O‘zbekiston tajribasi BMT komissiyasida taqdim etildi
Nyu-Yorkdagi BMT sessiyasida O‘zbekistonning demografiya va raqamli transformatsiya bo‘yicha yutuqlari xalqaro hamjamiyatga taqdim etildi.
© “Dunyo” AABMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohida Aholishunoslik va rivojlanish bo‘yicha komissiyaning 59-sessiyasi o‘z ishini boshladi. Unda «Aholi, texnologiyalar va barqaror rivojlanish sharoitida tadqiqotlar» mavzusi muhokama qilinmoqda. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi delegatsiyasi mazkur nufuzli tadbirda ishtirok etmoqda. Sessiya 17-aprelga qadar davom etadi.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasi taqdim qilindi
Tadbir doirasida O‘zbekistonning demografik jarayonlarni boshqarish va raqamli transformatsiya sohasidagi yutuqlari xalqaro maydonda taqdim etildi. Delegatsiya chiqishida ta’kidlanishicha, mamlakat aholisi hozirda 38 million nafardan oshib, 55 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi.
Shu nuqtai nazardan, «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida inson kapitaliga sarmoya kiritish, xotin-qizlar va yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilangan. Bu esa mamlakatning uzoq muddatli barqaror rivojlanishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Alohida qayd etilgan jihatlardan biri — 1989 yildan buyon ilk bor o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olish jarayonidir. Ushbu jarayon ilk marta to‘liq raqamli texnologiyalar asosida amalga oshirilib, xalqaro ekspertlar tomonidan yuqori baholandi.
Shuningdek, O‘zbekiston vakillari Aholishunoslik va rivojlanish bo‘yicha xalqaro konferensiya (ICPD) Harakatlar dasturiga sodiqligini tasdiqladi. Qayd etilishicha, ro‘yxatga olish natijasida olingan ma’lumotlar sog‘liqni saqlash, ta’lim va bandlik sohalarida manzilli qarorlar qabul qilish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Aholishunoslik va rivojlanish bo‘yicha komissiyaning maqsadi va vazifasi
Mazkur komissiya BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining asosiy organlaridan biri bo‘lib, 47 ta a’zo davlatni birlashtiradi. U demografik tendensiyalarning barqaror rivojlanishga ta’sirini tahlil qiladi hamda 2030 yilgacha bo‘lgan kun tartibini muvofiqlashtirishda muhim rol o‘ynaydi.





