add

Trampning «shartsiz xaridi». Grenlandiya qancha turadi?

Donald Tramp Grenlandiyaga bo‘lgan da’volarini to‘xtatgani yo‘q. Amerika prezidenti bunga qarshi chiqqan har qanday tomonni savdo urushi bilan qo‘rqitmoqda. Siyosatchining bunday tahdidlari dollarga bo‘lgan ishonchga putur yetkazib, moliya bozorlarini beqarorlashtiryapti.

Trampning «shartsiz xaridi». Grenlandiya qancha turadi?

Tramp boj to‘lovlariga ishonyapti

Grenlandiya atrofidagi keskinlik kundan kunga kuchayib bormoqda. Arktika oroli bosh vaziri aholini AQSHning ehtimoliy bosqiniga tayyor turishga ochiqchasiga chaqirdi. «Harbiy mojarogacha borishi dargumon, biroq buni butunlay inkor etib bo‘lmaydi», — deb bayonot berdi Yens-Frederik Nilsen.

Masalan, Grenlandiyada aholiga kundalik hayotdagi ehtimoliy uzilishlarga tayyorgarlik ko‘rishda ko‘maklashish uchun maxsus ishchi guruh tuzilmoqda. «The New York Times» nashrining yozishicha, hozircha Pentagon orolni anneksiya qilish rejasini ishlab chiqish bo‘yicha buyruq olmagan. Ammo bu — hozircha.

Buning o‘rniga Donald Tramp Grenlandiyaning AQSHga qo‘shilishiga qarshi bo‘lgan sakkizta Yevropa davlatiga ultimatum qo‘ydi. Bular — Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlandiya.

AQSH rahbari agar ushbu davlatlar orolning «to‘liq va shartsiz sotilishi»ga rozi bo‘lmasa, fevral oyida ularning tovarlari uchun AQSHda belgilangan bojlar 10 foizga, iyunda esa 25 foizga oshirilishini e’lon qilgandi.

Avvalroq Donald  Tramp Grenlandiya aholisining har biriga 1 million dollardan to‘lashni taklif qilgan edi. Shu yo‘l bilan u orolliklarni Daniya tarkibidan chiqishga va AQSHga qo‘shilishga ko‘ndirmoqchi.

Ma’lumot uchun, o‘tgan yili Verian kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovnomalar natijasiga ko‘ra, orol aholisining 85 foizi Amerika fuqarosi bo‘lishni istamaydi. Faqatgina 6 foiz aholi o‘z orolini AQSH tarkibida ko‘rishni xohlaydi.

Donald  Trampning shov-shuvli bayonotlari kutilganidek e’tiborsiz qolmadi. Grenlandiya ritorikasi va savdo urushi tahdidlari bozorlarga qaqshatqich zarba berdi. 20-yanvar kuni S&P 500 indeksi 2,1 foizga pasaydi — bu o‘tgan yilning oktabridan buyon eng yomon ko‘rsatkichdir. Bu bozor kapitallashuvining 1,2 trillion dollarga kamayishini anglatadi. Nasdaq 2,4 foizga quladi, Dow Jones esa qariyb 870 punkt yo‘qotdi. Yevropa birjalarida ham pasayish kuzatildi: Germaniyaning DAX indeksi bir foizga, Britaniyaning FTSE 100 ko‘rsatkichi esa 0,7 foizga pastladi.

«Bozorning reaksiyasi shunchalik keskin bo‘ldiki, Bloomberg Intelligense ekspertlari konfliktning keskinlashuvi Yevropa kompaniyalarining 2026 yil uchun bashorat qilingan barcha foyda o‘sishini yo‘qqa chiqarishi mumkinligidan ogohlantirmoqda», — deydi «Amaliy investitsiyalar maktabi» asoschisi Fyodor Sidorov TRT nashri bilan suhbatda.

 

«TASO» tamoyili

Biroq oradan ko‘p o‘tmay, 21-yanvar kuni Davosda Tramp kuch ishlatish va yangi bojlar joriy etish fikridan qaytdi. Investorlar yana «TASO» (Trump Always Chickens Out — «Tramp har doim qo‘rqib, ortga chekinadi») tamoyili haqida gapira boshladi.

Qisqa muddatli istiqbolda bozorlar tinchlandi va yo‘qotishlar o‘rnini qopladi. Mutaxassislarning aytishicha, har safar tahdiddan so‘ng vahima, undan keyin esa chekinish yuz berishi o‘zidan yoqimsiz asorat qoldiradi.

Shu sababli xavotirlar saqlanib qolmoqda. Ekspertlarning ta’kidlashicha, Vashington siyosati Amerika moliya tizimiga bo‘lgan ishonchga putur yetkazmoqda. «Dollarning qadrsizlanishi, oltin narxining rekord darajaga ko‘tarilishi, Daniya jamg‘armalari tomonidan g‘aznachilik obligatsiyalarining yoppasiga sotilishi — bularning barchasi investorlar AQSHning kutilmagan qarorlaridan himoyalanish choralarini ko‘rayotganidan dalolat beradi», — deydi xususiy investor Mixail Spektor TRT nashiriga.

Gap shundaki, Yevropa — Qo‘shma Shtatlarning eng yirik kreditori hisoblanadi. Yevropa davlatlari jami 8 trillion dollar miqdoridagi Amerika obligatsiyalari va aksiyalariga egalik qiladi. Shu vaqtga qadar bu holat o‘zaro bog‘liqlik deb baholangan bo‘lsa, endi u bosim o‘tkazish vositasi sifatida ko‘rilmoqda.

«Yevropaning birdaniga g‘aznachilik obligatsiyalaridan voz kechishi qo‘rqinchli emas, chunki bu o‘zaro yo‘q qilish bo‘lar edi. Asosiy xavf shundaki, ular har bir auksionda biroz ko‘proq mukofot talab qila boshlaydi. Kelgusi 5–10 yil ichida esa mablag‘larini sekin-asta diversifikatsiya qilishga o‘tadi. Tashqi qarzi rekord darajaga yetgan mamlakat uchun bu birdaniga yuz beradigan halokat emas, balki sekin-asta bo‘g‘ishdir», — deb hisoblaydi Mixail Spektor.

Bundan tashqari, Yevropa va AQSH o‘zaro yirik savdo hamkorlaridir. Amerika iqtisodiyoti uchun aloqalarning uzilishi asosiy eksport tarmoqlariga qattiq zarba beradi. Bozorda YIdan keladigan import hajmi Meksika va Xitoydan keladigan jami tovarlar hajmidan ham yuqori.

Goldman Sachs bahosiga ko‘ra, 10 foizlik bojlar Yevropa mamlakatlari YAIMini 0,1–0,2 foizga qisqartiradi. «Lekin haqiqiy xavf to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy yo‘qotishlarda emas. Agar Yevropa hukumatlari Amerika kompaniyalarining o‘z kapital bozorlariga kirishini cheklab qo‘ysa, Uoll-strit va g‘aznachilik qog‘ozlari uchun oqibatlar falokatli bo‘ladi», — dedi Fyodor Sidorov.

Amerika qimmatli qog‘ozlaridan voz kechish

Hozirgi vaqtda ekspertlar bozorlarda uchta asosiy tendensiyani qayd etmoqda.

Birinchi va so‘nggi bir yil ichida Trampning harakatlariga javoban mustahkamlangan tendensiya — AQSH g‘aznachilik obligatsiyalaridan bosqichma-bosqich voz kechishdir. Ularni nafaqat Xitoy Xalq banki faol sotmoqda, balki ko‘p yillik va eng barqaror egalar hisoblangan Braziliya, Hindiston va BAA kabi davlatlar ham ushbu qog‘ozlardan qutilmoqda.

Ikkinchisi — dollardan voz kechib, real aktivlarga o‘tishdir. Buning asosiy benefitsiari oltin bo‘lib turibdi. Uning narxi bir troya unsiyasi uchun 5,5 ming dollarlik chegarani allaqachon yorib o‘tdi. Shu bilan birga, ushbu qimmatbaho metal rekord darajada qimmatlashishda davom etmoqda. Dunyo markaziy banklari aynan oltin yordamida o‘zlarining dollar zaxiralarini almashtirmoqda.

Shu fonda, an’anaviy ravishda o‘z oltin zaxiralarining uchdan bir qismini Qo‘shma Shtatlarda saqlab kelgan Germaniya rasmiylari ularni Germaniya hududiga qaytarish rejasini ishlab chiqmoqda. «Dollardan farqli o‘laroq, chop etib bo‘lmaydigan, lekin o‘lchash mumkin bo‘lgan boshqa jismoniy aktivlarning ham qadri ortmoqda. Bular qatoriga kumush, platina, palladiy va boshqa metallar kiradi. Markaziy banklar zaxirasida asosiy o‘rin egallamasa-da, ayniqsa kumushning dinamikasini kuzatish juda qiziq. Uning o‘sishi bir yil ichida 244 foizdan oshdi, Trampning Davosdagi bayonotlaridan keyin esa yana 10 foizga o‘sdi», — deydi moliyaviy maslahatchi Aliya Shamilova.

Fond bozoridagi investorlar harakatiga asos bo‘layotgan uchinchi tendensiya — Tramp siyosatidan foyda ko‘rishi kutilayotgan subyektlarning ko‘tarilish to‘lqinidan unumli foydalanishga urinishdir.

«2026 yil yanvar oyida spekulyatsiyalar fonida ulkan foyda olishi mumkin bo‘lgan kompaniyalar aksiyalari sezilarli darajada o‘sdi. Grenlandiya harbiy-sanoat majmuasi va «yashil» energetika uchun o‘ta muhim bo‘lgan nodir yer elementlarining ulkan zaxiralariga ega. Hatto Arktikada Amerika ta’sirining kuchayishi haqidagi gap-so‘zlarning o‘ziyoq Xitoyga bog‘liq bo‘lmagan ta’minot zanjiriga yetakchilik qilishi mumkin bo‘lgan kompaniyalarga qiziqishni oshirmoqda», — dedi ekspert.

Bu yerda yana AQSH va Yevropa manfaatlari to‘qnashuvi yaqqol ko‘rinmoqda. Biroq, ekspertlarning fikricha, hozircha Yevropa Ittifoqi ixtiyoridagi AQSH g‘aznachilik qog‘ozlari, Germaniyaning Amerika omborlarida saqlanayotgan oltini va o‘zaro savdo aloqalari mojaroning keskinlashuviga yo‘l qo‘ymay turibdi.

Teglar

Mavzuga oid