Qozog‘istonda pulli yo‘llardan tushgan milliardlab mablag‘lar qayerga sarflanayotgani ma’lum bo‘ldi
Qozog‘istonda pulli yo‘llar o‘z xarajatlarini o‘zi qoplay boshladi. Daromad birdaniga 86 mlrd tangaga chiqib ketdi. Xo‘sh, bu pullar kimning cho‘ntagidan chiqmoqda va nimaga sarflanadi?
© gov.kzQozog‘iston Transport vazirligi pullik avtomobil yo‘llarining ishlash yakunlarini sarhisob qildi. Natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, ushbu tizim to‘liq o‘zini o‘zi qoplash darajasiga chiqqan. Endi yo‘llarni barcha soliq to‘lovchilar emas, faqat undan foydalanayotgan haydovchilarning o‘zlari moliyalashtirmoqda.
Daromadlarning o‘sish sur’atlari hayratlanarli darajada yuqori. Agar 2023-yilda g‘aznaga 32 mlrd tanga tushgan bo‘lsa, 2025-yil yakunlariga ko‘ra bu ko‘rsatkich qariyb uch barobar oshib, 86 mlrd tangaga yetdi.
Yil davomida pulli trassalarda avtomobillar harakati ham sezilarli darajada oshgan bo‘lib, jami 70 mlndan ortiq qatnovlar qayd etilgan. Bu esa tizimning naqadar keng ko‘lamli ishlayotganini ko‘rsatadi.
Yig‘ilgan barcha mablag‘lar faqatgina yo‘llarni saqlash, infratuzilmani yangilash va texnikalar xarid qilishga yo‘naltirilgan. Jumladan, 600 ga yaqin yangi maxsus texnikalar sotib olingan, 61 ming kvadrat metrdan ortiq chuqurlar yamalib, 4 mingta yangi yo‘l belgilari o‘rnatilgan.
Haydovchilar uchun sharoitlar
Transport vazirligi haydovchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator yangiliklarni joriy qildi. Eng muhimi — agar pulli uchastkada yo‘l sifati yomonlashsa yoki nuqsonlar aniqlansa, pul undirish vaqtinchalik to‘xtatiladi.
Shuningdek, yo‘l yaqinida yashovchi mahalliy aholi uchun imtiyozli oylik va yillik abonementlar tizimi joriy etilgan. Oldindan to‘lov qilish orqali katta chegirmalarga ega bo‘lish mumkin hamda yuzaga kelgan qarzdorlikni uzish muddati to‘liq bir oygacha uzaytirilgan.
Bu imtiyozlar haydovchilarning ortiqcha xarajatlarini kamaytirishga va tizimga bo‘lgan ishonchni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Yangi yo‘llar qurilishi
Hozirgi kunda Qozog‘istonda uzunligi qariyb 5 ming km.ni tashkil etuvchi jami 26 ta pulli yo‘l uchastkalari ishlab turibdi. Qizig‘i shundaki, mamlakatdagi tariflar dunyodagi eng arzon ko‘rsatkichlardan biri sanaladi.
Budjet mablag‘lari endilikda bu trassalarni saqlash uchun sarflanmayapti. Pullik yo‘llar o‘zlarini to‘liq moliyaviy ta’minlash darajasiga chiqqan.
Joriy yilning martigacha haydovchilar bu yo‘llardan 11,5 mln marta o‘tishga ulgurdi. Bundan tashqari, 2026-yil oxiriga qadar butun mamlakat bo‘ylab yana 11 ming km.lik yangi trassalar qurilishi rejalashtirilgan.





