«SpaceX» Ilon Mask tomonidan kredit vositasi sifatida foydalanilgan – NYT

Bugun 11:553 daqiqa

«SpaceX» orqali yuzlab million dollarlik ichki qarzlar va investitsiyalar amalga oshirilgan.

«SpaceX» Ilon Mask tomonidan kredit vositasi sifatida foydalanilgan – NYT © joltjournal.com

«SpaceX» Ilona Mask biznes imperiyasining asosiy aktivlaridan biri bo‘lib, u ko‘p yillar davomida faqat kosmik podryadchi va texnologik yetakchi emas, balki milliarderning o‘zi va uning boshqa loyihalari uchun moliyaviy resurs sifatida ham xizmat qilgan. Bu haqda «The New York Times» surishtiruvida so‘z boradi.

Jurnalistlar ma’lumotiga ko‘ra, 2018-yilda Ilon Mask «SpaceX»dan 100 million dollar qarz olgan. Umumiy qarz hajmi uch yil ichida 500 million dollarga yetgan. Kredit shartlari bozordagidan ancha qulay bo‘lgan: foiz stavkasi 1 foizdan kamroqdan 3 foizgacha bo‘lgan, o‘sha davrda bank kreditlari esa taxminan 5 foiz atrofida edi. Barcha mablag‘lar 2021-yil oxirigacha qaytarilgan.

Bunday operatsiyalar kompaniyaning xususiy maqomi tufayli mumkin bo‘lgan. Ochiq korporatsiyalarda esa bunday amaliyotlar «Sarbanes-Oxley Act» qonuniga ko‘ra taqiqlangan. Huquq professori Enn Lipton bu holatni «manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq tranzaksiyalar» deb atagan va bunday holatlar turli bog‘liq kompaniyalarga investitsiya kirituvchilar uchun «xavf» ekanini ta’kidlagan.

«SpaceX» orqali boshqa bizneslarni qo‘llab-quvvatlash

Surishtiruv shuni ko‘rsatdiki, «SpaceX» bir necha bor Ilon Maskning boshqa bizneslarini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun ishlatilgan:

2008-yilgi moliyaviy inqiroz paytida Mask «Tesla»ni qo‘llab-quvvatlash uchun «SpaceX»dan 20 mln dollar qarz olgan;

2015–2016-yillarda «SpaceX» «SolarCity»ga 255 mln dollar investitsiya kiritgan (kompaniya qarzi 1,4 mlrd dollardan oshgan);

SI startap «xAI» rivojlanish uchun faol ravishda mablag‘ sarflagan.

Ilon Mask bu kabi o‘zaro aloqani «agar «Tesla», «SolarCity» va «SpaceX»dan biri muammoga uchrasa, butun tizim qulashiga yo‘l qo‘ymaslik» istagi bilan izohlagan.

2025-yilda «xAI» «X» (oldingi «Twitter») platformasini sotib oldi. Maskning ta’kidlashicha, «xAI» «qisqa vaqt ichida dunyodagi yetakchi SI laboratoriyalaridan biriga aylangan».

Keyinchalik «SpaceX» ham «xAI»ni sotib olishini e’lon qildi. Mask buni «Yerda va uning tashqarisidagi eng ambitsiyali, vertikal integratsiya qilingan innovatsiya markazi» deb atagan.

Baholashlarga ko‘ra, «SpaceX» va «xAI» birlashgan strukturasining qiymati taxminan 1,25 trillion dollarga yetishi mumkin.

Investorlar va IPO oldidangi xavflar

«SpaceX» biznesining tez o‘sishiga qaramasdan, Ilon Maskning harakatlari ayrim investorlarda xavotir uyg‘otmoqda. Ularning fikricha, u ayrim holatlarda shaxsiy manfaatlarini kompaniya aksiyadorlari manfaatlaridan ustun qo‘ygan bo‘lishi mumkin. Misol sifatida «Founders Fund» fondining «xAI» bilan bog‘liq bitimlardan keyin investorlar ulushi kamayishi mumkinligi haqidagi xavotirlari keltirilgan.

«Agar siz uning bozorlarga yetarlicha ta’siri bor deb hisoblasangiz, barchasi yaxshi. Ammo u «SpaceX» aksiyadorlari uchun manfaatli ko‘rinmaydigan qarorlar ham qabul qilmoqda», – deydi professor Enn Lipton.

Qo‘shimcha bosim esa kompaniyaning birlamchi ommaviy aksiya joylashtirishi IPO tayyorgarligi bilan bog‘liq. OAV ma’lumotiga ko‘ra, «SpaceX» birjaga maxfiy ariza topshirgan va joylashtirish 2026-yilda o‘tkazilishi mumkin. Ushbu IPO 1,75 trillion dollardan ortiq baholash bilan tarixdagi eng yiriklardan biri bo‘lishi kutilmoqda.

Ommaviy bozorga chiqqandan keyin kompaniya moliyaviy operatsiyalari va Ilon Maskga tegishli boshqa strukturalar bilan aloqalari haqida ko‘proq ma’lumot oshkor qilishga majbur bo‘ladi.

Shuningdek, xabar qilinishicha, Mask IPO tayyorgarligida ishtirok etayotgan banklardan «Grok» – «xAI» chat-botiga obuna bo‘lishni va uni o‘z tizimlariga integratsiya qilishni talab qilmoqda.

«Tesla» pretsedentlari va sud nizolari

Shunga o‘xshash moliyaviy manyovrlar avval «Tesla»da ham kuzatilgan. Ilon Mask kompaniya aksiyalarini yirik kreditlar olish uchun garov sifatida ishlatgan, bu esa investorlar tanqidiga sabab bo‘lgan.

«Menimcha, bu hech bir investorga yoqmaydi, chunki bu xavfni oshiradi», – deydi Nyu York pensiya tizimi vakili Maykl Garland.

U Mask «vaqt o‘tishi bilan kamroq shaffof bo‘lib borayotgani»ni qo‘shimcha qiladi.

«Tesla» bir qator sud ishlariga ham duch kelgan. Ularning birida quyidagi savol qo‘yilgan: «Coca-Cola» bosh direktori bir vaqtning o‘zida raqobatchi kompaniya yaratib, resurslarni o‘sha tomonga yo‘naltira oladimi? Albatta, yo‘q. Shunga qaramasdan, ko‘p hollarda sudlar Ilon Mask tomonini qo‘llab-quvvatlagan yoki da’volarni rad etgan.

Teglar

Mavzuga oid