IIOning hibsdagi sobiq rahbarlari ozodlikka chiqarilgani aytildi
Davlat manfaatlariga 186 milliard so‘mdan ortiq zarar keltirgan ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev, Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi sobiq rahbari Rustam Tursunov doxil 7 nafar mulozim zararni qoplagani munosabati bilan ozodlikka chiqarilgani aytildi.

Orasida ichki ishlar vazirining sobiq o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev va Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi sobiq rahbari Rustam Tursunov ham bo‘lgan 7 nafar sobiq mulozim kecha, 15-aprel kuni kechqurun ozodlikka chiqarildi. Bu haqda inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov xabar berdi.
«Zararni qoplagani munosabati bilan ozod qilingan rahbarlarga qo‘llanilgan chora 60 dan ortiq boshqa ayblanuvchilarda haqli norozilikka sabab bo‘lmoqda. Voqealar rivojini kuzatamiz va rasmiylardan ikki enlik izoh kutamiz», – deb yozadi Tashanov.
Ular nega qamoqqa olingandi?
Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunov qamoqqa olingani haqidagi gaplar joriy yil yanvar oyida bolalagandi. O‘shanda ikki mulozim yirik miqdorda davlat mulkini o‘zlashtirgani aytilgan.
27-yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida Bekmurod Abdullayev nima sababdan ishdan olingani ma’lum qildi.
«Ichki ishlar vazirligi tizimida davlat xaridlarida 186 milliard so‘m budjet mablag‘i o‘zlashtirilgani aniqlanib, vazir o‘rinbosari B.Abdullayev va departament boshlig‘i R.Tursunovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi», – deyildi selektorda.
Bekmurod Abdullayev va Rustam Tursunov kim edi?
2025-yilning noyabr oyi boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan Bekmurod Tojimirzayevich Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari — Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimidan, Prezident farmoyishi bilan Rustam Rahmonovich Tursunov O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan edi.
Bekmurod Abdullayev 2021-yilning aprel oyida prezidentning tegishli qaroriga asosan Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. Ungacha u O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qo‘mondonining jamoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
2025-yilning noyabr oyi boshida prezidentning qarori bilan Bekmurod Tojimirzayevich Abdullayev ichki ishlar vazirining o‘rinbosari – Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan.
Rustam Tursunov esa Navoiy viloyati IIB boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan va 2021-yilning fevral oyida IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan edi. U ham o‘tgan yil noyabr oyida prezident farmoyishi bilan Jazoni ijro etish departamenti boshlig‘i lavozimidan ozod etilgan edi.





