
Toshkentga kiraverishda yuk mashinalari uchun maxsus to‘xtash joylari quriladi
20.10.2025 | 13:4515902
Toshkentning beshta asosiy kirish nuqtasi yaqinida yuk mashinalari uchun to‘xtash joylari, avtovokzallar va haydovchilar dam olish kempinglari barpo etiladi. Loyiha poytaxtdagi tirbandlikni kamaytirish va harakatni tizimlashtirishga qaratilgan.

O‘zbekiston prezidentiga Toshkent shahri hamda unga tutash hududlarga kiruvchi yuk mashinalari uchun zamonaviy to‘xtash joylari va infratuzilma yaratish loyihasi taqdim etildi. Bu haqda «Oʻzbekiston24» telekanalining «Menimcha» teleloyihasida ma’lum qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yangi inshootlar yo‘l-patrul xizmati postlari — «Erkin», «Sharq», «Bektemir», «Uch qahramon» va «Turbanov» yaqinida joylashadi. Bu yerda haydovchilar uchun kempinglar va dam olish zonalari ham tashkil etiladi.
Taqdimotda ma’lum qilinishicha, ayrim ob’ektlar uchun 7,7 gektar, 4,25 gektar va 8 gektar yer maydonlari ajratiladi. Eng tig‘iz post sifatida Sergeli tumanidagi «Erkin» posti qayd etilgan — u orqali kuniga 40–50 mingta avtomobil kirib chiqadi.
Ichki ishlar vaziri Aziz Toshpo‘latovning ta’kidlashicha, poytaxtda yuk mashinalarining harakati tig‘iz soatlarda cheklanadi. «Masalan, Samarqanddan chiqqan yuk mashinasi soat 8:00 da Toshkentga yetib kelsa, u maxsus to‘xtash joyida uch soat kutib, keyin shaharga kirishi mumkin bo‘ladi. Bu orqali ertalab va kechqurun harakatni cheklab, tirbandliklarni bartaraf etamiz», — dedi vazir.
Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning ma’lumoticha, loyiha bo‘yicha ishlar 2025 yilda boshlanib, qurilish 2026 yil boshida start oladi. Prezident tomonidan zarur mablag‘lar ajratish haqida topshiriq berilgan.
Hokimning aytishicha, kuniga 400 mingdan ziyod avtomobil poytaxtga kirib chiqadi, bir milliondan ziyod kishi esa shaharga qatnaydi. Jamoat transporti tizimining yetarli rivojlanmagani sabab yo‘llarda tirbandliklar ko‘paymoqda.
Shuningdek, shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Haydarov kirish va chiqish postlari ko‘chirilishi harakatni yengillashtirishga xizmat qilishi haqida ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, 2024 yil 1 martdan Toshkentda 10 tonnadan ortiq yuk mashinalarining tig‘iz vaqtlarda harakatlanishi taqiqlangan, biroq amalda bu talab hali ham to‘liq bajarilmayapti.





