add

TOP-5 emitent aksiyalar emissiyasining 36,4 foizini nazorat qilmoqda

26.01.2026 | 08:572 daqiqa

2025 yilda O‘zbekistonda aksiyalar emissiyasi keskin o‘sdi, ammo nominal hajmning uchdan bir qismidan ko‘prog‘i atigi beshta yirik kompaniya hissasiga to‘g‘ri keldi.

TOP-5 emitent aksiyalar emissiyasining 36,4 foizini nazorat qilmoqda

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston aksiyadorlik jamiyatlarining jami aksiya emissiyasi hajmi 265,14 trln so‘mni tashkil qildi. Bu ko‘rsatkichning 96,53 trln so‘mi, ya’ni taxminan 36,4 foizi atigi beshta yirik emitent hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Shu orqali bozorda aksiyalar bo‘yicha «emissiya og‘irligi» bir tekis taqsimlanmagani, balki asosan yirik institutlar atrofida jamlangani ko‘rinmoqda.

Muhim jihati shundaki, ushbu raqamlar bozorga shuncha miqdorda real pul kirganini anglatmaydi. Gap aksiyalarning nominal qiymati bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazilgan emissiya hajmi haqida ketmoqda. Biroq, nominal ko‘rsatkichlar ham bozor tuzilmasi, qaysi tarmoqlar va qaysi kompaniyalar ustun mavqega ega ekanini anglash uchun muhim indikator hisoblanadi.

Ko‘rinib turibdiki, 2025 yilda aksiyalar emissiyasidagi asosiy o‘sish investitsiya, yoqilg‘i-energetika, bank va tog‘ kon sanoati kabi yirik sektorlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bu esa bozor dinamikasi ko‘p jihatdan aynan shu tarmoqlarda qabul qilinayotgan qarorlarga bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.

 

Yirik emitentlar tarkibi

Depozitariy taqdim etgan infografika asosida, emissiya hajmi bo‘yicha TOP-5 emitent quyidagilardan iborat:

  • «O‘zbekiston milliy investitsiya jamg‘armasi» AJ — 27,89 trln (≈10,5 foiz)

  • «O‘zbekneftgaz» AJ — 22,48 trln (≈8,5 foiz)

  • «O‘zmilliybank» AJ — 17,77 trln (≈6,7 foiz)

  • «Navoiy kon metallurgiya kombinati» AJ — 15,08 trln (≈5,7 foiz)

  • «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ — 13,31 trln (≈5,0 foiz).

 

«Yiriklar»ning vazni yuqori

36,4 foizlik ulush bozor uchun katta ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu aksiyalar bozorining muayyan qismi yirik emitentlar qarorlari va korporativ o‘zgarishlariga bevosita bog‘liq ekanini anglatadi. Shu sababli aynan shu beshta kompaniyaga oid yangiliklar, ustav kapitalidagi o‘zgarishlar yoki qo‘shimcha emissiyalar umumiy bozor kayfiyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Shu bilan birga, emissiya hajmi nominal qiymat bo‘yicha hisoblangani uchun uni aksiya narxi yoki bozor kapitalizatsiyasi bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Real pul oqimi aksiyalarning qay darajada joylashtirilgani, investorlar talabi va ikkilamchi bozor faolligiga bog‘liq. Ammo 2025 yil yakunlari shuni yaqqol ko‘rsatdiki, nominal emissiyada «yiriklar»ning vazni yuqori bo‘lib qolmoqda.

G.Bozorova tayyorladi

Teglar

Mavzuga oid