add

Rossiya mehnat bozorida Markaziy osiyoliklar o‘rnini hindlar egallamoqda. Putin Hindistonni tanlashga majbur bo‘ldi

Bugun 19:006 daqiqa

Sankt-Peterburg va Moskvada qor kurayotgan hindistonlik ishchilarni ko‘rish oddiy holga aylanmoqda. Markaziy osiyolik ishchilar bo‘shatgan o‘rin uchun Kreml Hindistonga yuzlandi.

Rossiya mehnat bozorida Markaziy osiyoliklar o‘rnini hindlar egallamoqda. Putin Hindistonni tanlashga majbur bo‘ldi© Фото: Adnan Abidi/REUTERS

Rossiya prezidentining barqaror rivojlanish sohasida xalqaro tashkilotlar bilan aloqalar bo‘yicha maxsus vakili Boris Titov o‘tgan yili Rossiyaning «RIA Novosti» davlat axborot agentligiga bergan intervyusida 2026 yilda Rossiyaga kamida 40 ming nafar Hindiston fuqarosi ishga kelishi kerakligini ta’kidlagan edi. Shu bilan birga, Hindistonning Moskvadagi elchisi Vinay Kumarning agentlikka bergan izohiga ko‘ra, 2025 yil yakuniga kelib Rossiyada allaqachon 70 mingdan 80 minggacha Hindiston fuqarolari mehnat qilmoqda.

Hindistondan Rossiyaga migratsiya oqimiga 2025 yil dekabrida Hindiston bosh vaziri Narendra Modi va Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan imzolangan ishchi kuchi mobilligi to‘g‘risidagi kelishuv asosiy turtki bo‘ldi. Mazkur hujjatda 2026 yil uchun qariyb 71 800 nafar Hindiston fuqarosiga kvota ajratish ko‘zda tutilgan.

DW nashrining yozishicha, statistikalar Hindiston fuqarolarining Rossiyaga kirib kelishi ko‘payayotganini ko‘rsatmoqda. 2025 yilning birinchi choragida Rossiya chegarasini qariyb 32 ming kishi kesib o‘tgan bo‘lsa, ikkinchi chorakda — 36 ming, uchinchi chorakda esa bu ko‘rsatkich 63 mingga yetgan.

Hindistonlik mutaxassislarning aytishicha, hind ishchilarini yollash rasmiy va norasmiy agentliklar orqali amalga oshiriladi. Rossiyada malakasiz hind ishchilari uchun maoshlar oyiga 550 dan 1100 AQSH dollarigacha yetadi — bu ularning vatanida topishi mumkin bo‘lgan mablag‘dan sezilarli darajada ko‘p.

Dekabr oyida Sankt-Peterburg ko‘chalarida hindistonlik mehnat migrantlaridan iborat butun boshli brigadalar ko‘rina boshladi. Ular «Fontanka» nashriga oyiga taxminan 100 ming rubl maosh olishlari, turar joy va oziq-ovqat bepul ekani, shuningdek, rus tili kurslari tashkil etilgani haqida ma’lum qilgan. Shahar ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, Sankt-Peterburgga ish qidirib 3 mingga yaqin Hindiston fuqarosi kelgan.

Ismi sir qolishini istagan hindistonlik diplomat DW bilan suhbatda ushbu shartnoma Hindiston uchun ham manfaatli ekanini tushuntirib, «Rossiyaga ishchilar kerak, Hindistonga esa ishsizlikni eksport qilish zarur», — degan.

Ishga emas — frontga

Hindistonlik diplomatning so‘zlariga ko‘ra, rasmiy kelishuv bir muddat avval «norasmiy va tartibsiz» ravishda boshlangan migratsiyani qonuniylashtirish uchun zarur bo‘lgan. Diplomatning ta’kidlashicha, o‘tmishdagi migratsiyaning bunday tartibsiz xarakteri hindistonliklarni firibgarlik sxemalari oldida himoyasiz qoldirgan; o‘shanda ular aldov yo‘li bilan Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolashga majbur qilingan va Ukrainadagi frontga yuborilgan.

Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangandan buyon 126 nafar Hindiston fuqarosi Rossiya armiyasi bilan shartnoma imzolagani rasman tasdiqlangan. Hindiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya tomonida turib jang qilgan kamida 12 nafar Hindiston fuqarosi halok bo‘lgan, 96 nafarini esa vatanga qaytarishga muvaffaq bo‘lingan.

2024 yilda Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Vladimir Putin bilan Moskvadagi uchrashuvi chog‘ida Rossiya armiyasi bilan allaqachon shartnoma imzolagan hindistonliklarni demobilizatsiya qilish (harbiy xizmatdan bo‘shatish) va yangi yollash holatlariga yo‘l qo‘ymaslik masalasini ko‘targan. Ekspertlarning fikricha, bu kelishuv amaliyotda qanday tatbiq etilishini vaqt ko‘rsatadi.

Hindistonliklar Rossiya iqtisodiyotiga moslasha oladimi?

Iqtisodchi Igor Lipsitsning fikricha, Rossiyadagi aksariyat Hindiston fuqarolari duch keladigan asosiy muammolardan biri — bu til to‘sig‘idir. Uning ta’kidlashicha, hind ishchilarining ko‘pchiligi rus tilini bilmaydi, Rossiya aholisining katta qismi esa, ayniqsa chekka hududlarda, ingliz tilini tushunmaydi. «Siz o‘zingiz normal muloqot qila olmaydigan odamni olib kelyapsiz. Demak, undan faqat eng oddiy ishlarda — nimadir olib kelish, olib borish, tozalash yoki qor kurash kabi yumushlarda foydalanish mumkin», — deydi u.

