
Trampning tariflari to‘lqinida dollar g‘arq bo‘lmoqda
12.06.2025 | 21:0040134
AQSHdagi yangi savdo cheklovlari va inflyatsiya pastligi tufayli dollar indeksi 2025 yilda ikkinchi marta so‘nggi uch yillikning eng past darajasiga tushdi.

AQSH prezidenti Donald Trampning yangi savdo cheklovlari haqidagi so‘nggi bayonotlari Amerika valyutasining navbatdagi qadrsizlanishiga sabab bo‘ldi.
Londonning ICE birjasida AQSH dollari indeksi 2025 yilda ikkinchi marta uch yillik eng past ko‘rsatkichni qayd etib, 0,81 foizga — 97,789 punktgacha tushdi. TradingView ma’lumotlariga ko‘ra, indeks oxirgi marta 2022 yil 31 martda shunday past darajada bo‘lgan.
Toshkent vaqti bilan soat 17:13 ga kelib, indeks qisman tiklanib, 97,877 punkt (-0,72 foiz)ni tashkil etdi.
Dollar indeksi — bu AQSH valyutasining oltita asosiy jahon valyutasidan iborat maxsus valyuta savatchasiga nisbatan qiymatini ko‘rsatuvchi ko‘rsatkich. Ushbu savatchaga yevro, iyena, funt sterling, Kanada dollari, Shvetsiya kronasi va Shveysariya franki kiradi.
Donald Tramp yaqin haftalarda savdo hamkorlariga yangi tarif stavkalari haqidagi xatlarni yuborishni rejalashtirganini ma’lum qilganidan so‘ng, dollarning qulashi yanada kuchaydi. Kelgusi oyda «o‘zaro» deb nomlanuvchi bojlar bo‘yicha 90 kunlik tanaffus yakunlanadi. Financial Times nashriga ko‘ra, Trampning bayonotidan keyin dollar valyuta savatiga nisbatan 0,8 foizga arzonlashdi.
Savdo tahdidlaridan tashqari, AQSHda kutilganidan past inflyatsiya ham dollar kursiga ta’sir ko‘rsatdi. Bu esa Federal zaxira tizimining foiz stavkalarini pasaytirish ehtimolini oshirdi. Shu bilan birga, Yevropa Markaziy banki stavkalarni pasaytirish davri tugashi mumkinligi haqida ishora berdi, bu esa yevroning o‘sishiga turtki bo‘ldi.
Tahlilchilarning aytishicha, savdo ziddiyatlarining kuchayishi dollarga nisbatan bosimni davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil 2 aprel kuni Tramp 185 ta mamlakat va hududdan olib kiriladigan mahsulotlarga bojxona bojlari joriy etilganini e’lon qilgan edi. Bu esa dollar indeksining keskin o‘zgarishlarga yuz tutishiga sabab bo‘ldi: yanvar oyida qayd etilgan 110,176 punktlik mahalliy yuqori ko‘rsatkichdan so‘ng indeks izchil pasayishni boshladi, goh-gohida yo‘qotishlarning bir qismini tiklab turdi. Indeksning so‘nggi jiddiy pasayishi aprel oyida kuzatildi — o‘shanda u 100 punktdan pastga tushib ketgan edi.





