Retsessiya xavfi: Fors ko‘rfazi iqtisodiyoti Erondagi urushdan katta zarar ko‘rmoqda

Bugun 08:255 daqiqa

Yaqin Sharqdagi qurolli mojaro tufayli Fors ko‘rfazi mamlakatlarining energiya eksportidan tortib turizm sohasigacha bo‘lgan iqtisodiy tarmoqlari jiddiy xavf ostida qoldi.

Retsessiya xavfi: Fors ko‘rfazi iqtisodiyoti Erondagi urushdan katta zarar ko‘rmoqda

AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi oqibatlari butun dunyo bo‘ylab aks sado berayotgan bir paytda, Ko‘rfaz iqtisodiyoti eng katta talafotlarni ko‘rmoqda. Eron 28-fevral kuni mojaro boshlanganidan beri Ko‘rfaz davlatlariga tinimsiz hujumlar uyushtirib, buni AQSH harbiy bazalarini nishonga olayotgani bilan izohlamoqda. Biroq mintaqa davlatlari Tehronning bu da’volarini rad etib, hujumlarni asossiz deb atadi.

Eron zarbalari energiya ishlab chiqarishni izdan chiqardi hamda turizm va transport sohalarida yirik uzilishlarni keltirib chiqardi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, mavjud vaziyat Yaqin Sharq iqtisodiyotini 1990–1991-yillardagi Ko‘rfaz urushidan buyon kuzatilgan eng mudhish va og‘ir inqiroz yoqasiga olib kelmoqda.

«Aviatsiya, turizm, dengiz logistikasi va energiya resurslari eksportidagi uzilishlar, shuningdek, sug‘urta badallari hamda yuk tashish xarajatlarining keskin ko‘tarilishi mintaqa iqtisodiyoti uchun har kuni yuzlab million dollar miqdoridagi ulkan moliyaviy yo‘qotishlarni anglatadi», — deydi Dubaydagi Zayd universiteti professori Xolid Almeyzayniy.

Uning ta’kidlashicha, yetkazilgan  zararning asl ko‘lami savdo yo‘llari, portlar va havo hududidagi cheklovlar qancha davom etishiga bog‘liq.

Ikki haftadan ziyod davom etayotgan harbiy harakatlar mintaqa iqtisodiyotiga jiddiy zarba bo‘ldi. «Rystad Energy» markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Ho‘rmuz bo‘g‘ozidagi cheklovlar tufayli Yaqin Sharqdagi kunlik neft qazib olish hajmi 21 million barreldan 14 million barrelgacha qisqardi.

Agar Tehron tahdidlari tufayli tijorat kemalari bo‘g‘ozdan o‘tishdan bosh tortishda davom etsa, eng pessimistik ssenariyda ishlab chiqarish hajmi kuniga 6 million barrelgacha tushib ketishi prognoz qilinmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp suv yo‘llari xavfsizligini ta’minlashda «ko‘plab» davlatlar Vashingtonga harbiy-dengiz kuchlari bilan yordam berishga tayyorligini aytgan bo‘lsa-da, hozirgacha birorta hukumat o‘z ishtirokini rasman tasdiqlamadi. Aksincha, bir necha davlat ushbu maqsadda harbiy kemalarini safarbar etish ehtimolini allaqachon ochiqchasiga rad etdi.

So‘nggi o‘n yilliklarda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish bo‘yicha ko‘rilgan sezilarli chora-tadbirlarga qaramay, Fors ko‘rfazi hamkorlik kengashi a’zolari — Qatar, Quvayt, Bahrayn, Saudiya Arabistoni, BAA va O‘mon uchun neft qazib olish hamon yalpi ichki mahsulotning (YAIM) qariyb to‘rtdan bir qismini tashkil etmoqda.

«Middle East Economic Survey» (MEES) tahlilchisi Yesar al-Malekiyning fikricha, Qatar, Quvayt va Bahrayn Ho‘rmuz bo‘g‘ozini chetlab o‘tuvchi muqobil eksport yo‘nalishlari cheklangani sababli, ta’minotdagi uzilishlardan eng ko‘p talafot ko‘radigan davlatlar hisoblanadi.

«Saudiya Arabistoni va BAA nisbatan yaxshiroq holatda, chunki ikkala davlat ham bo‘g‘ozni qisman chetlab o‘tish imkonini beruvchi infratuzilmaga sarmoya kiritgan», — deydi Al-Malekiy.

Shunga qaramay, mintaqa iqtisodiy ko‘rsatkichlarining pasayishi deyarli muqarrar bo‘lib qolmoqda. «Goldman Sachs» investitsiya bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, agar urush aprel oyi oxirigacha davom etsa, Qatar va Quvayt YAIM hajmi 14 foizgacha tushib ketishi mumkin. BAA va Saudiya Arabistonida esa iqtisodiy qisqarish mos ravishda 5 va 3 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.

Shu bilan birga, dunyodagi yetakchi reyting agentliklaridan biri — «S&P Global Ratings» Qatarning iqtisodiy istiqbollarini «barqaror» deb baholadi. Agentlikning qayd etishicha, mamlakatning «yirik moliyaviy zaxiralari salbiy geosiyosiy o‘zgarishlar, jumladan, suyultirilgan tabiiy gaz (STG) ishlab chiqarish va eksportidagi vaqtinchalik uzilishlar ta’sirini yumshatish uchun yetarlicha fiskal va tashqi imkoniyat yaratadi».

