Uzcard yoki HUMO: 2025 yilda qaysi biri ko‘proq foyda qildi?

Bugun 17:583 daqiqa

2025-yil yakunlariga ko‘ra Uzcard va Humo to‘lov tizimlari yirik moliyaviy natijalarni qayd etdi, ikki kompaniya o‘rtasidagi foyda farqi esa sezilarli darajada ajralib turibdi.

Uzcard yoki HUMO: 2025 yilda qaysi biri ko‘proq foyda qildi?

O‘zbekistonning ikki yirik milliy to‘lov tizimi — Uzcard va Humo 2025-yil yakuni bo‘yicha moliyaviy natijalarini e’lon qildi.

HUMO 312 mlrd so‘mdan ortiq sof foyda qildi

Humo to‘lov tizimi 2025-yil yakunlariga ko‘ra 312,5 mlrd so‘m sof foyda qayd etdi.

Sof foyda 2024-yildagi 168,3 mlrd so‘mga nisbatan qariyb 85 foizga oshgan. Bu esa Humo tizimi orqali amalga oshirilayotgan operatsiyalar hajmi va xizmatlarga bo‘lgan talab sezilarli darajada kengayganini ko‘rsatadi.

Kompaniyaning asosiy faoliyatidan olinayotgan foyda 310,3 mlrd so‘mga yetgan bo‘lib, operatsion samaradorlik yuqori darajada saqlangan.

2025-yilda kompaniyaning umumiy tushumi 628,9 mlrd so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, mahsulot va xizmatlar tannarxi 214,9 mlrd so‘mni tashkil qilgan bo‘lib, natijada yalpi foyda 414 mlrd so‘mga yetgan. Ma’muriy xarajatlar 60,7 mlrd so‘mni, boshqa operatsion xarajatlar esa 42,8 mlrd so‘mni tashkil etgani hisobotda qayd etilgan.

Moliyaviy faoliyatdan tushgan daromadlar 18 mlrd so‘m atrofida bo‘lgan. Asosan, bu foiz daromadlari hissasiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, moliyaviy xarajatlar nisbatan past — 739 mln so‘m darajasida saqlangan.

Kompaniya aktivlari yil davomida sezilarli o‘sib, 714,3 mlrd so‘mga yetdi. Bu 2024-yilga nisbatan keskin o‘sishni anglatadi. O‘z kapitali esa 625,6 mlrd so‘mga qadar oshgan bo‘lib, kompaniyaning moliyaviy barqarorligi va ichki resurslari mustahkamlanayotganini ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, foyda solig‘i yuki kamaygan. 2024-yilda 31 mlrd so‘mdan ortiq soliq to‘langan bo‘lsa, 2025-yilda bu ko‘rsatkich 15,2 mlrd so‘mga tushgan.

Uzcard 1,3 trln so‘m sof foyda qilgan

«Yagona umumrespublika protsessing markazi» — Uzcard to‘lov tizimi 2025-yilda 1,3 trln so‘m sof foyda olishga erishdi. Bu haqda kompaniyaning yil yakuni bo‘yicha moliyaviy hisobotida ma’lum qilindi.

Uzcard foydasi dollarda hisoblanganda 103,8 mln dollarni tashkil qildi. Sof foyda 2024-yildagi 955 mlrd so‘mga nisbatan qariyb 37 foizga ko‘paygan.

Kompaniya daromadi 2025-yilda 68 foizga oshib, 2,2 trln so‘mgacha ko‘tarildi. Daromadning asosiy qismi quyidagi manbalardan shakllangan: tranzaksiyalar protsessingidan olingan komissiyalar — 1,94 trln so‘m, tranzaksion bo‘lmagan protsessing komissiyalari — 230,6 mlrd so‘m, boshqa tushumlar esa 2,6 mlrd so‘mni tashkil etdi.

Yil davomida Uzcard aktivlari 48 foizga o‘sib, 1,1 trln so‘mga yetdi. Kapital esa 37 foizga ko‘payib, 809 mlrd so‘mni tashkil qildi.

Shunga qaramay, foyda solig‘i kamroq to‘lanmoqda. 2024-yilda 6,39 trln so‘mlik soliq to‘langan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich 6,18 trln so‘mgacha tushgan. Bunga Uzcard’ning IT Park rezidenti sifatida berilgan qator imtiyozlardan foydalanayotgani sabab bo‘lgan.

Moliyaviy hisobot dunyodagi yetakchi auditorlik kompaniyalari — «Katta to‘rtlik» tarkibiga kiruvchi Ernst & Young (EY) tomonidan auditdan o‘tkazilgan.

Sof foyda bo‘yicha Uzcard O‘zbekistondagi deyarli 90 foiz bankka nisbatan ko‘proq foyda olgan. Kompaniyadan faqat «Milliy bank», «SQB», «Kapitalbank» va «Hamkorbank» yuqoriroq natija qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2025-yil davomida bir qator yirik xususiylashtirishlar va mahalliy sotuvlar amalga oshirilgani haqida bitimlar jamlanmasi taqdim etilgan edi.

Teglar

Mahliyo Hamidova

Mahliyo HamidovaMaqolalar soni: 104

Barchasi

Mavzuga oid