add

Tramp siyosati Rossiyani defolt yoqasiga yetaklamoqda

Bugun 08:282 daqiqa

Neft narxlarini pasaytirishga qaratilgan AQSH siyosati Rossiyaning neft va gaz sektorini 1990-yillardan buyon eng kuchli inqirozga duchor qilishi mumkin.

Tramp siyosati Rossiyani defolt yoqasiga yetaklamoqda

Rossiya iqtisodiyoti, ayniqsa neft-gaz sektori, so‘nggi o‘n yilliklardagi eng og‘ir bosqichni boshdan kechirmoqda. «The Times» nashri tahliliga ko‘ra, bu inqirozga faqat sanksiyalar emas, balki AQSH prezidenti Donald Tramp yuritayotgan neft narxlarini pasaytrish siyosati ham jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Gazetaga ko‘ra, mazkur omillar Rossiyani moliyaviy barqarorlikdan mahrum qilib, defolt xavfini kuchaytirmoqda.

Rossiyaning Ukrainadagi urushni moliyalashtirish imkoniyati to‘g‘ridan to‘g‘ri neft-gaz eksport tushumlariga bog‘liq. Biroq so‘nggi oylarda bu daromadlar qisqarib bormoqda. Sabab sifatida «teshik» deb baholanayotgan sanksiyalardan tashqari, jahon bozorida uglevodorodlar narxining pasayishi ko‘rsatilmoqda. Bu jarayon esa aynan Tramp ma’muriyatining ustuvor maqsadlaridan biri hisoblanadi.

«The Times»ning ta’kidlashicha, Tramp uchun asosiy siyosiy xavf — AQSHda hayot qimmatlashuvi. Shuning uchun benzin narxlarini pasaytirish Oq uy uchun ijtimoiy bosimni yumshatuvchi vosita sifatida qaralmoqda. Neft narxlarini global miqyosda tushirish AQSH iste’molchilari uchun foyda keltirsa-da, xomashyo eksportiga qaram iqtisodiyotlarni, xususan Rossiyani og‘ir oqibatlarga yetaklamoqda.

Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, Trampning Venesuela bo‘yicha faolligi ham aynan shu maqsadga xizmat qilmoqda. Yaqinda u AQSH va Yevropa neft kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashib, Venesuelada qazib olishni kengaytirish uchun o‘nlab milliard dollar sarmoya kiritishga chaqirgan. Bu esa bozorda neft taklifini oshirib, narxlarni yanada bosim ostiga qo‘yishi mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, bu holat Rossiya iqtisodiyotidagi ichki muammolarni yanada chuqurlashtiradi. «The Times» tahlilchi Kreyg Kennediga tayanib, Rossiya neft-gaz sektori 1990-yillardan beri eng yomon ahvolga tushganini qayd etadi. Shu bilan birga, bank tizimidagi muammolar butun moliyaviy tizim defolti xavfini oshirayotgani ta’kidlanadi.

Natijada, Kreml uchun eng katta xatar sanksiyalar emas, balki global neft bozoridagi yangi reallik bo‘lib chiqmoqda. Tramp siyosati bilvosita Rossiya iqtisodiyotini zaiflashtirib, uni uzoq muddatli moliyaviy inqiroz sari yetaklashi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid