add

Qimmat aviachiptalar: O‘zbekiston aviabozorida nega raqobat yo‘q?

Kecha 19:557 daqiqa

2025 yilda aviaqatnovlar o‘sgan bo‘lsa-da, qimmat aviachiptalar va yopiq bozor O‘zbekistonda samolyotni ommaviy transportga aylantirishni to‘xtatib turibdi.

Qimmat aviachiptalar: O‘zbekiston aviabozorida nega raqobat yo‘q?

2025 yilda O‘zbekiston aeroportlari 15,5 mln nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 15 foizga ko‘p. 

Solishtirish uchun, 2024-yilda yo‘lovchi tashish hajmi 33 foizga o‘sgan edi. Ko‘rinib turibdiki, o‘sish sur’ati yildan yilga sezilarli darajada sekinlashgan va bu, asosan, xalqaro reyslar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

 

Xalqaro reyslar: o‘sish bor, ammo drayver yo‘q

Yil davomida xalqaro reyslarda 12,7 mln nafar yo‘lovchi tashilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 15,3 foizga ko‘p. Xalqaro qatnovlar umumiy yo‘lovchi tashish hajmining 82 foizini tashkil etgan.

Biroq ushbu segment oldingi yillardagi kabi aviaqatnov bozorining asosiy «drayveri» bo‘la olmayapti. Bunga sabab sifatida aviatiptalarning qimmatligi, raqobatning cheklangani va yoqilg‘i bilan bog‘liq manfaatlarni ko‘rsatish mumkin.

Jumladan, Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan elchilar va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotda turizm sohasidagi tadbirkor O‘zbekistonga aviatipta narxlarining qimmatligini ochiqchasiga tanqid qilgan edi. 

Uning ta’kidlashicha, loukoster aviakompaniyalar yo‘qligi sabab O‘zbekistonga parvozlar 700–900 dollar atrofida shakllanmoqda. Xolbuki, masalan, Gurjistonga dam olish kunlari uchun sayohat qilish 50–100 dollar doirasida bo‘lishi mumkin. Mazkur uchrashuv chog‘ida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ushbu masalani hukumat komissiyasi doirasida ko‘rib chiqishga va’da bergan.

Aviachipta narxlari masalasi «Avval iqtisod…» dasturida ham ko‘tarilib, iqtisodchi Otabek Bakirov bu holat nafaqat mahalliy iste’molchilar, balki O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan xorijiy turistlar uchun ham jiddiy to‘siq bo‘layotganini qayd etdi.

«Yevropadan Toshkentga kelish 700–800 dollardan yuqori bo‘ladi. Bu faqat bir tomonga hisoblanadigan narx. Borib-kelish esa 1500 dollarga tushadi. Yevropalik bu pulga Tunisga, Turkiyaga yoki Gurjistonga borib, bir hafta yoki o‘n kunlik paketda dam olib keladi. Ya’ni, biz nafaqat o‘z bozorimizni yopib qo‘yib, o‘zbekistonliklarni jazolayapmiz, balki yondosh segmentlarni, xususan, turizmni ham jazolayapmiz», — deya Bakirov loukosterlar uchun bozor yopiqligini tanqid qildi.

Shuningdek, u temiryo‘l xizmatlari tomonidan har yili odatga aylanib qolgan tariflarning oshirilishi va buning ortidan aviachipta narxlarining ham qimmatlashib borishini tilga olib, bunni «til biriktirish» sifatida izohladi.

Ma’lumot uchun, 1-fevraldan O‘zbekistonda barcha yo‘lovchi poyezd chiptalari 15 foizga oshdi. Shuningdek, shu vaqtdan boshlab «Silk Avia» ham O‘zbekiston bo‘ylab aviachipta narxlarini oshirdi. Bunda narxlar umumiy hisobda 7,5 foizga ko‘tarilgan.

 

Ichki reyslar: eng og‘riqli nuqta

Ichki reyslar masalasi O‘zbekiston aviaqatnov bozorida allaqachon «og‘riqli nuqta»ga aylangan. 2025 yilda ichki reyslarda atigi 2,8 mln nafar yo‘lovchi tashilgan bo‘lib, o‘sish 12,8 foizni tashkil etdi.

Ma’lumot uchun, 2025 yilda ichki aviaqatnovlar 56,9 foizga qimmatlashgan va narxlar o‘sishi bo‘yicha yetakchi uchta mahsulot va xizmat qatoriga kirgan.

Xususan, O‘zbekistonda viloyatlar o‘rtasidagi masofa uzoq bo‘lishiga qaramay, ichki aviaqatnovlar aholining kundalik ehtiyojiga aylanmagan. Amalda esa uzoq hududlardan poytaxtga qatnovda samolyot emas, avtomobil afzal ko‘rilmoqda. Negaki qolgan barcha transport turlarining tannarxi oddiy xalq uchun qimmatlik qiladi.

