Sadir Japarovdan kutilmagan qaror: Qirg‘izistonda viloyat va tumanlar tugatiladi
Qo‘shni Qirg‘izistonda ma’muriy-hududiy tuzilish tubdan o‘zgaradi. Mamlakatdagi barcha viloyatlar va tumanlar o‘rniga mutlaqo yangi boshqaruv tizimi joriy etilishi ma’lum bo‘ldi.
© nazarnews.orgQirg‘iziston ma’muriy-hududiy islohotlarning ikkinchi bosqichi doirasida mamlakatdagi mavjud barcha viloyatlar va tumanlarni to‘liq tugatishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat prezidenti Sadir Japarov Novqat tumani aholisi bilan uchrashuv vaqtida rasman ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Akipress.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, ushbu yirik o‘zgarishlar yaqin ikki-uch yil ichida to‘liq amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Natijada, Qirg‘iziston xaritasida mutlaqo yangi shakldagi boshqaruv tizimi — 20 ta okrug tashkil etiladi.
«Hozir respublikamizda 44 ta tuman va 34 ta shahar mavjud. Yakunda viloyatlar va tumanlar bekor qilinib, faqatgina 20 ta okrug qoladi. Aytish mumkinki, yangi formatdagi 20 ta viloyat paydo bo‘ladi. Biz aynan shu maqsad sari ketyapmiz», — dedi Sadir Japarov.
Ushbu qadam hududlarni mustaqil boshqarish va ularning respublika budjetidan dotatsiya olishdan chiqishini ta’minlashga qaratilgan. Prezident butun boshli mamlakat boshqaruvi va iqtisodiyotini yaxshilash maqsadida shunday qat’iy qarorga kelinganini tushuntirib o‘tdi.
Islohotning pilot bosqichi
Mazkur yirik islohotni birdaniga butun mamlakat bo‘ylab joriy etish rejalashtirilmagan. Prezidentning tushuntirishicha, dastlab faqat bitta okrug tashkil qilinadi va u sinov tariqasida ishga tushiriladi.
«Biz bir, ikki yoki uch yil davomida uning qanday ishlashini, mustaqil boshqaruvga erisha olishini va dotatsiyadan chiqa olishini kuzatamiz. Agar hammasi muvaffaqiyatli o‘tsa, qolgan hududlarda ham shu tizimga o‘tamiz», — deya qo‘shimcha qildi Japarov.
Qishloqlarni birlashtirish tajribasi
Ta’kidlash joizki, Qirg‘izistonda ma’muriy-hududiy islohotlarning birinchi bosqichi allaqachon yakunlangan. O‘shanda mamlakatdagi ko‘plab mayda ovul hududlari o‘zaro birlashtirilib, yiriklashtirilgan edi.
Sadir Japarovning so‘zlariga ko‘ra, ayrim qishloqlar aholisi bu o‘zgarishlardan norozilik bildirgan bo‘lsa-da, umumiy olganda birinchi bosqich juda muvaffaqiyatli o‘tgan. Endilikda hukumat aynan shu ijobiy tajribaga tayangan holda, tuman va viloyatlarni ham to‘liq tugatishdek mas’uliyatli va tarixiy qadamni tashlamoqchi.





