Samarasiz davlat banklari qayta tuzilishi yoki tugatilishi kerak – XVJning O‘zbekistonga tavsiyasi

Bugun 10:552 daqiqa

Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekistonda davlat banklarini isloh qilish va xususiylashtirishni tezlashtirish zarurligini ta’kidlab, samarasiz moliyaviy institutlar bo‘yicha keskin choralar ko‘rishni tavsiya qildi.

Samarasiz davlat banklari qayta tuzilishi yoki tugatilishi kerak – XVJning O‘zbekistonga tavsiyasi © sozcu

Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistondagi davlat ishtirokidagi tijorat banklarini isloh qilish va xususiylashtirishni tezlashtirishni tavsiya qildi. Bu haqda XVJning 2026-yilgi IV modda doirasidagi maslahatlashuvlarni yakunlari bo‘yicha hisobotini e’lon qildi.

«Davlatga tegishli tijorat banklarini isloh qilish va xususiylashtirishni jadallashtirish moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va resurslar taqsimoti samaradorligini oshirish uchun muhim ahamiyatga ega. Xususiylashtirish xalqaro eng yaxshi amaliyotlarga muvofiq amalga oshirilishi kerak, bunda tayyorgarlik bosqichida aktivlar sifati bo‘yicha aniq hisobot yuritish, korporativ boshqaruv va risk-menejment tizimlarini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilishi lozim», – deyiladi XVJ hisobotida.

«Hayotga layoqatsiz banklar esa qayta tuzilishi yoki tugatilishi lozim»

Jamg‘armaning qayd etishicha, ochiq va shaffof jarayonlar hamda raqobatli tenderlar malakali strategik investorlarni jalb qilish uchun zarur. Aniq KPI’lar, samaradorlikni kuchli monitoring qilish, shuningdek, tijorat va notijorat kreditlashni to‘liq hisob va riskka asoslangan tarzda ajratish hisobdorlikni oshiradi. Barcha davlat banklari uchun (xususiylashtirish holatidan qat’i nazar) aktivlar sifati tekshiruvlarini kengaytirish va muammoli kreditlarni xalqaro standartlar asosida baholash bo‘yicha qaror qo‘llab-quvvatlanadi.

«Davlat banklarining uzoq muddatli samarasizligi tezkor choralarni talab qiladi, jumladan zarur hollarda boshqaruvni almashtirish. Hayotga layoqatsiz banklar esa qayta tuzilishi yoki tugatilishi lozim. Ayrim yirik davlat banklarini siyosiy bank sifatida saqlab qolish rejalari moliyaviy barqarorlikka xavf solishi va budjet xarajatlarini oshirishi mumkin, shu bois bu yondashuvni qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq», – deyiladi hisobotda.

Hisobotda davlat banklarini xususiylashtirishni tezlashtirishdan tashqari, quyidagi asosiy ustuvor vazifalar ham keltirilgan:

maqsadli va imtiyozli kredit dasturlarini bosqichma-bosqich qisqartirish va ularning shaffofligini oshirish;

Markaziy bankning mustaqilligini ta’minlash;

aktivlarni aniq tasniflash;

banklarning barqarorligini stress-test qilishni kuchaytirish.

Moliyaviy inklyuziya

«Moliyaviy inklyuziya moliyaviy barqarorlikka zarar yetkazmasdan rivojlantirilishi kerak. Kredit hajmlarini majburiy belgilaydigan davlat dasturlari resurslarni samarasiz taqsimlanishiga olib kelishi mumkin. Foiz stavkalariga cheklov qo‘yishdan saqlanish lozim, chunki bu moliyaga kirish imkoniyatini cheklaydi va norasmiy iqtisodiyotni rag‘batlantiradi», – deyiladi hisobotda.

Shuningdek, XVJ moliyaviy inklyuziyani barqaror tarzda rivojlantirish uchun banklar o‘rtasida raqobatni kuchaytirish, kredit axborotiga kirishni kengaytirish, kredit baholash tizimlarini takomillashtirish, to‘lov tizimlari va raqamli infratuzilmani modernizatsiya qilish, iqtisodiy miqyos samarasini oshirish, moliyaviy savodxonlik va iste’molchilarni himoya qilishni kuchaytirishni tavsiya qilgan.

Teglar

Mavzuga oid