
Shahar hokimi maslahatchisi Yangi Toshkentning qurilish jarayonlari haqida gapirib berdi
Alisher To‘xtayevning aytishicha, yangi shahardagi ko‘p qavatli uylar hovlilariga avtomobillar yer osti yo‘llari orqali kirishi mumkin bo‘ladi.

Yangi Toshkent shahri qariyb 20 ming gektar hududda barpo etiladi va hozirgi paytda uning 6 ming gektarida faol qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston24» telekanalidagi efirga uzatilgan «Yuzma-yuz» ko‘rsatuvida Toshkent shahar hokimining qurilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abduqahhor To‘xtayev ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, Yangi Toshkent 20 ming gektarga yaqin hududda joylashadi. Birinchi navbatda 6 ming gektarda qurilish montaj va bunyodkorlik ishlari davom etmoqda.
«Inson omili, inson qulayligi uchun hamma qulayliklar yaratilgan bino va inshootlar qurilyapti. Shoh ko‘chadan shundoq kirib kelganimizda birinchi chorrahada yer osti avtomobil to‘xtash joylari tashkil qilingan. 500 ta avtomobilga mo‘ljallangan to‘xtash joylari, bu faqatgina yer osti to‘xtash joylari emas, bu yerda ko‘p qavatli uylar qurilayotgan binolarning hovlisiga yer osti yo‘llari orqali avtomobil boradi, ya’ni binoning tagida ham tonnel bor va uning hovlisida yer osti to‘xtash joylari. Chiqish joylari ham alohida, kirgan chorraha orqali chiqib ketiladi. Bu ekologiyani nazarda tutib, hal qilingan ijobiy ishlardan biri», — dedi To‘xtayev.
Shuningdek, uning aytishicha, yer osti kollektori deb ataluvchi maxsus tonnellar orqali elektr, internet, aloqa kabellari hamda suv, issiqlik va sovutish quvurlari joylashtiriladi. O‘lchami 6x6 metr bo‘lgan bu inshootlarga texnika ham kira oladi, ta’mirlash ishlari yer kovlamasdan amalga oshiriladi.
«Biz shaharda yer osti muhandislik inshootlarida avariya holatlari bo‘lsa yerlarni kovlaymiz, qayta ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi. Bu yerda esa yangilik kiritilganki, yer osti kollektorlari tashkil qilinyapti. Biz yuqorida aytgan chorrahadan yer osti yo‘liga tushganimizda u yerda yana har bir binoga boruvchi inshootlar qurilgan ya’ni bu kollektorlar, ikkitadan. O‘chamlari 6x6 metr . Texnika ham kira oladi. Ana u yerda kommunikatsiya, muhandislik tarmoqlari joylashtirilyapti. Biri quruq yer osti inshooti ya’ni kabellar, internet kabellari, aloqa kabellari, kuchlanish kabellari joylashgan bo‘lsa, ikkinchisida sovuq suv, issiq suv hamda par, yoz mavzumlarida sovuq havo yuboruvchi quvurlar yotqiziladi. Ularni ish jarayonida eksplutatsiya qilish oson. Muhandislar, ishchi xizmatchilar mana shu tonnellar orqali ularni ko‘rib turadi va kerak bo‘lgan vaqtda mana shu tonnellar orqali ta’mirlash ishlari amalga oshiriladi», — dedi hokim maslahatchisi.
Abduqahhor To‘xtayevning aytishicha, energiya ta’minoti masalasida esa gaz asosida mahalliy generatsiya tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Shu yerning o‘zida elektr energiyasi ishlab chiqarilib, binolarga uzatiladi. Issiqlik va sovutish tizimlari markazlashgan holda boshqariladi, binolarga hisoblagichlar va avtomat boshqaruv pultlari o‘rnatiladi.
«Endi bu yerda bajariladigan ishlarning hajmini ko‘radigan bo‘lsak, gaz orqali yer osti gazi kelib generatsiya shu yerning o‘zida tashkil qilinadi. Generatsiyadan elektr energiyasi olinadi va binolarga yetkazib beriladi.
Ikkinchisi — issiqlik manbai ya’ni issiq suv, issiq par yetkazib beriladi.
Tabiiy savol tug‘iladi, bular qanday qilib qabul qiladi? Binolarga muhandislik quvurlari orqali hisoblagichlar o‘rnatilgan va u yerda qish vaqti par yuboriladi va u orqali issiqlik manbai xonalarga tarqatiladi. Uni boshqarib turish uchun boshqaruv pultlari o‘rnatiladi. Yoz mavsumida esa sovuq havo yuboriladi. Bunda tashqariga konditsionerlar o‘rnatish yo‘qoladi», — dedi hokim maslahatchisi.
Qurilishda energiya tejamkor materiallardan ham foydalanilayotgani aytildi.
«Turarjoy binolari, o‘quv yurtlarida issiqlik manbaini saqlash uchun bazaltdan linzalar ishlab chiqarilyapti, yozning issiq kunlarida binolarning tashqi tomoniga o‘rnatiladi va bino ichkarisiga issiq kirmaydi, qishda esa binodagi issiq havo tashqariga chiqib ketmaydi, qozonxonalarga hojat qolmaydi», — dedi To‘xtayev.
Ma’lumot uchun, Yangi Toshkent qurilishi 2023 yilda boshlangan edi. Bugunga kelib ilk inshootlar qad ko‘tarib qoldi. Bunyodkorlik uchun Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 700 gektar yer ajratilgan. Loyihaning konsepsiyasi Buyuk Britaniyaning Cross Works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan. Loyiha to‘liq yakunlanganida 2 million nafar odam yashaydigan makonga aylanadi. Hozirgi kunda shaharning «tagi» — yerosti muhandislik tarmoqlari qurilmoqda.