Biroq, «Capital Economics» tahliliy markazining qayd etilishicha, agar mojaro kamida uch oy davom etsa va energetika infratuzilmasiga jiddiy zarar yetsa, mintaqa davlatlarining YAIM hajmi 10–15 foizgacha tushib ketishi mumkin.

Fors ko‘rfazi bilan chegaradosh bo‘lsa-da, Kengashga a’zo bo‘lmagan Iroq ham energetika inqirozidan qattiq jabr ko‘rmoqda. «Wood Mackenzie» tahliliy markazining iqtisodiyot bo‘limi rahbari Piter Martinning so‘zlariga ko‘ra, neft qazib olish hajmining taxminan 70 foizga qisqarishi natijasida Iroq hukumati kuniga qariyb 3 milliard dollar yo‘qotmoqda.

«Ishlab chiqarishdagi cheklovlarning davomiyligi iqtisodiy ta’sirni belgilovchi asosiy omil, ammo bu borada aniqlik yo‘q. Agar 2026-yilda Iroqda neft qazib olish yillik hisobda 10 foizga kamaysa, joriy yilda YAIM 3,5 foizga qisqarishini prognoz qilyapmiz», — deydi Martin.

Garchi energiya resurslari Ko‘rfaz iqtisodiyotining «qon tomiri» bo‘lib qolsa-da, urush boshqa muhim tarmoqlarga, ayniqsa, Kengash davlatlari YAIMining 11 foizini tashkil etuvchi va jadal rivojlanayotgan turizm va transport sohalariga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi.

«Cirium» aviatsiya tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, havo hududining yopilishi va joriy etilgan cheklovlar sababli 28-fevraldan 8-martgacha bo‘lgan davrda 37 000 ta aviaparvoz bekor qilingan.

BAA hukumati «mintaqaviy xavfsizlikdagi keskin vaziyat»ni inobatga olib, mamlakat havo kengliklarini qisqa muddatga to‘liq yopishga qaror qildi. Ushbu strategik qaror dunyoning eng yirik aviatsiya xabi — Dubay xalqaro aeroporti yaqinidagi yoqilg‘i omboriga dronlar hujumi uyushtirilganidan bir kun o‘tib e’lon qilindi.

Garchi «Qatar Airways» ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha maxsus reyslarni tiklashga kirishgan bo‘lsa-da, Ko‘rfaz mintaqasidagi biror-bir aviatashuvchi hali mojarodan oldingi barqaror ish tartibiga qayta olgani yo‘q.

Butunjahon sayohat va turizm kengashi (WTTC) tomonidan o‘tgan hafta e’lon qilingan tahlillarga ko‘ra, davom etayotgan harbiy mojaro mintaqa iqtisodiyoti uchun xalqaro sayyohlardan kelib tushadigan kunlik 600 million dollarlik ulkan daromadni yo‘qotishga sabab bo‘lmoqda

Ikki haftadan ortiq vaqt davomida sayyohlik buyurtmalari, xalqaro konferensiyalar va yirik sport tadbirlarining bekor qilinishi mintaqaning sayohat, mehmonxona va xizmat ko‘rsatish tarmoqlari uchun ulkan iqtisodiy talafotni anglatadi», — deydi Buyuk Britaniyaning «The Open University» iqtisodiyot bo‘yicha ma’ruzachisi Emili Ratlej.

Uning fikricha, agar AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi bo‘lmaganida, so‘nggi 15 kun ichida o‘n minglab yevropalik va osiyolik sayyohlar Doha, Dubay va Abu-Dabi orqali safar qilgan bo‘lar edi.

MEES tahlilchisi Al-Malekiyning ta’kidlashicha, agar urush harakatlari uzoq davom etsa, uning iqtisodiy oqibatlari mintaqadagi tarixiy inqirozlar ko‘lami bilan tenglashishi mumkin. Uning fikricha, yaqin istiqbolda savdo va ishlab chiqarishdagi uzilishlar pandemiya davridagi iqtisodiy shokni eslatsa, jarayonning surunkali tus olishi 1991-yilgi Ko‘rfaz urushi davrida kuzatilgan iqtisodiy talafotlar darajasiga yaqinlashishi mumkin.

Zayd universiteti professori Almeyzayniy esa butun Ko‘rfaz mintaqasini qamrab oluvchi retsessiya ehtimolini past deb baholamoqda. U ko‘plab mintaqa mamlakatlarida mavjud bo‘lgan ulkan fiskal zaxiralarga ishora qilib, bu mablag‘lar qisqa muddatli zarbalarga bardosh berish uchun yetarli ekanini ta’kidladi.

Almeyzayniyning so‘zlariga ko‘ra, urush haftalab davom etsa, iqtisodiy pasayish xavfi ortadi, biroq hozircha eng ehtimoliy ssenariy — keng ko‘lamli va chuqur inqiroz emas, balki iqtisodiy o‘sishning sustlashishi va tiklanish jarayonining kechikishidir. Bu ayniqsa BAA va Saudiya Arabistoni kabi yirik iqtisodiyotlarga tegishli. Agar keskinlik nisbatan tezroq pasaysa, mintaqa iqtisodiy faollikni ko‘pchilik kutganidan ko‘ra tezroq normallashtirish uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid