O‘zbekistonda sun’iy intellekt bo‘yicha etika qoidalari tasdiqlandi
Yangi hujjat sun’iy intellekt yaratish, joriy qilish va foydalanishda qonuniylik, shaffoflik va inson huquqlarini ustuvor qo‘yish tamoyillarini belgilaydi.

O‘zbekiston Adliya vazirligi sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni yaratish, joriy qilish va ulardan foydalanishga doir etika qoidalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. 2026 yil 14-mart kuni ro‘yxatdan o‘tkazilgan hujjat mamlakatda sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning asosiy me’yorlarini belgilab beradi.
Mazkur qoidalar sun’iy intellekt texnologiyalari va tizimlaridan foydalanishda qator asosiy etika tamoyillarini belgilaydi:
Qonuniylik;
Shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari hamda atrof-muhitni himoya qilishning ustuvorligi;
Tushunarlilik;
Mas’uliyat, javobgarlik va nazorat;
Adolatlilik va kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik;
Ochiqlik va shaffoflik;
Ma’lumotlar himoyasi;
Ishonchlilik va xavfsizlik.
Hujjatga ko‘ra, ayrim muhim qarorlarni qabul qilishda faqat sun’iy intellekt tizimlari xulosalariga tayanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Xususan:
Inson huquq va erkinliklariga aloqador yuridik ahamiyatga ega qarorlar;
Sog‘liqni saqlash (kasalliklarni tashxislash, davolash usullarini belgilash va boshqalar) va boshqa sohalardagi qarorlar.
Qoidalarga muvofiq, sun’iy intellekt texnologiyalari va tizimlarini ishlab chiquvchi yoki joriy etuvchi shaxslar foydalanuvchilarga bir qator muhim ma’lumotlarni yetkazishi shart. Jumladan:
Ulardan qanday maqsadda foydalanish mumkinligi yoki taqiqlanishi,
Sun’iy intellektga asoslangan yechimlar yoki qarorlar doim to‘g‘ri bo‘lmasligi;
Ularning natijalaridan tavsiyaviy yoki ma’lumot uchun foydalanish mumkinligi haqida ma’lumot berishi lozim.
Hujjatda sun’iy intellekt sohasida ishtirok etuvchi subyektlarning huquq va majburiyatlari ham aniq belgilab qo‘yilgan. Bu esa mamlakatda sun’iy intellekt texnologiyalarini mas’uliyatli va xavfsiz tarzda joriy etishga xizmat qilishi kutilmoqda.




