Toshkentda Yevropa Ittifoqi festivali o‘tkaziladi

Bugun 10:201 daqiqa

Poytaxtdagi Yoshlar ijod saroyida 2-may kuni Yevropa kuniga bag‘ishlangan festival o‘tkazilib, unda ta’lim, madaniyat va xalqaro imkoniyatlar taqdim etiladi.

Toshkentda Yevropa Ittifoqi festivali o‘tkaziladi © enjourney.ru

Toshkent shahrida 2-may kuni Yevropa Ittifoqi festivali bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi matbuot xizmati xabar berdi. Tadbir Yevropa kuni munosabati bilan tashkil etilmoqda.

Festival poytaxtdagi Yoshlar ijod saroyida (Mustaqillik shoh ko‘chasi, 2-uy) soat 11:00 dan 16:00 gacha davom etadi. Kirish barcha uchun bepul bo‘lib, keng jamoatchilik ishtirok etishi mumkin.

Tadbir doirasida Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar elchixonalari, xalqaro loyihalar va ta’lim dasturlari vakillari ishtirok etadi. Mehmonlar ular bilan bevosita muloqot qilish, savollar berish va Yevropa davlatlarida ta’lim olish hamda stajirovka imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot olish imkoniga ega bo‘ladi.

Festivalning asosiy maqsadi

Festival dasturining alohida qismi sifatida ishtirokchilar Yevropa mamlakatlari bilan «jonli format»da tanishishlari mumkin. Elchixonalar o‘z mamlakatlarining turizm salohiyati, ta’lim tizimi va madaniy rang-barangligini taqdim etadi. Dasturda adabiy o‘qishlar, raqs mahorat darslari, viktorinalar va norasmiy muloqotlar ham o‘rin olgan.

Tadbir barcha yosh toifalari uchun mo‘ljallangan. Bolalar va kattalar uchun interaktiv zonalar, ko‘ngilochar chiqishlar hamda maxsus tayyorgarlik talab etmaydigan faoliyatlar tashkil etiladi. Bu festival orqali tashrif buyuruvchilar Yevropa madaniyati va imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Teglar

Mavzuga oid