Bu holat «Avval iqtisod…» dasturida ham alohida tanqid qilingan. Iqtisodchi Otabek Bakirov ta’kidlashicha, O‘zbekiston ichida «A» nuqtadan «V» nuqtaga parvoz qilish Yevropada shunga o‘xshash masofaga uchishdan bir, ba’zan ikki-uch barobar qimmatga tushmoqda.

Uning fikricha, Xorazm, Qoraqalpog‘iston yoki Surxondaryodan Toshkentga aholining avtomobil orqali qatnovni afzal ko‘rishi ham aynan shu bilan bog‘liq. Samolyotda uchish juda qimmat bo‘lib, bu holat doimiy ravishda aviayoqilg‘i narxlari bilan izohlanib kelinmoqda.

Bakirovning qayd etishicha, muammoni hal etish yo‘llaridan biri sifatida hukumat darajasida loukoster aviakompaniyalarni jalb qilish zarurligi ham e’tirof etilmoqda. Biroq amalda ushbu aviakompaniyalar O‘zbekiston bozoriga kira olmayapti. Holbuki, loukosterlar mamlakat chegaralari yaqinida faoliyat yuritmoqda. Masalan, Qirg‘izistonda loukosterlar bozorga kiritilgani sabab O‘sh orqali uchib, keyin boshqa yo‘nalishlarga parvoz qilish ikki barobar arzon tushmoqda.

 

Qozog‘iston tajribasi: ochiq bozor qanday ishlaydi?

2025 yilda Qozog‘iston aeroportlari orqali 31,8 mln nafar yo‘lovchi tashilgan. Bu O‘zbekiston ko‘rsatkichidan 2,05 barobar ko‘p demakdir. Aholi jon boshiga hisoblaganda, Qozog‘istonda har bir fuqaro o‘rtacha 1,6-marta havo transportdan foydalangan bo‘lsa, O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich atigi 0,4-martaga teng.

Sodda qilib aytganda, Qozog‘istonda odamlar O‘zbekistonga nisbatan ikki barobar ko‘p uchadi, aholi jon boshiga hisoblaganda esa samolyotdan foydalanish darajasi qariyb to‘rt barobar yuqori.

Yuk tashish hajmlari ham sezilarli farq qiladi: Qozog‘iston aeroportlari orqali 173,3 ming tonna yuk tashilgan bo‘lsa, O‘zbekiston aeroportlari orqali bu ko‘rsatkich 98,3 ming tonnani tashkil etgan.

Qozog‘iston aviabozorida raqobatning yuqori darajada ekani xorijiy aviakompaniyalar ulushida ham yaqqol ko‘rinadi. Mamlakat aeroportlari orqali tashilgan yo‘lovchilarning 52 foizi, ya’ni 16,4 mln nafari xorijiy aviakompaniyalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa mamlakatning 17 ta aeroportida «ochiq osmon» rejimi joriy etilgani bilan izohlanadi.

Bu rejim ilk bor 2019 yilda joriy qilingan bo‘lib, uning amal qilish muddati 2027 yil oxirigacha uzaytirilgan. Shuningdek, «beshinchi havo erkinligi» Qozog‘istonning barcha yirik aeroportlarida, xususan, Ostona, Olmaota va Chimkent aeroportlarida ham amal qiladi. Bu omillar parvozlar sonini oshirib, narxlar shakllanishida raqobatni kuchaytirgan.

 

Muammoning ildizi qayerda?

«Avval iqtisod…» dasturida iqtisodchi Otabek Bakirov aviachipta narxlarining keskin qimmat bo‘lishi ortida bitta asosiy omil borligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, juda qimmat chiptalarning ildizi sun’iy ravishda qimmatlashtirilgan aviayoqilg‘i bilan bog‘liq. Bu holat kamdan-kam mamlakatlarda uchraydi va, afsuski, O‘zbekiston ana shunday davlatlar qatoriga kiradi.

Bakirovga ko‘ra, aynan aviayoqilg‘i bozori bilan bog‘liq manfaatlar loukoster aviakompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga kiritilmasligidagi asosiy to‘siqlardan biridir. Chunki loukosterlar faqat arzon chiptalar emas, balki o‘zlari bilan birga arzon yoqilg‘i va qat’iy xarajat intizomini ham olib kiradi. Bu esa mavjud narx tizimini izdan chiqarishi mumkin.

Iqtisodchi loukosterlar kirishi mahalliy aviakompaniyalar uchun xavf tug‘diradi degan qarashni ham asossiz deb hisoblaydi. Uning misoliga ko‘ra, Turkiyada bir vaqtning o‘zida ham loukosterlar, ham «Turkish Airlines» muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Raqobat milliy aviakompaniyaning bozor ulushini yo‘qotishiga emas, balki bozorning umumiy kengayishiga olib keladi.

Bakirovning hisobicha, hozir O‘zbekistonda yiliga 15 mln nafar yo‘lovchi uchayotgan bo‘lsa, loukosterlar kirgandan so‘ng aviabozor hajmi 30 mln nafargacha yetishi mumkin. Bu holatda milliy aviakompaniyaning hozirgi mijozlari kamaymaydi, aksincha, yangi, ilgari samolyotda ucha olmagan qatlam hisobidan bozor kengayadi.

Shunga qaramay, bu yo‘l tanlanmayotganining sababi sifatida tor manfaatlar ko‘rsatiladi. Xususan, aviayoqilg‘i bilan bog‘liq manfaatlar raqobatli bozor shakllanishiga to‘sqinlik qilmoqda. Natijada, mahalliy aviakompaniyalar qimmat yoqilg‘i sabab ichki qatnovlarga ham qiziqmayapti, chunki birgina reysning o‘ziyoq xarajatlarni keskin oshirib yuboradi.

Iqtisodchining fikricha, aynan shu omillar ichki reyslar sustligi, loukosterlarning yo‘qligi va aviachipta narxlarining yuqoriligini bir zanjirga bog‘lab qo‘ymoqda.

 

Mutasaddilar nima deydi?

Spot nashrining xabar berishicha, Uzbekistan Airways boshqaruvi raisi Shuhrat Xudoyqulov aviachipta narxlari bo‘yicha rasmiy izoh berdi. U bu haqda 28-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, o‘tgan yilda aviakompaniya samolyotlarining o‘rtacha to‘ldirilish darajasi 80 foizni tashkil etgan. Ushbu ko‘rsatkich rahbariyat tomonidan mavjud talab va tarif siyosatining bozor sharoitlariga mosligi bilan izohlanmoqda.

Xudayqulovning ta’kidlashicha, mamlakat ichidagi va tashqarisidagi aviachipta narxlari me’yor doirasida shakllangan va boshqa aviakompaniyalar tariflariga nisbatan raqobatbardosh hisoblanadi. Uning fikricha, agar narxlar raqobatbardosh bo‘lmaganida, aviatsiya bozori hozirgi darajada rivojlanmagan bo‘lardi.

Shuningdek, u O‘zbekiston aviatsiya bozorida raqobat mavjudligini qayd etdi. Xususan, «Uzbekistan Airways» va uning shu’ba korxonasi «Silk Avia»dan tashqari, «Centrum Air», «Qanot Sharq» va «Fly Khiva» mahalliy aviatashuvlar bilan shug‘ullanadi. Har bir xalqaro yo‘nalishda boshqa tashuvchilar tomonidan ham muayyan darajada raqobat mavjud.

Aviakompaniya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, tashuvchi bozor talabini hisobga olmasdan aviachipta narxlarini mustaqil belgilay olmaydi. Shu bilan birga, u yaqin ikki-uch yil ichida bozordagi vaziyat o‘zgarishi mumkinligini ham bildirdi.

«Men hozir reyslar yetarli yoki aviachipta narxlari hammaga mos keladi, deb ayta olmayman. Biroq biz bu yo‘nalishda ishlayapmiz. Mening fikrimcha, masalaga kompleks yondashish lozim: bozorda va har bir yo‘nalishda raqobat mavjud», — deya ta’kidladi Uzbekistan Airways rahbari.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yil mart oyida Shuhrat Xudayqulov prezidentning chiptalar narxini oshirmaslik va narxlarni shakllantirish jarayonini nazorat qilish bo‘yicha topshirig‘i haqida gapirgan edi.

May oyida esa Raqobat qo‘mitasi O‘zbekistondagi yo‘lovchi aviakompaniyalarini sun’iy ravishda aviachiptalar taqchilligini yaratganlik uchun javobgarlik haqida ogohlantirgan.

Hozirgi vaziyatda O‘zbekistonda samolyotda uchish qimmat va ko‘pchilik uchun «boylar xizmati»ga aylanib ulgurdi. Shu bois odamlar uzoq masofalarda ham mashina yoki avtobusni tanlashga majbur bo‘lyapti, bu esa turizm sur’atiga ham sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu holatni o‘zgartirish uchun murakkab qarorlar shart emas — aviabozorni loukosterlar uchun ochishning o‘zi yetarli. Raqobat paydo bo‘lsa, narxlar pasayadi, reyslar ko‘payadi va samolyot oddiy odam uchun ham an’anaviy transportga aylanadi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 45

Barchasi

Mavzuga oid