Bundan tashqari, madaniy farqlar integratsiya imkoniyatlarini cheklaydi. «Menimcha, aynan Hindistonga urg‘u berilayotgani, jumladan, musulmonlar oqimini minimallashtirish istagi bilan ham bog‘liq. Asosan hinduizm diniga e’tiqod qiluvchilar olib kelinishi taxmin qilinmoqda. Ammo bu shunchaki «oson yechim illyuziyasi»dir: boshqa madaniyat vakillari baribir o‘zlariga xos xavf-xatarlar va ziddiyatlarni keltirib chiqaradi», — deydi iqtisodchi Andrey Yakovlev.

Sankt-Peterburg shahrida hindistonlik ko‘cha tozalovchilarning paydo bo‘lishini Yakovlev muammoning yechimi emas, balki niyatlarni namoyish qilish deb ataydi. «Asosiy yetishmovchilik — bu ko‘cha tozalovchilar yoki oddiy ishchilar emas, balki ma’lum malakaga ega mutaxassislardir», — deya ta’kidlaydi u. Lipsitsning aytishicha, «hozirda bu, aslida, sinov tariqasidagi yollash jarayonidir. Bu odamlar Rossiya iqtisodiyotiga moslasha oladimi-yo‘qmi, shuni tushunishga urinishdir».

Nima uchun Rossiya asosiy e’tiborni Hindistonga qaratmoqda?

«Krokus Siti Xoll»dagi hujumdan so‘ng, Rossiya rasmiylari migrantlarga qarshi ritorikasini keskin kuchaytirdi va amalda Markaziy Osiyo davlatlaridan ishchi kuchi oqimini chekladi. Bundan tashqari, Lipsits ta’kidlaganidek, ushbu mintaqa davlatlarining o‘zida ham mehnat resurslari tanqisligi sezila boshladi. «Markaziy osiyoliklar endilikda boshqa mehnat bozorlariga — birinchi navbatda, Buyuk Britaniya va Janubiy Yevropadaga faol yollanmoqda. Natijada migrantlar yuqori maosh talab qilishmoqda, bu esa rossiyalik ish beruvchilar uchun iqtisodiy jihatdan foydasiz bo‘lib qolyapti», — deya tushuntiradi u.

DW’ning ta’kidlashicha, muqobil sifatida Hindistonning tanlanishi tasodif emas. Dehlidagi Javaharlal Neru universiteti qoshidagi Rossiya bo‘yicha ekspert Rajan Kumarning taxminicha, Rossiya hindistonlik ishchilarning oylik maoshini neft sotishdan tushgan va Hindiston banklarida to‘planib qolgan rupiylar hisobidan to‘lashi ehtimoli juda yuqori. Hindiston va Rossiya o‘rtasidagi umumiy tovar ayirboshlash hajmi qariyb 70 milliard dollarni tashkil etadi, biroq Rossiya Hindistondan atigi 5 milliard dollarlik mahsulot sotib oladi. Ya’ni, Rossiyaning qo‘lida Hindiston pullari (rupiylar) haddan tashqari ko‘payib ketgan. Ekspertning tushuntirishicha, bu rupiylarni Rossiyaga olib chiqib ketish yoki boshqa valutaga aylantirish juda qiyin. Biroq, Rossiyaga hind ishchilarini olib kelish bu pullarni ishlatish uchun ajoyib imkoniyat.

Kadrlar yetishmovchiligidan ommaviy ishdan bo‘shatishgacha

Rosstat hisob-kitoblariga ko‘ra, 2024 yilda Rossiyada ishchi kuchi tanqisligi 2,2 million kishini tashkil etgan bo‘lsa, Rossiya Fanlar akademiyasi ekspertlari 2023 yilda bu raqamni 4,8 milliongacha deb atashgan edi. Kadrlar yetishmovchiligi sanoat, qurilish, logistika, tibbiyot, savdo va IT sohalarida yaqqol sezilmoqda. Shu bilan birga, ekspertlar bu baholashlar taxminiy ekanini ta’kidlaydi. Yakovlevning fikricha, kadrlar tanqisligi nafaqat urush, mobilizatsiya va immigratsiya tufayli yuzaga kelgan. «Mening tushunishimcha, bu (hindlarni jalb qilish — tahr.) Kremlning chuqur demografik tendensiyalariga nisbatan reaksiyasidir. Ammo urush, immigratsiya va mobilizatsiya haqiqatan ham o‘z rolini o‘ynadi — bu omillar ancha uzoq muddatli muammoni, ya’ni aholining barqaror qisqarishini yanada kuchaytirdi», — deb hisoblaydi u.

«2 milliondan 5 milliongacha bo‘lgan barcha tanqislik hisob-kitoblari «qizib ketgan» iqtisodiyot holati uchun qilingan edi. Hozir vaziyat o‘zgarmoqda: pasayish boshlanmoqda, korxonalar to‘liq bo‘lmagan ish haftasiga o‘tmoqda, joriy yilda esa ommaviy ishdan bo‘shatishlar bo‘lishi ehtimoli juda yuqori», — deydi Lipsits.

Hindistonlik ekspertlar ham ushbu tashabbusga ehtiyotkorlik bilan qaramoqda. Nyu-Dehlidagi Milliy jamoat moliyasi va siyosati instituti professori Lexa Chakraborti Rossiyaning ishchi kuchiga bo‘lgan talabi urush tufayli o‘zgargani va beqaror ekanidan ogohlantirdi. «Konfliktdan keyingi normallashuv yoki eskalatsiya ish haqini tez fursatda qisqartirishi, ishdan bo‘shatishlarga olib kelishi va vatanga

qaytish muammolari hamda cheklangan kafolatlar tufayli migrantlarni qiyin ahvolda qoldirishi mumkin», — deydi u.

Teglar

Mavzuga oid