add

So‘mning mustahkamlanishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga nima berdi?

28.11.2025 | 17:366652 daqiqa

Ikki yil ichida ilk bor 26-noyabr kuni so‘mning dollarga nisbatan rasmiy kursi 11 900 so‘mdan pastga tushdi. Yil boshidan beri dollarga nisbatan 7 foizdan ortiqqa qadrlangan so‘m valuta bozorida sezilarli darajada mustahkamlanmoqda.

So‘mning mustahkamlanishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga nima berdi?

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil davomida milliy valuta dollarga nisbatan 7 foizdan ortiq mustahkamlanib, ichki moliya bozorlarida barqarorlikni kuchaytirdi. Natijada import mahsulotlari narxi orqali shakllanadigan inflatsiya bosimi sezilarli pasaydi. Xususan, oktabr oyida sanoat mahsulotlari narxining o‘sishi 5,8 foizgacha sekinlashdi. Shu bilan birga xizmatlar sohasidagi narxlar o‘sishi hali ham yuqori tempda saqlanib qolmoqda, deb xabar bermoqda Spot.

So‘mning barqarorlashuvi inflyatsion kutilmalarni ham keskin kamaytirdi. Markaziy bank hisob-kitoblariga ko‘ra, aholi va biznesning valuta kursini kuzatib shakllantiriladigan kutilmalari 2024 yil noyabridagi 51 foizdan o‘tgan oyda 22 foizga tushdi. Bu valuta bozoridagi beqarorlik ehtimolini kamaytirib, ichki bozorlarda prognozlashtirish imkoniyatlarini kengaytirdi.

Milliy valyutaga ishonch mustahkamlanishi natijasida iqtisodiyotdagi pul massasi ham ortib bormoqda. 2024 yil boshida 220,1 trln so‘mni tashkil etgan pul massasi oktabrga kelib 282,3 trln so‘mga yetdi, bu 28,1 foizlik o‘sish demakdir. Bunday dinamika ichki aylanmada so‘mdagi resurslar ulushining ortayotganini ko‘rsatadi.

Kreditlar va omonatlar segmentida dedollarizatsiya jarayoni tezlashdi. Yil boshidan beri banklar portfelidagi xorijiy valyutadagi kreditlar ulushi 41 foizdan 38 foizga tushdi. Depozitlarda esa bu ko‘rsatkich 26 foizdan 23 foizga kamaydi. 2021 yildan buyon kreditlar bo‘yicha dedollarizatsiya 10 foiz punktga, omonatlarda esa 16 foiz punktga yetdi.

So‘mning mustahkamlanishi tashqi qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlarini ham qisqartirdi. Davlat byudjeti bu yo‘nalishda 4,7 foiz tejamkorlikka erishdi, biznes sektori esa qarz xarajatlarini taxminan 5 foizga kamaytirdi. Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning aytishicha, so‘m qadri oshgani hisobiga davlat tashqi qarzi bo‘yicha xarajatlar 1,3 trln so‘mga, korporativ qarzlar bo‘yicha esa 3,6 trln so‘mga kamaygan. Iqtisodiyot umumiy tejami 4,9 trln so‘mni tashkil etdi.

Markaziy bank rahbariyatining ta’kidlashicha, so‘mning barqarorligi iqtisodiy faollikni himoya qilish, iqtisodiyotning tashqi omillarga sezuvchanligini pasaytirish va moliyaviy barqarorlikni ta’minlashda muhim omil bo‘lib qolmoqda.

Makroiqtisodiy va mintaqaviy tadqiqotlar institutining sentabr oyi tahliliga ko‘ra, so‘mning mustahkamlanishi natijasida, ayniqsa, dollarda ifodalangan ijara narxlari orta boshlagan. Shu bilan birga, lizing beruvchilarning bozordagi kutilmalar va talab o‘sishi fonida narxlarni oshirishi ijara bozorida qo‘shimcha bosim yaratgan.

Eslatib o‘tamiz, S&P xalqaro agentligi o‘zbek so‘mining dollarga nisbatan kelgusi yillarda qanday o‘zgarishi haqidagi kutilmalarini e’lon qilgan edi.

Prognozlarga ko‘ra, so‘mning dollarga nisbatan kursi kelgusi uch yilda quyidagicha bo‘lishi kutilmoqda: 2026 yilning oxirida – 12 592 so‘m; 2027 yilning oxirida – 13 158 so‘m; 2028 yilning oxirida – 13 751 so‘m.

Avvalroq, aholining valuta taklifi talabdan 7,8 mlrd dollarga oshganligi haqida xabar berilgan edi.

Teglar

Mavzuga oid

So‘mning mustahkamlanishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga nima berdi? | Vaqt.uz