«Rossiya O‘zbekiston ichida ham urush targ‘ibotini olib bormoqda, lekin nega mas’ullar jim?» — huquqshunos

Bugun 18:033 daqiqa

Migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert, yurist Botirjon Shermuhammad Vaqt.uz saytiga bergan intervyusida Rossiyaning urushga odam yollash bo‘yicha targ‘iboti O‘zbekiston ichida ham bemalol olib borilayotgani, lekin holat mas’ullar tomonidan e’tiborsiz qoldirilayotganini keskin tanqid qildi. Uning fikricha, Rossiyaning qator sayt va ijtimoiy tarmoqlari orqali mamlakat ichida qilinayotgan targ‘ibot va e’lonlar davlat xavfsizligiga bevosita tahdid, lekin ular javobgarliksiz qoldirilmoqda.

Targ‘ibot mashinasi va mas’ullar sukuti

«Hozir O‘zbekiston hududida chetdagi biror-bir harbiy harakatlarga yollanish e’lonlarini qo‘yish noqonuniy, to‘g‘rimi? Noqonuniy, albatta. O‘zbekistonda ko‘pchilik foydalanadi, deylik, mail.ru pochtasi bor. Uni mobil dasturidan yoki saytdan kirishingiz mumkin. Toshkentdan turib, O‘zbekistondan turib kirishingiz mumkin. VKontakte yoki Odnoklassniki kabi tarmoqlar bor. Hozir Rossiyaga tegishli bo‘lgan mana shunaqangi platformalarda ochiqchasiga urushga yollash, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish haqida e’lonlar berib borilyapti.

Uni men hatto ekran tasvirlarini olganman va u yerda shartnoma orqali 2 million 700 ming rubl, 3 million rubl pul ishlab olish mumkinligi yozilgan.

Tasavvur qiling, hozirgi kunda texnologiyalar orqali har qanday e’lonni, materialni davlatga qaratib cheklash va boshqa imkoniyatlari bor. O‘zbekiston hududida ham. Hozir agar men biror joyda shunday e’lon qo‘ysam, bir pastda, masalan, menga kelishadi, huquqiy chora ko‘riladi. Xo‘sh, nega Rossiya tomoniga emas?» — dedi huquqshunos.

Davlat xavfsizligi va kechikayotgan cheklovlar

Botirjon Shermuhammadning misol keltirishicha, masalan, O‘zbekistonning biror vatandoshi internet va ijtimoiy tarmoqlarda qandaydir g‘ayriqonuniy harakat qilsa, e’lon joylashtirsa, javobgarlikka tortiladi, lekin Rossiyaning ommaviy ravishda urush targ‘iboti davlat xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xavf bo‘lsa-da, chora ko‘rilmayapti, hech qanday reaksiya yo‘q.

«Gap shunda, ko‘ryapsizmi? Mana TikTok’ni blokladik-a? Tarbiyaga, boshqaga ta’siri katta dedik. Lekin TikTok’da hech kim hech kimni urushga jalb qilayotgani yo‘q edi. Lekin hozir Rossiyaning turli sayt va tarmoqlari orqali O‘zbekiston fuqarolari bemalol urushga jalb qilinyapti. Nega biz unga chora ko‘ra olmaymiz? Bloklash va kerak bo‘lsa sayt va tarmoq rahbarlariga chora ko‘rish kerak emasmi? Ular hech bo‘lmasa O‘zbekiston hududida bunaqangi ommaviy targ‘ibotini qilmasin.

O‘zim, masalan, bu kabi postlarni Oliy Majlisdagi deputatlarga yubordim, amaldorlarga ham yuborganman, o‘sha Migratsiya agentligining jamoatchilik kengashining guruhiga ham yuborganman. Ya’ni bu narsalar haligi odamlar bilmaganligi uchun emas, bilib turibdi, hamma bilib turibdi. Faqat chora yo‘q, hech qanday reaksiya yo‘q. Ya’ni biz hech bo‘lmasa o‘z mamlakatimizda, agar biz suveren davlat bo‘lsak, shunga qarshi kurashaylik», — dedi u.

Rossiyadagi huquqiy bosim va O‘zbekiston hukumatиniнг vazifasi

Huquqshunos shuningdek, Rossiyada ayni vaqtda amalda bo‘lgan urush targ‘iboti o‘ta kuchaytirilgan sharoitda ishlayotgani, bunday paytda O‘zbekiston hukumati Rossiyadagi vatandoshlariga yordam ko‘rsatishi shartligini ta’kidladi.

«Hozir Rossiyada shunday vaziyatki, unga ko‘ra, biror-bir jinoyatda ayblanayotgan shaxsga surishtiruvda, sudda va suddan keyin ham Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzish taklifi bildirilmoqda. Bu hatto qonunchilikka ham kiritilgan amaliyot. Jinoyatda ayblanayotgan yoki aybi isbotlangan shaxs urushga borishga rozilik bildirsa, u jazodan qutuladi.

Bunday paytda oddiy mehnat muhojiri nima qilsin? U yerda shuningdek, hisobot uchun ham jinoyatchi topish tizimi ishlab turibdi-ku. Ya’ni shularni hisobga olib ham hukumat iloji boricha tezroq Rossiya bilan mahkumlarni vatanda jazo o‘tashini ko‘zda tutuvchi shartnoma imzolashi lozim.

Nima, O‘zbekistonning 5–10 ming vatandoshini qaytarib kelishga puli qolmaganmi? O‘zi shu yerda boqa olmaydimi ularni? Shunaqangi bir kambag‘al ahvolga tushib qolganmizmi? Nahotki 10 ming odamni O‘zbekistonga olib kelib, O‘zbekiston qamoqxonalarida saqlay olmasak? Shunga qarab qolgan agar davlat bo‘lsa, bilmadim endi. Agar shunga imkoniyati bo‘lmasa, aytsin ochiqchasiga, biz bir narsa qilib, xalqimizdan pul yig‘ib bo‘lsa ham imkoniyat qilib beraylik», — dedi Botirjon Shermuhammad.

 Dasturni to‘liq holda ushbu havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

 

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 68

Barchasi

Mavzuga oid