
Sun’iy intellekt milliy tanlovi g‘oliblariga elektromobil beriladi
Prezident Mirziyoyev sun’iy intellekt sohasiga kadrlar tayyorlashni maktabdan boshlash zarurligini ta’kidlab, informatika fanini tubdan yangilash bo‘yicha qator islohotlarni e’lon qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev sun’iy intellektni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilishda bu sohaning taraqqiyoti faqat zamonaviy infratuzilma yoki algoritmlarga emas, balki malakali kadrlarga bog‘liq ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellektning asosi — matematika va informatika bo‘lib, kadrlar tayyorlashni maktab bosqichidan boshlash zarur.
Davlat rahbari ma’lum qilganidek, kelasi o‘quv yildan boshlab informatika fanining o‘quv dasturiga sun’iy intellektga oid yangi mavzular kiritiladi. Buning uchun Massachusets texnologiyalar instituti bilan hamkorlikda maxsus do‘stona interfeysga ega darslik yaratiladi.
Shuningdek, «Yangi O‘zbekiston» universitetida bu yil 100 nafar, keyingi yil 1 ming 300 nafar trener-o‘qituvchi tayyorlanishi rejalashtirilgan. Ular keskad tizimi orqali maktab va oliygohlardagi informatika o‘qituvchilarini qayta tayyorlaydi. Har yili eng yaxshi 100 nafar informatika o‘qituvchisi sun’iy intellekt rivojlangan davlatlarda malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Prezident «Bir million o‘zbek dasturchisi» tashabbusining mantiqiy davomi sifatida «Bir million sun’iy intellekt yetakchisi» loyihasiga start berilganini ham ma’lum qildi. Bu yil 100 ming, keyingi yil kamida 500 ming yosh sun’iy intellekt asoslarini o‘rganishi rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, maktab o‘quvchilarini ham ushbu dasturga qamrab olish muhimligi ta’kidlandi. Har yili milliy tanlov o‘tkazilib, eng yaxshi natija ko‘rsatgan yoshlar, ularning ustozlari va ta’lim muassasalari moddiy rag‘batlantiriladi.
Qarorga ko‘ra, 500 nafar yoshlarga noutbuk, 100 nafar o‘qituvchiga ming dollarlik mukofot, 2 ta ta’lim muassasasiga esa elektromobil topshiriladi.





