«Raqamli botqoq» yoxud mahalliy ishlab chiqaruvchilarni inqirozga yetaklayotgan ichimliklar markirovkasi
O‘zbekiston iqtisodiyotida turli xil eksperimentlar va «innovatsion» islohotlar, odatda, ezgu maqsadlar — xufiyona iqtisodiyotni qisqartirish, soliq tushumlarini oshirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish shiori ostida boshlanadi. Biroq, amaliyot ko‘pincha qog‘ozdagi chiroyli rejalardan keskin farq qiladi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarga muammolar yaratish bilan tugamoqda.
© SI asosida yaratilganJoriy yilning 1-aprelidan boshlab suv va alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchilari uchun majburiy etib belgilangan «agregatsiya» (yirik tovar partiyalarini raqamli kuzatish) tizimi buning yaqqol isbotidir.
Garchi bu qadam bozorni shaffoflashtirish vositasi sifatida taqdimot qilgan bo‘lsa-da, bugungi kunda bu tizim mahalliy biznes vakillarining bo‘ynidagi sirtmoqqa aylanib ulgurdi. Ishlab chiqarish tezligining pasayishi, mantiqsiz darajada katta moliyaviy xarajatlar va logistikadagi kollaps oqibatida, butun bir sanoat jar yoqasiga kelib qoldi. Eng yomoni, ushbu «raqamli botqoq»ning butun moliyaviy yuki oxir-oqibat oddiy iste’molchilar — bizning cho‘ntagimizga tushmoqda.
Markirovka va Agregatsiya o‘zi nima? Ideal va Reallik to‘qnashuvi
Muammoning mohiyatini tushunish uchun, avvalo, murakkab moliyaviy va texnik atamalarni soddalashtirib olsak. Raqamli markirovka va agregatsiya qanday ishlashi kerak edi?
Ideal holatda: Ishlab chiqaruvchi zavoddan chiqayotgan har bir suv yoki sharbat idishiga maxsus QR-kod (Asl Belgisi) yopishtiradi. Yuzlab idishlar bitta qutiga (blokka), qutilar esa poddonlarga (palletlarga) joylanib, ularga ham umumiy kod uriladi — bu agregatsiya deb ataladi. Yuk mashinasi zavoddan chiqib, ulgurji savdoga (distribyutor) kelganda kodlar skaner qilinadi va tizimda tovarning egasi o‘zgaradi. So‘ng, mahsulot chakana savdo do‘koniga yetib borgach, do‘kondor ham uni tizim orqali qabul qilib oladi. Eng oxirida, xaridor suvni sotib olayotganda kassada skaner qilinadi va ushbu kod tizimdan butunlay o‘chadi. Sirtdan qaraganda juda zamonaviy va benuqson tuzilma, shunday emasmi?
Real holatda esa vaziyat mutlaqo boshqacha. O‘zbekiston bozorining o‘ziga xos xususiyati shundaki, bizda savdoning 90 foizi yirik supermarketlarda emas, balki odatiy bozorlar, mahallalardagi kichik do‘konlar va do‘konchalarda amalga oshiriladi. Bitta yuk mashinasi kun davomida 40 ta ana shunday mayda do‘konga mol tarqatadi. Minglab blok ichimliklar ichidan «falon do‘konga aynan falon kodli suv tushishi kerak» degan majburiy talab logistikani butunlay barbod qilmoqda.
Bunga O‘zbekistondagi elektr energiyasi va internet tarmog‘idagi muntazam uzilishlarni qo‘shsangiz, manzara yanada oydinlashadi. Mahalladagi kichik do‘kondor (ko‘pincha oilaviy biznes bo‘lib, kassada bitta odam o‘tiradi) har bir suvni qabul qilish uchun skaner qidirib, internet ishlashini kutib o‘tiradigan darajada texnik tayyorgarlikka va ortiqcha vaqtga ega emas.
Iste’molga yaroqlilik muddati o‘tgach, markirovkalangan mahsulotning aylanmadan chiqarish muammosi ham bor hali — «Asl Belgisi»da kodlar avtomatik muomaladan chiqariladi, «MySoliq»da esa korxonalar bu kodlarni o‘zlari bittalab o‘chirib chiqishlari kerak.
Biznes faryodi: Millionlab dollarlik xarajat, pasaygan tezlik va uzilgan eksport
Gazeta.uz nashri ushbu muammo ko‘lamini anglash uchun bozorning yirik o‘yinchilari — alkogolsiz ichimliklar va suv ishlab chiqaruvchi kompaniyalar vakillari bilan bog‘langan (mavzuning o‘ta nozikligi va bosimlar xavfi sababli ularning nomlari sir saqlandi). Ular keltirgan raqamlar va faktlar sog‘lom aqlni shoshirib qo‘yadi.
Moliyaviy zarba: Markirovka tizimiga o‘tish biznes uchun tekinga tushmadi. Yillik ishlab chiqarish hajmi 30 million litrdan oshadigan kompaniya vakilining ta’kidlashicha, faqatgina uskunalarni sotib olish va o‘rnatish uchun 300 mingdan 500 ming dollargacha mablag‘ sarflangan. Bundan tashqari, kodlarning o‘zi ham pullik. Ishlab chiqaruvchi har bir kod uchun oldindan to‘lov qiladi. Texnik xizmat ko‘rsatuvchi integratorlarga esa har oy kamida 3000 dollar atrofida to‘lov qilish majbur qilingan.
Logistika va tezlikdagi kollaps: Zavodlardagi konveyer liniyalari suv va sharbatlarni yuqori tezlikda qadoqlashga mo‘ljallangan. Markirovka uskunalarining tez-tez buzilishi, dasturiy ta’minotdagi nosozliklar (ba’zan CRPT Turon tizimi ishlamay qoladi) oqibatida ishlab chiqarish samaradorligi 20 foizdan ko‘proqqa tushib ketgan.
Eng katta fojia esa ko‘chada — tarqatish jarayonida yuz bermoqda.
«Ilgari bitta haydovchimiz-dostavkachi kuniga 40 ta do‘konga bemalol mol tarqatar edi. Hozir u bu vaqtning yarmini do‘kondor bilan birga kodlarni skaner qilish, tizimdagi xatoliklarni to‘g‘irlash va tortishishga sarflamoqda. Natijada, kuniga bor-yo‘g‘i 20 ta do‘konga ulguryapmiz. 10 ta yuk mashinasidan 8-9 tasi skanerdagi xatolik sababli molni do‘konga topshira olmay, zavodga qaytib kelmoqda», — deydi yirik ishlab chiqaruvchilardan biri.
Temir yo‘l vagonlari orqali mahsulot jo‘natish esa umuman ilojsiz ishga aylangan, chunki furadan vagonga va vagondan yana furaga mahsulotni ortishda yuz minglab kodlarni qaytadan «agregatsiya» qilishning imkoni yo‘q.
Eksportdagi inqiroz: Davlat rahbariyati har doim eksportni oshirishga chaqiradi. Ammo markirovka tizimi bunga ham bolta urmoqda. Xorijiy xaridorlar O‘zbekistonning ichki bozori uchun mo‘ljallangan QR-kodlarini o‘z mahsulotlarida ko‘rishni istamaydi. Ular o‘zlarining kodlari yopishtirilishini talab qiladi. Tizim esa kodsiz tovar chiqarishga ruxsat bermaydi. Ikkita kodni ustma-ust yopishtirish esa skanerlashda muammo tug‘diradi. Natijada, xorijiy hamkorlar shartnomalarni bekor qila boshlashgan.
Bu keraksiz va qo‘shimcha choralar ortidan narxlar oshishi muqarrar:
«Biz qo‘shimcha ishchilar yolladik, logistika cho‘zildi, uskunalarga pul sarfladik. Oddiy matematika: bu xarajatlarning barchasi mahsulot tannarxiga qo‘shiladi. Biz do‘kon peshtaxtasidagi oddiy suv yoki sharbat narxini kamida 1000 so‘mga qimmatlashtirishga majbur bo‘lyapmiz. Bu esa savdoning tushib ketishiga olib keladi», — deb kuyunadi tadbirkor.
Xalqaro tajriba: Nega butun dunyo bu tizimdan voz kechgan?
Xo‘sh, butun dunyoda bu tizim qanday ishlaydi? UzBev (O‘zbekiston ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi) rahbari Alfiya Musinaning Gazeta.uzʼda keltirilgan fikrlari vaziyatning qanchalik absurd ekanligini ko‘rsatib beradi.
«Bizning hukumat ushbu tizimni Rossiyadan ko‘r-ko‘rona ko‘chirib oldi. Biroq, Rossiya bozori bilan O‘zbekiston bozori o‘rtasida osmon bilan yercha farq bor. U yerda asosiy savdo yirik, tizimlashgan riteyl (supermarketlar tarmog‘i) orqali amalga oshadi, ularda hamma narsa avtomatlashgan. Bizda esa yuqorida aytilganidek, bozorning 90 foizi — bu hech qanday elektron hisob-fakturasiz, naqd pulga ishlaydigan 85 mingdan ortiq mayda savdo nuqtalaridir», — deydi Musina.
Jahon tajribasiga nazar tashlasak, ichimliklar uchun majburiy raqamli markirovka tizimi deyarli hech qayerda muvaffaqiyatli ishlamagan:
Braziliya bunday qonunni qabul qilib, ikki yil qiynalgach, oxiri uni bekor qilgan.
Turkiya texnik jihatdan buni amalga oshirish imkonsizligini anglab, qonunni bekor qilgan.
Saudiya Arabistoni pilot loyihasini boshlab, hech qaysi texnik provayder muammoni yecha olmagach, bezakogol ichimliklarni bu ro‘yxatdan chiqarib tashlagan.
Bangladesh esa butunlay pragmatik yo‘l tutdi: hukumat hisob-kitob qilib ko‘rdi va markirovkadan tushadigan foydadan ko‘ra, iqtisodiyot ko‘radigan zarar (budjet yo‘qotishlari) ming chandon ko‘pligini tushunib, loyihani rad etdi.
Rossiyadagi mavjud tizim ham juda ko‘plab texnik murakkabliklar va noaniqliklarga ega.
Nima uchun biz internet tez-tez uzilib turadigan va chiroq o‘chib turadigan hududlarimizda, jahonning eng yirik iqtisodiyotlari eplay olmagan tizimni majburiy qilmoqchimiz? Boz ustiga, bu tizim kontrafakt (qalbaki mahsulot)ga qarshi kurash uchun o‘ylab topilgan edi. Ammo suv va sharbatlarni qalbakilashtirish iqtisodiy jihatdan umuman befoyda (birgina qadoqlash liniyasi 3 million yevro turadi). Alkogol yoki tamaki mahsulotlarida kontrafakt bor, lekin oddiy suvda bu ko‘rsatkich nolga teng. Chunki odamlar qaysi suvni xarid qilib ichishni juda yaxshi bilishadi, bir marta yoqmagan suvni qaytib xarid qilishmaydi. Demak, tizim umuman mavjud bo‘lmagan muammo bilan kurashmoqda.
Absurd jarimalar: halol ishlashga emas, xufiyona iqtisodiyotga undovchi qamchi
Bu mashmashalardagi eng kulminatsion nuqta — bu jazo choralari. Davlat tizimni joriy qilgach, unga amal qilmaganlik uchun shunday jarimalar o‘ylab topganki, bu har qanday tadbirkorning qonini muzlatib yuboradi.
Soliq maslahatchisi Murod Muhammadjonov bu jarimalarning matematikasini va mantiqsizligini tushuntirib berdi. Soliq kodeksiga ko‘ra, markirovka qoidalarini buzganlik uchun korxonaning oxirgi chorakdagi sof tushumidan (foydasidan emas, aynan tushumidan) 2 foiz, bir yil ichida takrorlansa 20 foiz miqdorida jarima undiriladi.
Buni oddiy tilda tushuntiramiz: Siz halol va shaffof ishlovchi yirik zavodsiz. O‘tgan chorakda 100 milliard so‘mlik mahsulot sotdingiz (shundan foydangiz balki 5 milliarddir, qolgani xarajat). Logistika jarayonida minglab qutilar ichidan bitta dona sharbat idishi yo‘qolib qoldi yoki unga yopishtirilgan QR-kod nakleykasi tushib qoldi. Kassada kamomad chiqdi. Tamom! Siz birinchi safar 2 milliard so‘m, ikkinchi safar esa 20 milliard so‘m jarima to‘laysiz.
Bitta tushib qolgan qog‘oz parchasi uchun 20 milliard so‘m jarima to‘lash — bu korxonani kafolatlangan tarzda kasod bo‘lish va yopilishga olib keladi.
Murod Muhammadjonovning ta’kidlashicha, inson omili sababli bu tizimda xato qilish ehtimoli 99 foizga teng. Bunday absurd jarima tadbirkorni «oqqa chiqishga» undamaydi. Aksincha, unga: «Halol ishlama, tushumlaringni yashir, yo‘qsa bitta xato uchun bor-yo‘g‘ingdan ayrilasan», degan signalni beradi. Tadbirkorlar jarima summasini kamaytirish uchun savdoni yana xufiyona tarzda, naqd pulda amalga oshirishga majbur bo‘lmoqda. Tizim o‘z maqsadiga teskari ishlayapti.
Iqtisodchi fikri: Tovonni kim to‘laydi?
Butun boshli sanoatni izdan chiqarayotgan bu holatga mustaqil ekspertlar qanday baho bermoqda? Taniqli iqtisodchi Yuliy Yusupov vaziyatni juda keskin, ammo haqqoniy baholadi:
«Bu bizning ma’muriy-boshqaruv tizimimizdagi ahmoqgarchilikning navbatdagi ko‘rinishidir. Yoki men nohaqdirman. Balki bu ahmoqgarchilik emas, balki qudratli shaxslarga monopol holatdan pul ishlashga xalaqit berayotgan bizneslarni yo‘q qilish va yangi korrupsion «oxurlar» yaratishning ongli amaliyotidir... Ayting-chi, 20 foizlik tushumdan olinadigan jarimadan boshqa qanday mantiq topish mumkin? Men ko‘rmayapman. Biz yana mamlakatimiz iqtisodiyotiga qandaydir xususiy investitsiyalarni kutyapmizmi?..»
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki: Raqamli markirovka va agregatsiya tizimi faqatgina zavod direktorlarining yoki distribyutorlarning muammosi emas. Texnik xizmat ko‘rsatishga ketayotgan millionlab dollarlar, chegarada qaytib kelayotgan eksport, yo‘lda kunlab qolib ketayotgan yuk mashinalari, vayron bo‘layotgan asablar — bularning barchasi oxir-oqibat mahsulot tannarxiga qo‘shiladi.
Siz, oddiy iste’molchi, yozning jaziramasida chanqab, ko‘chadagi do‘kondan bir baklajka suv yoki farzandingizga kichkina qadoqdagi sharbat sotib olayotganingizda, aslida o‘zingiz bilmagan holda ishlamayotgan, mantiqsiz va befoyda byurokratik tizimning xarajatlarini o‘z cho‘ntagingizdan to‘lamoqdasiz. Ya’ni, iste’molchi sifatida «homiylik» qilmoqdasiz.
Yaqinda Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va Soliq qo‘mitasi vakillari tadbirkorlar bilan uchrashuvda vaziyat o‘nglanmaguncha «vaqtincha jarima qo‘llamaslikni» og‘zaki tarzda va’da qilishdi. Ammo biznes og‘zaki va’dalar bilan emas, qonuniy-huquqiy kafolatlar asosida ishlaydi.
Toki ushbu absurd talablar va jarimalar qonunchilik darajasida bekor qilinmas ekan, O‘zbekistonning ichimliklar bozori «raqamli botqoq»qa botishda davom etaveradi.
Savol esa ochiq qolaveradi: hukumat bozor va iste’molchi manfaatini tanlaydimi yoki samarasiz tizimning illyuziyasini?





