add

Tramp va Netanyahu odamlarning ko‘zini qanday bo‘yashdi? — Fo‘rduga hujumdan barcha bexabar qolgani haqida

Fo‘rdu, Natanz va Isfahonda joylashgan Eronning yadroviy ob’ektlariga AQSH tomonidan yakshanba tongida amalga oshirilgan hujum klassik ma’noda to‘satdan bo‘lmagan — ammo u Tehronni adashtirishga qaratilgan, aniq rejalashtirilgan ko‘p bosqichli operatsiya natijasi bo‘ldi.

Tramp va Netanyahu odamlarning ko‘zini qanday bo‘yashdi? — Fo‘rduga hujumdan barcha bexabar qolgani haqida
Hujumdan avvalgi bir yarim hafta mobaynida Tehron yuqori darajadagi jangovor tayyorgarlik holatida edi. Biroq Vashington va Tel Aviv Eron rahbariyatida AQSHning yadroviy ob’ektlarga hujumda ishtirok etish xavfi yo‘qdek tasavvur uyg‘otish uchun bor kuchi bilan harakat qildi. Yoki, kamida, Tehronning «hali fursat bor», degan ishonchda qolishiga intilishdi. Hujum arafasida ommaviy axborot vositalarida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va Donald Tramp ma’muriyati vakillari o‘rtasidagi «keskin» suhbat haqida, operatsiya vaqtini belgilash borasidagi «kelishmovchilik» haqida g‘alati «sizdirmalar» paydo bo‘ldi. O‘zining ihotalanish (izolyatsionistik) siyosati bilan tanilgan siyosatchi, AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens to‘satdan Isroilni AQSHni Eron bilan urushga tortib kiritishda ayblay boshladi. Go‘yoki Oq uy bu urushdan qochishni istayotgandek. Bu so‘zlar Amerikaning yetakchi nashrlari tomonidan yoyildi va tabiiyki, eronlik tahlilchilar ham uni o‘qishidi. Qisqasi, Atlantika ortidan kelayotgan xabarlar bir fikrni ilgari surardi: hujum uyushtiriladigan bo‘lsa ham, bu tez orada sodir bo‘lmaydi. Bu orada, AQSH harbiy qo‘mondonligi yanada nozik o‘yinga kirishdi. Uzoq masofaga uchish va maxfiy harakatlanishi bilan tanilgan samolyotlar — strategik B-2 bombardimonchilari namoyishkorona tarzda Tinch okeani tomon — Eron ob’ektlaridan 6500 kilometr uzoqda joylashgan Guam oroliga qarab yo‘l oldi. Ular yo‘nalishini OSINT-komyuniti (ochiq manbalardagi ma’lumotlar orqali razvedka olib boruvchi fuqarolik tahlilchilari) vakillari — yuzlab kuzatuvchilar nazorat qilardi. Ularning kuzatishi uchun signallar ham ochib berilgan edi: agar samolyotlar g‘arbga uchayotgan bo‘lsa, demak Eronga hujum kutilmayapti. Biroq ayni shu paytda AQSHning Missuri shtatidagi harbiy-havo bazasidan boshqa bombardimonchilar deyarli ko‘zga tashlanmasdan Yaqin Sharq tomon parvoz qildi. Bu parvozlar ommaviy tarmoqlarda yoritilmadi, ochiq aloqa kanallarida hech qanday muloqot kuzatilmadi — samolyotlar to‘liq sukut ichida ular sharq tomon yo‘l oldi. Uchoqlar 36 soatlik parvozdan so‘ng shov-shuvli hujumni amalga oshirdi. Har bir samolyot 12 tadan beton yorishga mo‘ljallangan bomba olib uchgan bo‘lib, ular mustahkam yerosti inshootlarini yo‘q qilish uchun mo‘ljallangan edi. Ko‘p o‘tmay Fo‘rdu osmonida tutun osmonga o‘rlay boshladi. OSINT-komyuniti vakillaridan biri Devid Lisovets keyinchalik shunday deb tan oldi:
«Men AQSH harbiy-havo kuchlarining ta’sir operatsiyasi tarkibiga kirganimni bilmasdim. Bizning barcha radarlarimiz va diqqatimiz g‘arb tomon uchayotgan samolyotlarga qaratib qo‘yilgandi. AQSH harbiy-havo kuchlariga olqish — ular bizning jamoani raqibni chalg‘itishda samarali vosita sifatida ishlatishga muvaffaq bo‘lishdi», — dedi u.
Shu bilan birga, AQSH prezidenti Donald Tramp ham operatsiyani ochiq maydonda qo‘llab-quvvatlardi: u mutlaqo noaniq bayonotlar berar, hujum bo‘lishi ehtimoliga oid to‘g‘ridan to‘g‘ri savollardan ehtiyot qilib qochar, faqat «reja muhokama qilinmoqda» yoki «qaror ikki hafta ichida qabul qilinadi», kabi mujmal jumlalar bilan cheklanardi. Aslida, Tramp aynan Eronga uqtirilmoqchi bo‘lgan strategik noaniqlik muhitini omma orqali uzatardi. Bu chalg‘itish qanday darajada muvaffaqiyatli bo‘lgani aniq emas. Tehrondan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Fo‘rdudagi ob’ektdan bir qism boyitilgan uran oldinroq boshqa joyga ko‘chirilgan bo‘lgan, hamda sun’iy yo‘ldosh suratlari hujumdan bir necha kun oldin ob’ektda faol harakat qayd etgan. Biroq bombardimondan kelib chiqqan zarar miqyosi va unga javob tariqasida darhol hech qanday hujum amalga oshirilmaganini hisobga olsak, Tehron, barcha ogohlikka qaramay, aynan shu paytda hujumga tayyor bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Masofa haqidagi illyuziya, sun’iy siyosiy kelishmovchilik, «noto‘g‘ri yo‘nalish olgan» samolyotlarning ochiq parvozlari, jurnalistlar savollariga aniq javoblar berilmasligi — bularning barchasi aniq rejalashtirilgan operatsiyaning bir bo‘lagi bo‘lgan. Bu esa shundan dalolat beradiki, zamonaviy urushda nafaqat aniq o‘q uzuvchi, balki raqibni boplab adashtiruvchi tomon ham g‘olib chiqadi.

Teglar

Mavzuga oid

Tramp va Netanyahu odamlarning ko‘zini qanday bo‘yashdi? — Fo‘rduga hujumdan barcha bexabar qolgani haqida | Vaqt.uz