add

Skuter va mopedlarni identifikatsiyalash: zaruratmi yoki ortiqcha xarajat?

20.09.2025 | 11:0084111

2025 yil 1 oktyabrdan skuter va mopedlar ro‘yxatdan o‘tkazilib, davlat raqami olinishi shart bo‘ladi. Ammo 1,38 mln so‘mlik to‘lov jamoatchilikda norozilik uyg‘otmoqda.

Skuter va mopedlarni identifikatsiyalash: zaruratmi yoki ortiqcha xarajat?
Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 8 iyuldagi qaroriga ko‘ra, 2025 yil 1 martdan boshlab moped va skuterni boshqarish uchun tegishli toifadagi haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lish talab etilishi belgilangan edi. Hukumatning 12-apreldagi qaroriga ko‘ra, yuqoridagi muddat 2025 yil 1 oktyabrdan qilib o‘zgartirildi. Qarorga ko‘ra, endi haydovchilar identifikatsiyalash maqsadida skuter va mopedlarga o‘z narxining qariyb yarmiga yetadigan davlat raqami olishi va ularni ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak bo‘ladi. Ya’ni, moped va skuterlar davlat raqami uchun BHMning 1,5 barobari, ro‘yxatga olingani uchun yana BHMning 1,5 barobari miqdorida, guvohnoma (texpasport) uchun 0,7 BHM, jami 3,7 BHM yoki 1 mln 524 ming 400 so‘m to‘lov to‘lashlari kerak bo‘ladi. Bu qaror jamoatchilik faollari orasida qator noroziliklarga sabab bo‘ldi. Xususan, Otabek Bakirovga ko‘ra, O‘zbekistonda avtotransport vositalarining Davlat raqamini ishlab chiqarish va ro‘yxatga olish jarayoni xos biznesga aylanib qolgan. Shuningdek, iqtisodchi hukumatning 2023 yil 1 iyuldagi 224-35-sonli yopiq qarori va bir nechta XDFU topshiriqlari asosida avtotransport vositalariga davlat raqamini ishlab chiqishni xususiy sektorga topshirilishi orqasidan to‘lovlar karrasiga oshganini iddao qilgan. «To‘lovlarning bizdan 6 karra boy Qozog‘istondan 13 karra qimmat ekani, raqam biznesi o‘zbekistonliklarni talash orqali boylik orttirish modeliga aylanib qolganini ko‘rsatadi. Xususiy sheriklar avtomobil, elektrobil va mototsikllardan undirilayotgan trillionlarga qanoat qilmay, endi moped va skuterlardan ham favqulodda qimmat to‘lovlarni istab qolishgan», — dedi u. Bakirov ctavkalarning shu paytgacha amal qilgan joriy tahririda moped va skuterlar uchun tegishli to‘lovlar ko‘zda tutilmaganini, o‘zgarishlar kiritilishidan oldin stavkalar xuddi avvalgi oshirilishlarda bo‘lgani singari jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilmaganini va iqtisodiy asoslantirilmaganini qo‘shimcha qildi. Ikkinchidan, ushbu qaror ortiqcha ovvorgarchilik, noqulaylik hamda xarajat ustiga xarajatni taqozo qilmoqda. Xususan, endi Toshkentda mopedi va skuteri bilan kuryerlik qilayotgan o‘n minglab vatandoshlar (ularning aksari viloyatliklar) qolgan 12 kun ichida imtihondan o‘tib, A toifadagi haydovchilik guvohnomasini olishi, mopedi va skuterini «Damas»ga yo «Labo»ga yuklab ro‘yxatdan o‘tgan hududiga borishi va 1 mln 524 ming 400 so‘m (davlat raqami uchun BHMning 1,5 barobari, ro‘yxatga olingani uchun yana BHMning 1,5 barobari miqdorida, guvohnoma (texpasport) uchun 0,7 BHM, jami 3,7 BHM) to‘lab mopedi va skuterini ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak. Otabek Bakirovga ko‘ra, identifikatsiyalash yaxshi islohot lekin uni o‘nminglab o‘zbekistonliklarni moped va skuter narxida va undan qimmatiga xarajat qilishga majburlamasdan, boshqa arzon va qulay yo‘llarini topish mumkin edi. «Talabgorlarning ID kartalariga davlat xizmatlari markazlarida moped va skuterlarga mulk huquqi raqamli ma’lumotlarini kiritish va tashqi identifikatsiyalash imkonini beradigan yoki QR kodli stikerlar berish bilan masalani hal qilish mumkin. Kalkulyatsiya qilinsa, nari borsa 200 ming so‘mlik davlat xizmati bu o‘zi. Yoki bo‘lmasam, butun normal dunyodagi kabi va O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan Vena konvensiyasi bo‘yicha moped va skuterlarga A1 toifani joriy qilish, ixtiyorga ko‘ra soddalashtirilgan o‘qish yoki o‘qishsiz arzon imtihon jarayonini yo‘lga qo‘yish mumkinmidi?» — dedi iqtisodchi. Bakirov Konstitutsiyada belgilangan «iqtisodiy makon birligi » ayta turib, bu modda nega avtomobillarga raqam berishda ishlamasligini, raqamlarni masofadan turib buyurtma qilish tizimini joriy etish kerakligini таъкидлаgaн. Jurnalist Qobil Xidirovga ko‘ra, skuter va mopedlar yoshlarni ish bilan ta’minlash, kambag‘allar uchun ortiqcha g‘alvasiz ish o‘rni yaratayotgan yetkazib berish xizmatining o‘ta zarur quroliga aylandi. Otabek Bakirov ham bu fikrga qo‘shilib, hozir poytaxt va yirik shaharlardagi agregatorlar orqali ishlayotgan yuz minglab kuryer va yetkazib berish xizmatlari ishchilari o‘zlarini o‘zlari kambag‘allikdan chiqarishganini, davlat ularga yordam puli bermaganini ta’kidlagan. Ular trillionlab subsidiya yo davlat buyurtmasini o‘zlashtirmaganini, byudjetga foydasi bor lekin, yuki yo‘qligini aytgan. Qobil Xidirov so‘zini davom ettirib, «Ha, tartib bo‘lishi kerak, ha, xavfsizlik ham juda muhim. Lekin buni ertadan kechgacha ishlab, ro‘zg‘orini tebratayotgan, o‘qishiga yordam qilayotgan, ota-onasiga ko‘maklashayayotgan bechora kuryerlarning zimmasiga tashlab qo‘yish — bandlik va kambag‘allikka qarshi kurash siyosatidan chekinishdir. Mutasaddilar, kerak bo‘lsa, agregatorlar bilan hamkorlikda tez va samarali yechim topishi lozim. Qisqa muddatda (bir haftalik, 10 kunlik) ortiqcha byurokratik talablarsiz o‘qitib, skuter va moped haydovchilik guvohnomasi narxlarini cho‘ntakbop qilish, zarur bo‘lsa, byudjetdan kompensatsiya qilish yo‘lidan borish maqsadga muvofiq. Chunki moped va skuterga hashamatli transport vositasi emas, balki mehnat quroli sifatida qarash kerak», — deydi u. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida bahorda o‘tkazilgan selektorda ham u aynan shu masalaga alohida to‘xtalib, «kuryerlik xizmati korxonalari moped olib kelib, odamlarni ish bilan ta’minlayotgani, lekin mopedning o‘zi 300 dollar tursa, uni standartdan o‘tkazib, sertifikat olishga yana shuncha mablag‘ ketayotgani» tanqid ostiga olgan edi. Mehrinoz Farmonova tayyorladi.

Teglar

Mavzuga oid