add

O‘zbekistonda taksichilarning boshqa hududlarda ishlashi taqiqlanmoqda: faollarga ko‘ra bu konstitutsiyaga zid

12.06.2025 | 12:30283213

Haydovchilar o‘z transport vositasiga avtoraqam berilgan hududdagina taksichilik qilishi mumkinli ijimoiy tarmoqlarda katta muhokama va munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ijtimoiy fikr faollari joriy qilingan yangi tartib-qoidani Konstitutsiyaga zid deb baholashmoqda.

O‘zbekistonda taksichilarning boshqa hududlarda ishlashi taqiqlanmoqda: faollarga ko‘ra bu konstitutsiyaga zid
Jurnalist va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, avval bunday qoida bo‘lmagan. 2011 yil 18 maydagi 139-sonli qaroorga ko‘ra, haydovchi yo‘lovchilarni yo‘nalishsiz taksida tashishni litsenziya kartochkasida belgilangan hududda olib borishi belgilangan edi. Ya’ni, Qashqadaryo yoki Namangandan kelib, litsenziya oluvchi haydovchi litsenziya kartochkasida «Toshkent shahri», deb ko‘rsatsa, u bemalol Toshkent shahrida taksichilik qila olar edi. 2011 yilgi qarorda haydovchilarga litsenziya berishda avtomobil raqamining hududiy kodiga qaralishi tartibi ham bo‘lmagan. Ushbu qoida Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 2 apreldagi yangi qarorida aks etgan. Aslida qoida 2 apreldan boshlab qoida kuchga kirgan. Biroq Nizomdagi kichik bir band bo‘lgani sababli ko‘pchilikning e’tiboridan qolgan. Mana endi taksichilar amaliyotda muammoga duch kelishni boshlagandan keyin ma’lum bo‘lib qoldi. «Bunday qaror qabul qilinishi mumkinligi haqidagi xavotirlar bir yildan buyon aytib kelamiz. Afsuski, mas’ullar bu haqdagi «ahmoqona g‘oyani» imi-jimida qabul qilib yuborishibdi, deb yozadi Xushnuj Xudoyberdiyev.   Endi nima bo‘ladi? — deb savol qo‘yadi jurnalist o‘z postida va qaror keltirib chiqaradigan muqarrar xatarlar va qiyinchiliklarning ayrimlarini sanab o‘tadi: «Birinchidan, endi Toshkentda taksilar qimmat bo‘ladi; Ikkinchidan, 2 daqiqada keladigan taksi 10 yoki 20 daqiqada kelishni boshlaydi, chunki qonuniy taksichilar soni keskin kamayadi; Uchinchidan, endi viloyatliklar noqonuniy taksichilik qilishga o‘tadi. Ko‘chalarda qo‘l ko‘tarib turganlar ko‘payishni boshlaydi, yashirin iqtisodiyot yana gullab, yashnaydi; To‘rtinchidan, endi qonuniy ishlamoqchi bo‘lgan viloyatliklar noiloj o‘z nomidagi mashinani Toshkent propiskasi bor biror tanishining nomiga o‘tkazishga, o‘zi esa «bosh ishonch qog‘ozi» (gendoverennost) orqali yurishga majur bo‘ladi. Natijada, mulkiy nizolarning yangi to‘lqini boshlanadi, tanishiga ishonib, o‘z mashinasidan ayrilib qolgan yurtdoshlarimiz ko‘payishni boshlaydi. Mas’ullar o‘ylaganidek, bu qaror orqali Toshkentda tirbandliklar kamayib qolmaydi. Hamma o‘z viloyatiga qaytib ketmaydi (ish yo‘q joyda nima bor?). Eng asosiysi PROPISKA REJIMI rasman qaytgani bilan hammani tabriklayman! Qanchadan qancha «qon yutishlar» orqali bir amallab yo‘qotilgan la’nati rejim taksichilar misolida yana ORTGA QAYTIBDI! Konstitutsiyaga zid bo‘lsa ham, baribir shu qarorni qabul qilishibdi. Eh, propiska rejimi bekor qilingani Yangi O‘zbekistondagi eng katta yutuqlardan biri sifatida e’tirof etilgan edi-ya... Buncha tez ortga qaytamiz, deb o‘ylamagandim. Taksichilar — bu boshlanishi! Ertaga viloyatlik sartarosh o‘zini viloyatida sochini olsin, deyishadi; viloyatlik novvoy o‘zini viloyatida non yopsin, deyishadi; viloyatlik xodimlar o‘zini viloyatida ishlasin, deyishadi. Yo‘q, unaqa bo‘lmaydi, demoqchimisiz? Men uncha shoshmagan bo‘lardim. Mana, taksida qilishdi-ku... Axir bu fakt-ku?!», deb yozgan X.Xudoyberdiyev.   Bunaqasi o‘tgan yomon zamondayam bo‘lmagan, deb yozmoqda iqtisodchi Otabek Bakirov. Daryo nashri bilan suhbatda bo‘lgan Transport vazirligi vakilining «bu tartib kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolmagan, avvaldan bo‘lgan», qabilidagi oqlovi umuman asossiz. Chunki hukumatning 2011 yil 18 maydagi 139-sonli qarorida bunday norma mavjud bo‘lmagan. «Litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan hudud avtotransport vositasiga berilgan davlat raqami belgilarining hududiy kodlaridan kelib chiqib aniqlanadi» talabi, ya’ni haydovchining o‘z hududida, ya’ni litsenziya kartochkasida ko‘rsatilgan hududda faoliyat olib borishi  hukumatning 2025 yil 2 apreldagi 200-sonli qarori bilan qo‘shilgan. Qaror muhokamaga qo‘yilmagan, nima uchun bunday talab kiritilayotgani izohlanmagan. Uning oqibatlari ham o‘ylanmagan. O‘nminglab odamlarning nafratini qo‘zg‘aydigan bu qarorning lobbisti kim bo‘lganini o‘zingiz uchun tasavvur qilishingiz mumkin», deb yozadi Bakirov. Bakirov bu masala yuzasidan Konstitutsion sudga murojaat qilish kerakligini ta’kidlagan. «Shaxsan mening fikrimcha, poytaxtda taksi xizmati ko‘rsatishdan viloyatliklarni chetlatadigan yoki cheklovni aylanib o‘tish uchun qo‘shimcha xarajatga majburlaydigan bu rasvo talab Konstitutsiya ruhi va mundarijasiga zid. Konstitutsion sudga murojaat qilishning eng tez varianti sifatida parlament deputatlari orqali amalga oshirilishi mumkin. Siz nima deb o‘ylaysiz, deputatlar orasida bironta mard chiqarmikan? Agarda viloyatlik taksistlarning huquqi cheklanishiga ko‘z yumilsa, ertaga navbat viloyatlik novvoylar, viloyatlik o‘qituvchilar va hammamizga yetib boradi. Biz o‘tgan yomon zamonda bir kechada uyg‘onib turib, 2016 yilga kelib qolmaganmiz», deydi Bakirov.   Iqtisodchi Bekzod Hoshimov Toshkentdagi tirbandliklar masalasini xato yo‘l bilan yechishmoqchi, degan fikrda. «Muammo talabda, taklifda emas. Toshkentda ko‘p avtomobillarga talab bor, ko‘p odamlar esa bu talabni qondiradi. Bu masalani to‘g‘ri yechimlari bor — pullik parkovka, jamoat transportiga sarmoya, balki ko‘chalardagi harakatlanish ayrim vaqtlarda pullik bo‘lishi mumkin. Belgilangan chorada esa — masala xuddi faqat taklifdadek tuyulyapti. Qaysidir mamlakatda, avtomobil nomerlari toq raqam bilan tugasa toq kunlarda, juft raqam bo‘lsa juft kunlarda harakatlanishga ruxsat berishgan edi. Natijada, avtomobillar soni qaryib ikki karra oshgan. Bu loyihani ham aylanib o‘tishadi, sal-pal haqlar poymol qilinadi, qonuniylika nisbatan behurmatlik oshadi, lekin taksilar yo‘q bo‘lib qolmaydi. Ikkinchi muhim tomoni — qonuniylik masalasi. Konstitutsiaviy va bazaviy inson huquqlari. Agar qaysidir faoliyat turi — odamni kelib chiqishi sababidan boshqa viloyatlarda ishlashi taqiqlansa — insonlarning konstitutsiaviy huquqi masalasi ko‘tarilishi kerak. O‘zbekistonliklar, O‘zbekistonni istalgan xududida yashashga va mehnat qilishga bo‘lgan haqlari cheklanmasligi kerak, deb o‘ylayman. Yana bir mental eksperiment: agar viloyatlararo cheklov to‘g‘ri deb o‘ylasangiz, nega unda tumanlararo cheklov xato narsa deb o‘ylaysiz? O‘ylab ko‘ring, Qashqadaryolik haydovchi Toshkentda ishlamasligini oqlashga ishlatilgan mantiqni yunusobodlik haydovchi Sergelida ishlamasligiga yoki, chinozlik haydovchi Yangiyo‘lda ishlashi mumkin emasligiga qo‘yib ko‘ring. Ahmoqona eshitiladi-a? Bir respublika ichidagi cheklovlar ham xuddi shunday eshitiladi. Ular mantiqsiz!» — deb yoo‘zgan Hoshimov.    

Mavzuga oid