
O‘zbekistonda aholi daromadlari o‘sishida asosiy omil — pul o‘tkazmalari
2025 yilning 9 oylik yakunlariga ko‘ra, aholi daromadlari 8,4 foizga oshdi, lekin bu o‘sishning asosiy qismi mehnat migrantlaridan kelayotgan pul o‘tkazmalari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentyabr oylarida aholi real daromadlari 8,4 foizga, jon boshiga real daromadlar esa 6,3 foizga o‘sgan. Bu ko‘rsatkich avvalgi choraklarga nisbatan sekinlashgan bo‘lsa-da, o‘tgan yilning shu davridagi darajadan biroz yuqori bo‘ldi, deb yozmoqda iqtisodchi Otabek Bakirov.
Eng yuqori jon boshiga daromadlar Toshkent shahrida qayd etilgan — 52 mln so‘m. Eng past ko‘rsatkich Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, bu yerda jon boshiga daromad 14,8 mln so‘mni tashkil etdi. Natijada poytaxt va Qoraqalpog‘iston aholisi o‘rtasidagi daromadlar tafovuti 3,51 barobarga yetdi, o‘tgan yilda bu ko‘rsatkich 3,32 barobar edi.
Daromadlar o‘sish sur’ati bo‘yicha yetakchi hudud Farg‘ona viloyati bo‘ldi — bu yerda jon boshiga daromadlar 13,4 foizga oshgan.
Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, bu o‘sishning asosiy sababi mehnat migrantlari tomonidan yuborilayotgan pul o‘tkazmalari hisoblanadi. Mamlakat bo‘yicha jami daromadlarda pul o‘tkazmalari ulushi 21,5 foizga yetgan bo‘lsa, Farg‘ona viloyatida bu ko‘rsatkich 33,7 foizgacha ko‘tarilgan. O‘tgan yilda ular mos ravishda 16,9 va 26,3 foiz bo‘lgan.
Shu bilan birga, ijtimoiy transfertlar — ya’ni pensiya va nafaqalarning aholi daromadlaridagi ulushi kamayishda davom etmoqda. 2025 yil 9 oylik natijalariga ko‘ra, ijtimoiy transfertlar ulushi 8,6 foizni tashkil etdi (o‘tgan yili 9,6 foiz). Bu holat ijtimoiy yordam oluvchilarning nisbiy kambag‘allashuviga olib kelayotganini ta’kidladi iqtisodchi O.Bakirov.
«O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilinganiga qaramasdan, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ko‘lami hali ham yetarli emasligi kuzatilmoqda», deydi mutaxassis.





