O‘zbekistonning qaysi hududlarida tug‘ilish ko‘rsatkichi eng yuqori?

Bugun 12:551 daqiqa

2025-yil davomida mamlakatda 879,6 ming chaqaloq tug‘ilgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 46,8 ming nafarga kam.

O‘zbekistonning qaysi hududlarida tug‘ilish ko‘rsatkichi eng yuqori? © gov.uz

2025 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonda tug‘ilishning umumiy koeffitsiyenti har ming aholiga nisbatan 23,2 promilleni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich xalqaro taqqoslashlarda nisbatan yuqori hisoblanadi. Masalan, Rossiyada — 8,6, Moldovada — 9,8, Ozarboyjonda — 10, Armanistonda — 11,1, Qozog‘istonda — 18,2 va Qirg‘izistonda — 19,4 promille darajasida qayd etilgan.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Surxondaryo viloyati 27,5 promille bilan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan. Undan keyin Qashqadaryo viloyati 27,1 promille bilan ikkinchi o‘rinda turadi. Samarqand viloyatida ham tug‘ilish darajasi nisbatan yuqori bo‘lib, 24,5 promilleni tashkil etgan.

Aksincha, tug‘ilish ko‘rsatkichi pastroq bo‘lgan hududlar sifatida Toshkent shahri (19,8 promille), Qoraqalpog‘iston Respublikasi (19,2 promille) va Toshkent viloyati (20,5 promille) qayd etildi. Bu hududlarda demografik o‘sish sur’atlari nisbatan sekinroq ekani kuzatilmoqda.

Mezonlarga ko‘ra, 16 promillegacha bo‘lgan ko‘rsatkich past, 16–24,9 promille o‘rtacha, 25–29,9 promille o‘rtachadan yuqori daraja sifatida baholanadi. Shu asosda, O‘zbekiston umumiy hisobda “o‘rtacha” toifaga kiradi, Qashqadaryo va Surxondaryo esa “o‘rtachadan yuqori” guruhga kiritilgan.

Teglar

Mavzuga oid