Urush O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qiladi?

02.03.2026 | 22:284 daqiqa

Yaqin Sharqda urush alangasi kuchaydi. Neft qimmatlashdi, oltin rekord darajaga yaqinlashdi, logistika yo‘llari xavf ostida qoldi. O‘zbekiston uchun bu jarayon qanday iqtisodiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkin? Batafsil Vaqt.uz'da tanishing:



2026-yilning 28-fevrali, qishning so‘nggi kunida AQSH Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyot boshlaganini ma’lum qildi. Hujumlar oqibatida Eron oliy rahnamosi Ali Xominaiy o‘ldirildi va Eronda 40 kunlik umummilliy motam e’lon qilindi. 

Erondagi notinchliklar, kengayib ketishi mumkin bo‘lgan urush O‘zbekiston iqtisodiyotiga bir qancha jabhalarda ta’sir qilishi mumkin. Vaqt.uz urushning iqtisodiyotga asosiy ta’sirlari haqida ma’lumot beradi. 

Tashqi savdoda muammolar

Eron tashqi savdoda O‘zbekistonning TOP 20 hamkorlaridan biri hisoblanadi. 2025-yilda ikki davlat orasida 578,9 mln dollarlik savdo qilingan. 

Bunda O‘zbekistonning Eronga eksporti 157,4 mln dollar, importi esa 421,5 mln dollarni tashkil qilgan. Ya’ni Eron O‘zbekiston uchun kamroq olib, ko‘proq sotadigan hamkor hisoblanadi. 

Urush oqibatida ta’minot zanjirlari uzulishi, logistika muammolari O‘zbekistonga Erondan import-eksport qilishni qiyinlashtiradi. 

AQSH va Isroilning harbiy harakatlaridan keyin Eron ham AQSHning mintaqadagi harbiy bazalari va obyektlariga hujum uyushtirdi. Ro‘yxatda O‘zbekistonning yirik savdo hamkorlaridan biri, Erondan ham ko‘proq savdo qilinadigan (1,3 mlrd dollar, Top 10 likda) BAA ham bor. 

Shu sababli, urushning ehtimoliy kengayishi tashqi savdoda mamlakat uchun jiddiy muammolarni yuzaga keltiradi. 

Erondan asosan nimalar olib kelinadi? 

Eng mashhur mahsulotlardan biri — arab hurmosi. O‘zbekiston arab hurmosini aynan eng ko‘p Erondan import qiladi. 2025-yilda Erondan 11 ming tonna arab hurmosi importi amalga oshirilgan bo‘lsa, bu umumiy importni 78,6 foizini tashkil qiladi. 

Urushning jiddiy tus olishi va uzoqroq davom etishi O‘zbekistonda arab hurmosi taqchilligini keltirib chiqarib, narxni sezilarli o‘sishiga olib kelishi mumkin. 

Arab hurmosi import qilinadigan yagona muhim mahsulot emas. Mamlakatga olib kelinadigan apelsinning ham yarmidan ko‘p muammolar girdobidagi Erondan import qilinadi. 

Bundan tashqari, Eron O‘zbekistonga sement yetkazib berish bo‘yicha Qozog‘istondan keyingi o‘rinda turadi. Mamlakatga xorijdan olib kelinadigan sementning 43 foizi Eron hisobiga to‘g‘ri keladi. 

Shuningdek, nok, choy, limon, gilam kabi boshqa mahsulotlarning importida ham Eron yetakchi o‘rinlarda turadi. 

Erondagi urush O‘zbekistonga boshqa potensial bozorlarni topish vazifasini qo‘yadi. 2026-yilda a’zo bo‘lishi kutilayotgan Jahon savda tashkiloti bunga qisman yordam berishi mumkin. 

Energiya narxlari oshmoqda

Eronga qarshi harbiy harakatlar ortidan neft narxi so‘nggi to‘rt yildagi eng katta o‘sishni qayd etdi. Dastlab etalon marka — Brent narxi 2-mart kuni 13 foizgacha qimmatlab, 2025 yil yanvaridan beri eng yuqori ko‘rsatkichga yetdi. 

Keyinchalik o‘sish sur’ati sekinlashib, Toshkent vaqti bilan soat 17:30 holatiga ko‘ra, barrel uchun taxminan 79 dollar atrofida shakllanmoqda.

Bundan tashqari, gaz, benzin va dizel narxlari ham jahon bozorlarida o‘sishda davom etmoqda. Bu energiya mahsulotlari qimmatlashishi O‘zbekistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiladi. 

Masalan, yanvar oyida O‘zbekiston gaz importini 7 barobarga oshirib, 167,6 mln dollarlik xorijdan gaz sotib olgan. Bunda uzoq yillardan beri birinchi marta gaz eksport qilinmagan. 

2017-yilda O‘zbekiston to‘liq gaz eksport qiladigan mamlakat edi. 2026-yilga kelib bu holat teskarisiga o‘zgarmoqda.

Narxlar qimmatlashishi fonida O‘zbekistonda gaz va neft qazib olish kamayib bormoqda. Yanvar oyida gaz qazib olish 4 mlrd metr kubdan 3,7 mlrd metr kubga, neft ishlab chiqarish esa 55,1 ming tonnadan 54,1 ming tonnaga kamaydi.

Qimmat oltin — yuqori iqtisodiy o‘sish

Yaqin Sharqdagi urush fonida oltin investorlar va Markaziy banklar tomonidan doimgidek xavfsiz aktiv sifatida ko‘rilmoqda. 

O‘tgan hafta oxirida troya unsiyasi uchun 5 200 dollar atrofida bo‘lgan oltin narxi dushanba kuni qariyb 5 400 dollargacha chiqdi. 

Oltin narxi o‘sishi O‘zbekiston iqtisodiyotiga ko‘proq ijobiy ta’sir qiladi. Bunday holatda budjetning oltin ishlab chiqarishdan va sotishdan oladigan daromadlari ortib, yalpi talab kengayishiga xizmat qiladi. 

Bu esa, iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlaydi. Oltin eksporti hisobidan ichki valuta bozorida taklif ko‘payishi so‘m mustahkamlanishiga turtki berib, import inflatsiyasini pasaytiradi. 

Natijada inflatsiya asosiy ssenariyga nisbatan 0,1-0,2 foizga pasayadi va iqtisodiy o‘sish 0,3-0,5 foizga yuqorilaydi.

2025 yilda iqtisodiyot aynan oltin narxlari keskin oshib, bir necha bor tarixiy rekordlarni yangilagani fonida kutilganidan yaxshiroq — 7,7 foizlik o‘sishni ko‘rsatgandi. 

Shunday qilib, Yaqin Sharqdagi urush global iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirib, O‘zbekistonning tashqi savdosini qiyinlashtiradi. Biroq, oltin narxi orqali keladigan iqtisodiy o‘sish “kompensatsiya” bo‘lib xizmat qilishi mumkin. 

Teglar

Fozil Qambarov

Fozil QambarovMaqolalar soni: 130

Barchasi

Mavzuga oid