16.09.2025 | 22:007768

So‘nggi yetti yilda O‘zbekistonda xorijiy sayyohlar soni qariyb to‘rt barobarga ortdi, ichki turizmda ham ko‘rsatkichlar ikki barobarga yaqin ko‘paydi.

O‘zbekiston turizmi: 7 yilda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) 2017–2024 yillarda O‘zbekistonda turizm sohasining rivojlanishini tahlil qildi. Tadqiqotda turistlar tashrifi, sohadagi bandlik, turoperatorlar faoliyati statistikasi, xizmatlar eksporti hamda yo‘nalishlar o‘zgarishi kabi ko‘rsatkichlar o‘rganilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi yetti yilda xorijiy sayyohlar soni qariyb 4 barobarga ko‘paygan. 2017 yilda mahalliy sayyohlar 10,6 mln kishini tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilda bu ko‘rsatkich 22 mlnga yetgan. Shu davrda xorijiy sayyohlar soni 2,7 mln nafaridan 10,1 mln nafaragacha oshgan. Statistika qo‘mitasi esa 2025 yilning dastlabki 5 oyida 4,2 mln chet el fuqarosi turizm maqsadida tashrif buyurganini ma’lum qildi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 48,2 foizga ko‘p. Turistlarning mamlakatlar bo‘yicha taqsimoti quyidagicha: [caption id="attachment_17212" align="aligncenter" width="633"]Turizm 01 Infografika: Vaqt.uz (Statistika qo‘mitasi ma’lumotlari asosida)[/caption] Turistik manzillar Turoperatorlar soni 2017–2021 yillarda deyarli 5 barobarga oshib, 2024 yilda 3 ming 686 taga yetdi. Shu o‘rinda, 2022–2024 yillarda «Toshkent Siti», «Samarqand turizm markazi», «Afsonalar vodiysi», «Arda Xiva» va «Miraki turizm markazi» kabi yirik ob’ektlar ishga tushirildi. Hududlar kesimida Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Namangan viloyatlarida 12 ta «turistik qishloq» faoliyat yuritmoqda. Ular yiliga 4 mln sayyohga xizmat ko‘rsatmoqda. Mo‘ynoq va Parkent tumanlarida esa ekstremal turizmni rivojlantirish maqsadida parashyutdan sakrash va aerodayving xizmatlari tashkil etilgan.   Sohada qanday yo‘nalishlar ochildi? Turistik oqim dinamikasi tahlili asosida 40 dan ziyod mamlakat sayyohlari uchun maxsus yo‘nalishlar ishlab chiqildi va respublikada umumiy yo‘nalishlar soni 95 taga yetdi. Bu sayyohlar uchun mamlakatda turizm xizmatlarining tanlovini ko‘paytirdi. [caption id="attachment_17213" align="aligncenter" width="633"]Turizm 02 Infografika: CERR[/caption] Ovqatlanish va mehmonxona xizmatlarida turli qatlam iste’molchilari uchun «Halol», «Kosher» va «Vegan» standartlari joriy etildi. Ichki turizmni qo‘llab-quvvatlash maqsadida esa 2022 yildan «Keshbek» dasturi ishga tushirildi. Bu orqali mahalliy aholi o‘z sayohatlaridan sarflagan mablag‘ining bir qismini qaytarib olish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Xorijiy bozorlarda raqamli targ‘ibot kampaniyalari katta samara berdi. Masalan, 2024 yilda Xitoyning «Trip.com» platformasida O‘zbekiston turizmini targ‘ib qilish dasturi ishga tushirildi. Natijada 37,7 ming xitoylik sayyoh aynan shu platforma orqali keldi, yillik umumiy oqim esa 57 ming kishiga yetdi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 1,6 barobar o‘sish demakdir. Bundan tashqari, hududlarda turizmning yangi yo‘nalishlari joriy etildi. Ular orasida «turizm mahallasi», «turizm qishlog‘i», «qishki turizm» va «tabarruk ziyorat» kabi yo‘nalishlar mavjud bo‘lib, ular turizmni diversifikatsiya qilish va mahalliy aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilmoqda.   Turizmning iqtisodiyotga ta’siri qanday bo‘ldi? Turizm qo‘mitasining ma’lumotiga ko‘ra, aholini ish bilan ta’minlash ko‘rsatkichi 7 yilda 2 barobar oshgan. 2017 yilda 187 ming kishi ishlagan bo‘lsa, 2024 yilda ularning soni 391 mingga yetdi. Shuningdek, sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 1,7 foizga chiqdi. Xizmatlar eksporti 2023 yilda 3,4 mlrd dollarni tashkil qilib, 7 yilda umumiy miqdor 10,7 mlrd dollarga yetgan. Bundan tashqari, 93 davlat fuqarolari uchun vizasiz tartib joriy etildi. Shu bilan birga, 56 davlat sayyohlari elektron viza orqali mamlakatga kirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 47 davlat fuqarolari uchun esa alohida imtiyoz belgilanib, ular O‘zbekistonda tranzit tarzida vizasiz besh kungacha qolishi mumkin. Shuningdek, yana 76 davlat fuqarolari uchun turistik vizani rasmiylashtirish tartibi soddalashtirildi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, so‘nggi yetti yilda O‘zbekiston turizm sohasi keskin o‘sishni boshdan kechirdi. Xorijiy sayyohlar soni qariyb 4 barobarga oshib, ichki turizm ko‘rsatkichlari ham ikki barobarga yaqin o‘sdi. Yangi turizm ob’ektlari, maxsus yo‘nalishlar, «Keshbek» dasturi va raqamli targ‘ibot kampaniyalari mamlakat turistik imijini sezilarli kuchaytirdi. Mahliyo Hamidova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid