add

«Tramp nazariyasi»: demokratiya qanday yemirilib boradi?

Bugun 10:356 daqiqa

Trampning kutilmagan qarorlari va me’yorlarni buzishi tasodif emas. Iqtisodchi Daron Ajemog‘lu uning barcha harakatlari prezidentlik vakolatlarini maksimal darajada kengaytirishga qaratilganini ta’kidlaydi.

«Tramp nazariyasi»: demokratiya qanday yemirilib boradi?

Donald Tramp AQSH prezidenti bo‘lganidan keyin mamlakat siyosatidan ko‘p yillar davomida shakllangan qoidalarda keskin o‘zgarishlar sodir bo‘ldi. Bir yil ichida chiqarilgan kutilmagan farmonlar yomg‘iri, sud tizimi bilan ochiq tortishuvlar, Kongressni chetlab o‘tgan qarorlar nafaqat AQSHda, balki butun dunyoda siyosiy va iqtisodiy noaniqlikni kuchaytirdi.

Ko‘pchilik Trampning bayonotlari va qarorlarini shunchaki tartibsizlik yoki ahmoqgarchilik deb baholaydi. Ammo ayrim tahlilchilarga ko‘ra, bu jarayonlar tasodifiy emas. Trampning o‘ziga xos «nazariyasi» bor.

tg_image_1993742284

«Tramp nazariyasi» nimani anglatadi?

Iqtisodchi va iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Daron Ajemog‘lu «Bloomberg»da yozgan maqolasida Tramp va uning administratsiyasi harakatlari ortida aniq mantiq borligini ta’kidlaydi. U buni shart ravishda «Tramp nazariyasi» deb ataydi.

Bu nazariyaning markazida bitta g‘oya turadi: prezidentlik vakolatlarini maksimal darajada kengaytirish. Ya’ni ijro hokimiyatini sudlar, Kongress va an’anaviy siyosiy me’yorlar hisobidan kuchaytirish.

Me’yorlar qanday buzilmoqda?

Ma’muriyatning aksariyat harakatlari — shubhali kripto bitimlar, malakasi yetarli bo‘lmagan «hamfikrlar»ni yuqori lavozimlarga tayinlash, Konstitutsiyaga zid deportatsiyalar va Milliy gvardiyani jalb etish, Lotin Amerikasidagi bir davlat rahbarini o‘g‘irlash — barchasi muayyan mantiqqa ega. Ularning barchasi ijro hokimiyati vakolatlarini kengaytirishga, prezidentlikni imperatorlik tusiga keltirish sari tashlangan qadamlar hisoblanadi.

Har qanday «siyosiy aktyor»ning, jumladan prezidentning ham hokimiyatini cheklab turadigan asosiy omil — bu o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida resurslarni, jumladan kadrlarni safarbar qila olish qobiliyati. Shuningdek, qonunlar, huquqbuzarlik va vakolatdan oshishni to‘xtatuvchi mexanizmlar hamda muayyan lavozimga xos umumiy me’yorlar tiyib turish vazifasini bajaradi.

Tramp AQSH prezidentligi atrofidagi aynan shu me’yorlarni o‘zgartirishga urinmoqda. Bill Klinton, Jorj Bush yoki Barak Obama davrida prezidentning bosh prokurorga yoki Adliya vazirligiga siyosiy raqiblarini nishonga olishni buyurishi mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan hol deb baholangan bo‘lardi. Shuningdek, hujjatlar bilan yetarlicha asoslanmagan «jinoyat favqulodda vaziyat»ni bahona qilib Milliy gvardiyani AQSH shaharlariga kiritish yoki prezidentning lavozimida qolganda oila biznesida faol ishtirok etishi ham mutlaqo nomaqbul sanalgan bo‘lardi. Bu me’yorlar endi buzildi, ammo kamida Tramp prezidentligi muddati davomida.

trump oilasi

Donald Tramp oilasi 

Bir qarashda noto‘g‘ri qarorday tuyuladigan xatti-harakatlar aynan shu me’yorlarni buzish strategiyasi nuqtai nazaridan qaralganda boshqacha ma’no kasb etadi. Masalan, nega Tramp ma’muriyati AQSH okrug sudi sudyasi Jeyms Boasbergning gumon qilinayotgan venesuelalik jinoiy guruh a’zolarini Salvadorga deportatsiya qilmaslik haqidagi buyrug‘iga bo‘ysunmadi? Bu qo‘pol xato edimi? Axir ayni maqsadga ko‘zga tashlanmaydigan boshqa yo‘l bilan ham erishish mumkin edi. Ehtimol, yo‘q. Agar siz me’yorlarni buzmoqchi bo‘lsangiz, ularni shubha ostiga olishingiz kerak va bu shunday qilishning eng ko‘zga ko‘rinarli usullaridan biri.

Kongress vakolatini buzgan Tramp

Prezident hokimiyatini cheklovchi huquqiy to‘siqlarni olib tashlash Tramp loyihasining yana bir muhim qismi edi. Bu yerda Oliy sud asosiy rol o‘ynaydi. Bosh sudya Jon Roberts boshchiligidagi konservativ ko‘pchiligi ijro hokimiyati vakolatlarini kengaytirishga moyilligini bir necha bor namoyon etdi. 

2024 yil 1-iyulda Tramp qayta saylanishidan atigi bir necha oy oldin chiqarilgan qarorga ko‘ra, AQSH prezidentlariga lavozimda bo‘lgan paytida amalga oshirgan rasmiy harakatlari uchun deyarli mutlaq jinoiy javobgarlikdan to‘liq immunitet taqdim etildi. Bundan tashqari, Oliy sud quyi federal sudlarning prezident farmonlarini butun mamlakat bo‘ylab to‘xtatib qo‘yuvchi qarorlar chiqarish vakolatini chekladi va mustaqil federal idoralar rahbarlarini Kongress roziligisiz ishdan bo‘shatish huquqini prezident foydasiga tasdiqladi.

trump bojlar


Tramp ma’muriyati qonun chiqaruvchi hokimiyat vakolatlariga ham agressiv ta’sir ko‘rsatishni boshladi. Tasdiqlangan mablag‘larni ushlab turish bilan bir qatorda, Oq uy milliy xavfsizlik masalalari, jumladan qo‘shin joylashtirish, boj tariflari va manfaatlar to‘qnashuvini nazorat qilish bo‘yicha qarorlarda Kongress vakolatlarini chetga surmoqda.

Bu to‘siqlar avvalgi prezidentlar uchun cheklov bo‘lib kelgan edi. Endi esa ular asta-sekin olib tashlanmoqda va bu fojiali oqibatlarga olib kelmoqda — masalan, Tramp oilasining kripto bitimlardan qariyb 1 milliard dollar daromad ko‘rishi, bu avvalgi ma’muriyatlar davrida albatta tergov yoki jinoiy ish mavzusiga aylangan bo‘lardi.

Сniмок экрана 2026-01-27 в 16.27.42

Donald Trampning kichik va uning ukasi Erik, shuningdek Tramp oilasining kripto kompaniyasi

Bu keskin o‘zgarishlar prezidentning amaldagi hokimiyatini kuchaytirishga qaratilgan. AQSH asoschilari hokimiyatning uch teng huquqli bo‘g‘inini nazarda tutgan bo‘lsa-da, «Yangi bitim»dan so‘ng to‘rtinchi bo‘g‘in — mustaqil va yarim mustaqil idoralar paydo bo‘ldi.

Federal rezerv tizimi, Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi, FBR, Budjet va boshqaruv byurosi, Federal savdo komissiyasi kabi o‘nlab muhim tuzilmalar hukumatning kundalik faoliyati uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega. Ularning aksariyati prezidentning bevosita nazorati ostida emas va xodimlar ko‘pincha idora missiyasiga sodiq bo‘ladi. Tramp bu tuzilmalarga sodiq shaxslarni tayinlash orqali o‘zining real hokimiyatini kengaytirmoqda — ular uning xohishlarini bajarishga moyil va hatto qonunga zid harakat qilganda ham qarshi chiqish ehtimoli kam.

Shu nuqtai nazardan qaralganda, yetarli tajriba va malakaga ega bo‘lmagan rahbarlarni tayinlash Tramp uchun mantiqan to‘g‘ri ko‘rinadi. Ular qanchalik malakasiz bo‘lsa, shunchalik shaxsiy sadoqat kuchli bo‘lishi va me’yorlarni buzishda hamkorlik qilish ehtimoli yuqori bo‘lishi mumkin.

Tashqi siyosatdagi pozitsiyasi

Trampning tashqi siyosatini ham aynan shu prizma orqali ko‘rish kerak. Prezidentga tariflar va savdo cheklovlarini yakka tartibda belgilash vakolatini berish — bu ichki siyosiy qudratning keskin oshishidir. Chunki global masalalarda ko‘proq ta’sir o‘tkazish mamlakat ichida doim e’tibor va obro‘ni kuchaytiradi.

Сniмок экрана 2026-01-28 в 10.05.20

Bundan ham muhimi, Apple yoki Walmart kabi yirik kompaniyalar ta’minot zanjirlarini bitta qaror bilan izdan chiqarish imkoniyati ularni prezidentga qaram holga keltiradi. Shu bois Trampning tarif siyosati va hatto Venesuela prezidenti Nikolas Maduroning kuch bilan ag‘darilishi tashqi siyosatdan ko‘ra ko‘proq ichki siyosiy maqsadlarga xizmat qiladi.

Bu hokimiyatni egallash rejasi ikki xavfli intilishning kesishgan nuqtasidir. Birinchisi — Trampning o‘zi va uning eng yaqin maslahatchilaridan kelib chiqqan bo‘lib, bu prezident hokimiyatini maksimal darajada kuchaytirish haqida — u o‘z oldiga qo‘ygan turli maqsadlarga erishish uchun; bu xoh oilasining boylik orttirishi bo‘lsin, xoh progressiv islohotlarning bekor qilinishi bo‘lsin, xoh muxolifatning liberal universitetlar va yuridik firmalar kabi tayanch nuqtalarini yo‘q qilish bo‘lsin.

Ikkinchi intilish esa o‘z ildizini Karl Shmitt g‘oyaлариdan oladi. U liberal demokratiya va parlament tizimini murakkab dunyo uchun yaroqsiz yoki kuchli rahbarlar hokimiyatini niqoblovchi parda sifatida ko‘rgan.

Shmitt hokimiyatning nisbatan avtoritar tushunchasini ilgari surgan, unga ko‘ra suverenlar ustunlik qiladi va «istisno holatlarda» yoki inqiroz paytlarida (yoki hatto odatiy vaqtda ham) doim yakuniy qaror qabul qiluvchiga ehtiyoj seziladi.

Aynan shu sababli Tramp rejalari nihoyatda xavfli. Uning ijro hokimiyatini kengaytirishi nafaqat keyingi uch yil ichida betartiblik keltirib chiqarishi, o‘zi hamda oilasining boyishi bilan kifoyalanmasdan, Amerika siyosatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkin — undan keyin keladigan prezident kim bo‘lishidan qat’i nazar. «Tramp nazariyasi»ning asl xavfi ham aynan shunda.

Maqola «Bloomberg»dan tarjima qilindi.

Teglar

Mavzuga oid